Islomiy moliya keng ommalashmoqda: O‘zbekistonda undan kimlar foydalanmoqda?

Kecha 23:002 daqiqa

I chorakda islomiy moliya xizmatlaridan foydalanish 8 barobarga o‘sdi. Mamlakatda ilk islomiy bank 2027-yilda ochilishi kutilmoqda.

Islomiy moliya keng ommalashmoqda: O‘zbekistonda undan kimlar foydalanmoqda?

2026-yilning I choragida mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi 11,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 8 barobarga oshgan.

Islomiy moliyalashtirish xizmatlari besh qismdan iborat bo‘lib, murobaha, islomiy ijara, muzoraba, salam va mushoraka kiradi.

2025-yilda murobaha mamlakatdagi deyarli barcha islom moliyasi xizmatlarini tashkil qilardi — 99,9 foiz. 2026-yil I choragiga kelib muzoraba (19 foiz) va islomiy ijara (12 foiz) ham sezilarli ommalashishni boshladi. Murobaha ulushi esa 69 foizgacha pasaydi.

1

I chorakda ko‘rsatilgan 11,2 mlrd so‘mlik islomiy moliya xizmatlari 4 ta mikromoliya tashkilotiga to‘g‘ri keldi.

«Apeks Moliya» mikromoliya tashkiloti tomonidan 7 mlrd so‘mlik «Murobaha» va 1,4 mlrd so‘mlik «Islomiy ijara» xizmatlari ko‘rsatildi va u tashkilot bu borada yaqqol yetakchi bo‘ldi.

«Ayol» mikromoliya tashkilotida esa 2,2 mlrd so‘mlik «Muzoraba», «Enterprays Finans» MMTda 670 mln so‘mlik hamda «Biznesni rivojlantirish» tashkilotida 9 mln so‘mlik «Murobaha» shartnomasi doirasida islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatilgan.

2

2025-yil I chorakda yetakchi bo‘lgan «Vodiy taraqqiyot» va «Ansor» mikromoliya tashkilotlari joriy yilda islomiy moliyalashtirish xizmatlarini amalga oshirmadi.

Islom moliyasidan kimlar foydalanmoqda?

Islomiy moliya xizmatlariga hamon yuridik shaxslar eng ko‘p murojaat qilmoqda. Ko‘rsatilgan xizmatlarning qariyb yarmi ularga to‘g‘ri keladi — 5,2 mlrd so‘m.

3

Yakka tartibdagi tadbirkorlar 3,1 mlrd so‘mlik islomiy moliyadan foydalangan bo‘lsa, jismoniy shaxslarda bu ko‘rsatkich 2,9 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Yaqin yillarda islomiy banklar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ysa, jismoniy shaxslar tomonidan islomiy moliya xizmatlaridan foydalanish ko‘payishi kutilmoqda.

Islomiy moliyaning deyarli barchasi Toshkentda

Hududlar kesimida 2026-yilning yanvar–mart oylarida jami ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar Toshkent va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritayotgan mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

4

Bunda Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 3 ta mikromoliya tashkiloti tomonidan jami 10,6 mlrd so‘mlik yoki umumiy islomiy moliya xizmatlarining 94 foizi amalga oshirildi.

Qolgan 6 foizi Namangan viloyatida tashkil etilgan «Enterprays Finans» mikromoliya tashkilotiga to‘g‘ri keldi.

Ma’lumot uchun, 2026-yilning 27-mart kuni O‘zbekistonda islomiy banklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga oid qonun qabul qilingandi.

Avvalroq esa islomiy banklardagi omonatlar davlat tomonidan kafolatlanmasligi ma’lum qilindi.

Markaziy bank bugun, 2-iyun kuni, islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni litsenziyalash tartib-taomillarini belgilab beruvchi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Qonunchilik ishlab chiqiladigan bo‘lsa, kelasi yil O‘zbekistonda birinchi islomiy bank ochilishi kutilmoqda.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 182

Barchasi

Mavzuga oid