Iqbol Soliyev Ozarboyjonda ushlangani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Avvalroq «Qo‘qonlik tabib» Ozarboyjonda mahalliy politsiya tomonidan ushlangani haqida xabar berilgan edi.

«Qo‘qonlik tabib» nomi bilan tanilgan Iqbol Soliyev Ozarboyjonda ushlangani haqida ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlarni rad etdi. U mazkur ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytib, bunday xabarni tarqatgan blogerlar va OAV ustidan tegishli tashkilotlarga murojaat qilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Ozarboyjon matbuoti mamlakat Ichki ishlar vazirligiga tayanib, Bokudagi klinikalardan birida yuz bergan holat haqida xabar tarqatgan edi. Unga ko‘ra, Soliyevning qabullariga kirish uchun katta navbat to‘planib, tartibsizlik yuzaga kelgan. Huquq-tartibot idoralari vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida uni ushlagani aytilgan. Mazkur xabar qisqa vaqt ichida o‘zbek media makonida ham keng tarqaldi.
Iqbol Soliyev esa ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatida bu ma’lumotlarni inkor etdi. U o‘z chiqishida jurnalistlar va blogerlarga murojaat qilib, tarqatilgan xabarlar asossiz ekanini ta’kidladi.
«Qachon meni politsiya Ozarboyjonda olib kirib qamab qo‘ydi? Shu savolimga javob beringlar. Men Ozarboyjonda seans o‘tkazgan bo‘lsam, xalqning ichida seans o‘tkazdim, Allohdan so‘rab davolashga harakat qildim. Senlar qachon ko‘rding meni politsiya, o‘sha yerdagi rahbariyat bilan muammo bo‘lganini? Qaysi tashkilot yo‘limni to‘sdi? Isbotini aytinglar», – degan u o‘z murojaatida.
Soliyevning ta’kidlashicha, u hozirda O‘zbekistonda, o‘z uyida bo‘lib, mazkur holat yuzasidan rasmiy idoralarga murojaat qilishini ma’lum qildi.





