add

Italiyadagi shaharga ko‘chib keluvchilarga 30 ming dollar taklif qilinmoqda

16.12.2025 | 20:451852 daqiqa

Aholi qisqarishiga qarshi Radikondoli shaharchasi uy sotib oluvchi va ijarachilarga moliyaviy rag‘bat e’lon qildi.

Italiyadagi shaharga ko‘chib keluvchilarga 30 ming dollar taklif qilinmoqda

Italiyaning Toskana mintaqasida joylashgan Radikondoli shaharchasi aholi soni qisqarib borayotgani sababli yangi ko‘chib keluvchilarni jalb etish uchun keng qamrovli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturini amalga oshirmoqda. Mahalliy hokimiyat tashabbusi shaharda uzoq muddatli yashashni rag‘batlantirish va iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan.

italiya


Dastur ilk bor 2023 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, unga ko‘ra bo‘sh uy sotib olganlarga 20 ming yevrogacha subsidiya ajratilgan. Qo‘shimcha ravishda isitish va transport xarajatlarini qoplash uchun yana 6 ming yevro miqdorida yordam berilgan. Bu choralar shaharda doimiy yashashni istaganlar uchun xarajatlarni sezilarli kamaytirgan.

Endilikda dastur doirasi kengaytirilib, ijarachilar ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2026 yil boshigacha Radikondoliga ko‘chib kelgan yangi ijarachilarning ilk ikki yillik ijara to‘lovining yarmi mahalliy budjet hisobidan qoplab beriladi. Bu esa uy sotib olish imkoniyati bo‘lmaganlar uchun ham shaharga ko‘chib kelishga qiziqtiradi.

Radikondoli Florensiyadan taxminan bir soatlik masofada joylashgan bo‘lib, hozirda shaharda 966 nafar aholi istiqomat qiladi. Jami 450 ta uyning qariyb 100 tasi bo‘sh. Uylar narxi 50 ming yevrodan 100 ming yevrogacha baholanmoqda, ayrimlari ta’mir talab qiladi.

Shahar meri Franchesko Guarguaglinining ta’kidlashicha, 2025 yilda uy xaridi va ijarasini qo‘llab-quvvatlash uchun 400 ming yevrodan ortiq mablag‘ ajratilgan. Shu bilan birga, talabalar, jamoat transportidan foydalanuvchilar va yashil energiyani tanlaganlar uchun ham alohida moliyaviy yordam mexanizmlari joriy etilgan.

Biroq dasturda qatnashish uchun majburiy shartlar mavjud. Uy sotib olganlar kamida 10 yil, ijarachilar esa kamida 4 yil davomida Radikondolida yashashi shart. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dastur joriy etilgandan beri shahar aholisi 900 nafardan 960 nafargacha oshgan.

Teglar

Mavzuga oid