Islomiy banklar faoliyati uchun yangi talablar belgilanmoqda
O‘zbekiston Markaziy bank islomiy banklar faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekiston Markaziy banki islomiy bank faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydigan qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Hujjat mamlakatda islomiy moliya xizmatlarini rivojlantirish va ularni xalqaro standartlar asosida tartibga solishga qaratilgan.
Loyihaga muvofiq, islomiy bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun alohida litsenziya joriy etiladi. Bunday faoliyatni yo‘lga qo‘yishni istagan banklar Markaziy bankdan ruxsat olishi, islomiy moliya kengashini tashkil etishi, maxsus bo‘linma va ichki audit tizimini shakllantirishi lozim bo‘ladi.
Hujjatda birinchi marta «islomiy bank faoliyati» tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda. U bank qonunchiligi hamda islomiy moliya standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan moliyaviy xizmatlarni qamrab oladi.
Qat’iy talablar
Litsenziya olish uchun banklar aksiyadorlar qarori, uch yillik biznes-reja, islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosati, kengash a’zolari haqidagi ma’lumotlar va islomiy operatsiyalar bo‘yicha alohida hisob yuritish imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.
Shuningdek, banklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun binolarda qulay sharoitlar yaratilganini tasdiqlovchi vakolatli organ xulosasi ham talab etiladi.
Markaziy bank litsenziya berish haqidagi qarorni barcha hujjatlar qabul qilinganidan keyin ikki oy ichida qabul qiladi. Litsenziya uchun davlat boji bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi miqdorida belgilanmoqda.
Kengash a’zolari uchun mezonlar
Loyiha bilan Islomiy moliya kengashi instituti ham rasman normativ hujjatlarga kiritilmoqda. Bank rahbarlari, kuzatuv kengashi a’zolari, bosh buxgalter, ichki audit va komplayens bo‘yicha mas’ul shaxslar lavozimga kirishishidan oldin Markaziy bank bilan kelishilishi talab etiladi.
Islomiy moliya kengashining kamida uch nafar a’zosi, jumladan rais va uning o‘rinbosari, islom huquqi yoki islomshunoslik sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi shart. Islomiy bank faoliyati uchun mas’ul rahbar xodim esa moliya yoki islomiy moliya sohasida oliy ma’lumotga hamda AAOIFI (Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti) tomonidan beriladigan xalqaro sertifikatlardan biriga ega bo‘lishi lozim.
2027 yil 1-iyuldan boshlab Islomiy moliya kengashining barcha a’zolari uchun ham AAOIFI sertifikati majburiy bo‘ladi. Shu bilan birga, kengash a’zolarining bank aksiyadori, kuzatuv kengashi yoki boshqaruv a’zosi hamda bank xodimi bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Loyiha bo‘yicha fikr-mulohazalar 12-iyungacha qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 27-mart kuni O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingandi.





