
Jahon banki ta’lim krediti uchun O‘zbekistonga 250 mln dollar ajratdi
Bu mablag‘lar keyingi uch yil ichida 600 mingga yaqin talabaga ta’lim krediti olish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilyapti.

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 250 mln dollar kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar oliy, texnik va kasb-hunar ta’limida talabalarni moliyalashtirish tizimini tubdan yangilashga qaratilgan «EduImkon» dasturiga yo‘naltiriladi. Dastur 2026–2028 yillarda amalga oshirilib, mamlakat bo‘ylab 600 mingga yaqin yosh uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi belgilangan.
Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, ajratiladigan mablag‘larning 80 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. «EduImkon» doirasida kredit arizalarini ko‘rib chiqish tizimi soddalashtiriladi, to‘liq onlayn platforma joriy etiladi hamda vazirlik va idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashuv kuchaytiriladi. Bu orqali kredit ajratish jarayonida tezlik, shaffoflik va tahlil imkoniyatlari oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Dastur doirasida ta’lim kreditlari boshqaruvi va operatsion jarayonlariga oid yangi «yo‘l xaritasi» amalga oshiriladi. Kam ta’minlangan oilalar va xotin-qizlar uchun maxsus yengillashtirilgan mezonlar ishlab chiqiladi, mehnat bozori ehtiyojlariga mos ta’lim yo‘nalishlarini, ayniqsa STEM sohalarini tanlash rag‘batlantiriladi. Shuningdek, daromadiga bog‘liq to‘lovlar tizimini joriy etish orqali o‘qishni tugatgandan keyin vaqtincha ishsiz qolgan talabalarni himoya qilish mexanizmlari sinovdan o‘tkaziladi.
2028 yil oxiriga qadar yangilangan tizimdan oliy ta’lim muassasalari talabalari va kasb-hunar ta’limi o‘quvchilari keng foydalanishi kutilmoqda.
Ta’lim kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishuv asosida ishlaydigan 12 tijorat banki orqali ajratiladi. Bundan tashqari, «EduImkon» dasturi 30 mln dollar xususiy kapitalni jalb qilib, davlat byudjetiga tushadigan yukni qisman kamaytirishi rejalashtirilgan.





