Jahon banki Markaziy Osiyo energetik integratsiyasi uchun 1 milliard dollar ajratadi
Dastur doirasida 9 gigavattgacha «yashil» energiya yagona mintaqaviy tizimga integratsiya qilinishi kutilmoqda.
© asia+Jahon banki rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikda Markaziy Osiyo energetik tizimlarini integratsiya qilishni rivojlantirish uchun taxminan 1 milliard dollar ajratadi. Bu haqda Ostonada o‘tgan ekologik sammit doirasida Jahon bankining mintaqadagi vakili Dmitriy Petrin ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur mablag‘lar REMIT (elektr energiyasi bozorini integratsiya qilish va savdosi) mintaqaviy dasturi doirasida yo‘naltiriladi. Dasturning maqsadi energetik hamkorlikni mustahkamlash va chegaralararo elektr energiyasi uzatishni kengaytirishdan iborat. Mas’ullar ta’kidlashicha, qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilsa, umumiy moliyalashtirish hajmi 2 milliard dollargacha yetishi mumkin.
Yillik savdo 15 gigavatt-soatgacha oshadi
Rejaga ko‘ra, dastur doirasida mintaqada elektr energiyasi savdosi hajmi yillik 9 gigavatt-soatdan 15 gigavatt-soatgacha oshadi. Loyihaning birinchi bosqichi Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni qamrab oladi, kelgusida esa boshqa davlatlarni ham ulash ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu dastur amalga oshirilishi elektr energiyasini uzatish imkoniyatlarini uch baravarga oshiradi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari – quyosh va shamol energiyasidan foydalanish uchun qulay sharoit yaratadi. Kutilmoqdaki, 9 gigavattgacha «yashil» energiya yagona mintaqaviy tizimga integratsiya qilinadi.
15 milliarddan 25 milliard dollargacha daromad
Jahon banki vakili so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi savdosini rivojlantirish mintaqadagi iqtisodiyotga kamida 15 milliard dollar foyda keltirishi mumkin. Shu bilan birga, suv resurslari sohasidagi hamkorlikni yaxshilash har yili 4,5 milliard dollargacha daromad keltirishi ehtimol qilinmoqda.
Biroq asosiy muammo sifatida davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning yetarli emasligi va sifatli ma’lumotlar tanqisligi qayd etilmoqda. Shu bois mintaqaviy tuzilmalarni kuchaytirish va hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish dasturni ilgari surishda muhim shart sifatida qaralmoqda.
Ekspertlar fikricha, 2050-yilga borib energetik integratsiya mintaqadagi iqtisodiyotga 15 milliarddan 25 milliard dollargacha daromad keltirishi mumkin.





