«Jahon chempionati sotilmadi»: Infantinoning JCHni xususiylashtirish g‘oyasi nega barbod bo‘ldi?
FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionati va boshqa musobaqalar ulushlarini xususiy investorlarga sotish bo‘yicha 20 milliard dollarlik rejasi keskin qarshilikka uchradi. UEFA tomonidan musobaqalarga boykot e’lon qilish tahdidi va boshqa konfederatsiyalarning noroziligidan so‘ng FIFA ushbu bahsli loyihani bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Odatda «go‘zal o‘yin» deb ataluvchi futbol 1904 yilda FIFA boshqaruvi boshlanganidan beri mavjud bo‘lgan tartibga tahdid soluvchi xunuk qarama-qarshilik yoqasiga keldi. FIFA prezidenti Janni Infantino boshchiligidagi Jahon chempionati va boshqa musobaqalardagi ulushlarni xususiy investorlarga sotish bo‘yicha taklifi butun dunyoda keskin norozilikka sabab bo‘ldi.
Ushbu reja seshanba kuni oshkor qilingan edi. Undan keyingi kunlarda bu sport turi butun dunyo bo‘ylab OAVning bosh mavzusiga aylandi va boykot tahdidlari sabab futbol dunyosida bo‘linish yuzaga keldi.
FIFAning Jahon chempionati va musobaqalar bo‘yicha takliflari nimalardan iborat edi?
FIFA 1930 yildan beri, faqat Ikkinchi jahon urushi davrini istisno qilganda, Jahon chempionatlarini har to‘rt yilda bir marta o‘tkazib keladi.
Musobaqa ilk turnirdagi 13 ta jamoadan 2026 yilgi Jahon chempionatidagi rekord darajadagi 48 ta jamoagacha kengaydi. 2030 yilgi turnirda bu raqam 64 tagacha ortishi mumkin.
Buning o‘zi ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi, biroq seshanba kuni Infantino Jahon chempionati hamda FIFA Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati kabi boshqa musobaqalardagi kichik ulushlarni xususiy investorlarga sotish taklifini e’lon qildi.
Reja xususiy moliyalashtirishni jalb qiluvchi investitsiya kompaniyasini tashkil etish atrofida tuziladi.
«Thrive Capital» asoschisi Joshua Kushner «Thrive Eternal» deb nomlangan fond orqali taklif etilayotgan investorlar guruhiga boshchilik qilishi kutilgandi. Joshua AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi hisoblanadi.
Infantino tashkilotga a’zo 211 ta assotsiatsiyaga xususiy investitsiyalar taklifini qo‘llab-quvvatlash uchun 19-sentabrgacha muddat berdi.
UEFA FIFA musobaqalariga boykot e’lon qildi
FIFAning rejalariga bildirilgan munosabat o‘ta salbiy bo‘ldi.
Yevropa futboli boshqaruv organi — UEFA payshanba kuni, agar tashkilot musobaqalaridagi ulushlarga xususiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha siyosatidan zudlik bilan voz kechmasa, FIFA va kelajakdagi Jahon chempionatlariga boykot e’lon qilish uchun ovoz berdi.
UEFA tarkibiga 55 ta mamlakat kiradi va qaror bir ovozdan qabul qilindi.
FIFA kabi Shveysariyada joylashgan ushbu tashkilot «futbol uchun bunchalik muhim bo‘lgan taklifning yashirincha tayyorlanganini mas’uliyatsizlik va oqlab bo‘lmaydigan holat» deb atab, o‘z xavotirini bildirdi.
«Jahon chempionatiga investitsiya sifatida qarash mumkin emas. Bu futbolning eng buyuk sport meroslaridan biridir. U har bir qit’adagi o‘yinchilar, terma jamoalar va muxlislar tomonidan avlodlar davomida barpo etilgan. Uning hech bir qismi xususiy investorlarga berib qo‘yilmasligi kerak. Jahon chempionati sotilmaydi», — deyiladi bayonotda.
KONKAKAF ham FIFA taklifini rad etdi
Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi mintaqaviy bloki bo‘lmish KONKAKAF ham payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda FIFA taklifini rad etdi.
Biroq u UEFAning Jahon chempionatlariga boykot e’lon qilish qaroriga to‘liq ergashgani yo‘q (boykot e’lon qilishdan tiyildi).
41 ta a’zo assotsiatsiyadan iborat KONKAKAF taklif atrofidagi tegishli tartib-qoidalarning buzilgani, qisqa muddat belgilangani va FIFAning tegishli boshqaruv organlari tomonidan ko‘rib chiqilmagani hamda tasdiqlanmagani yuzasidan «chuqur xavotir» bildirdi.
Osiyoning FIFA rejalari borasidagi pozitsiyasi qanaqa bo‘ldi?
Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) ham FIFA rejalariga keskin qarshi chiqdi hamda UEFA va KONKAKAF pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi, biroq ular ham boshqaruv organi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarga boykot e’lon qilish uchun ovoz berishdan tiyildi.
«Futbol hech qachon bunday ahvolga solinmasligi kerak edi», — deyiladi OFKning bayonotida.
Infantinoning rejasi bekor qilindi
Keskin noroziliklardan so‘ng FIFA ushbu taklifni davom ettirmasligini ma’lum qildi.
FIFAning rejasi Jahon chempionati va FIFAning boshqa musobaqalarini boshqaradigan, umumiy qiymati 20 milliard dollarga baholangan yangi tuzilmaning taxminan 20 foizlik ulushini sotish orqali 4,2 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilishdan iborat edi.
«Barcha fikrlarni diqqat bilan tinglab, shu narsa ayon bo‘ldiki, loyiha qanchalik qo‘llab-quvvatlanishidan qat’i nazar, u boshida qo‘yilgan maqsad manfaatlariga endi mos kelmaydigan darajada bo‘linishlarni keltirib chiqardi», — dedi FIFA prezidenti Janni Infantino juma kuni kechqurun bergan bayonotida.
«Bizning maqsadimiz har doim birlashtirish va yaxshilash bo‘lib kelgan hamda shunday bo‘lib qoladi. Shu sababli, ushbu taklif davom ettirilmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Undan avvalroq Infantinoning katta maslahatchisi Karlos Kordeyro rejani «futbol uchun yomon kelishuv» deb atab, zudlik bilan iste’foga chiqqan edi.
FIFA direktori Kevin Lamur xodimlar Infantino tomonidan «aldanganini» aytib, taklifni «bir kishining loyihasi» deb ta’rifladi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornem ham Infantino «tashkilotni boshqarish uchun noloyiq odam» ekanligini aytdi.
FIFA prezidenti Infantinoni endi nima kutmoqda?
FIFA rejalariga bildirilgan keskin salbiy munosabat Infantinoning egallab turgan lavozimi borasida darhol savollarni kun tartibiga olib chiqdi.
Shveysariyada italiyaliklar oilasida dunyoga kelgan 56 yoshli mutasaddi JCH-2026 davomida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan aloqalari sababli allaqachon bosim ostida edi.
Tramp AQSH terma jamoasi yulduzi Folarin Balogunga ko‘rsatilgan qizil kartochka bo‘yicha Infantinoga qo‘ng‘iroq qilgandi. Shundan so‘ng diskvalifikatsiya bir yilga muzlatilib, hujumchi o‘z mamlakatining Jahon chempionatidagi navbatdagi o‘yinida maydonga tushish imkoniga ega bo‘lgan edi.
Prezident Tramp juma kuni bergan bayonotida FIFAning tashqi investorlarga ulush taklif qilishi borasida Infantino bilan gaplashmaganini aytdi.
Infantino 2031 yilgacha bo‘lgan oxirgi muddatga qayta saylanish uchun o‘z nomzodini qo‘yishi kerak va AQSH, Kanada hamda Meksika mezbonlik qilgan so‘nggi Jahon chempionati muvaffaqiyatidan so‘ng unga hech kim raqiblik qilmasligi kutilayotgan edi.
Biroq FIFAning taklifidan so‘ng Infantinoning roli borasida ochiqchasiga bo‘lmasa-da, muayyan savollar yuzaga kelib ulgurgan.
Infantinoning o‘rniga da’vogarlik qila oladigan haqiqiy nomzodlar bormi?
Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) Infantinoning 11 yillik prezidentligi davrida uning asosiy ittifoqchisi bo‘lib kelgan edi, ammo uning xususiy investitsiyalar rejasiga qarshi bayonotida FIFA boshqaruv uslubini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishi kerakligi tavsiya qilindi.
«[Rejalar] FIFAning maslahatlashuv va qaror qabul qilish jarayonlaridagi fundamental kamchiliklarni yuzaga chiqardi va bu muammolar endi bartaraf etilishi kerak. Shunga ko‘ra, OFK FIFAni o‘z boshqaruvi va qaror qabul qilish tizimini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga chaqiradi», — deyildi OFK bayonotida.
OFKning ko‘p yillik prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Xalifa 2016 yilgi FIFA prezidentligi saylovida Infantinoga juda kam farq bilan yutqazgan edi.
Bahraynlik mutasaddi FIFA rejalari «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» holat ekanini aytdi.
Shuningdek, Shimoliy Amerika futboli rahbari Viktor Montalyani kelasi yilning mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Infantinoga raqib sifatida maydonga chiqishi mumkinligi aytilmoqda.
Infantino aprel oyida FIFA prezidentligiga to‘rtinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qilgan edi. Saylov kelasi yilning 18-martida Marokashda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
211 ta a’zo o‘rtasida o‘tkaziladigan ovoz berish jarayoni uchun ehtimoliy nomzodlar o‘z arizalarini topshirishining oxirgi muddati — 18-noyabr.





