
Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Seul sudi sobiq prezidentni harbiy holatni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq ishda aybdor deb topdi.

2026 yil 16-yanvar kuni Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Seul markaziy tuman sudi tomonidan chiqarilgan mazkur qaror unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar bo‘yicha ilk sud hukmi sifatida e’lon qilindi.
Sud materiallariga ko‘ra, Yun Sok Yol 2024 yil dekabr oyida mamlakatda qisqa muddatli harbiy holat joriy etish orqali vakolatlarini suiiste’mol qilgan. Ayblov xulosasida u tergov organlarining uni hibsga olishga qaratilgan harakatlariga qasddan to‘sqinlik qilgani qayd etilgan.
Prokuratura ma’lumotlariga asosan, sobiq prezident Konstitutsiyaga putur yetkazish maqsadida isyon uyushtirish uchun bir guruh mansabdor shaxslar, jumladan, sobiq mudofaa vaziri bilan til biriktirgan. Tergovchilar ular urush yoki shunga teng milliy favqulodda holat mavjud bo‘lmaganiga qaramay, noqonuniy ravishda harbiy holat e’lon qilgan, degan xulosaga kelgan.
Sud qarorida harbiy holatni joriy etish davlat boshqaruvi tizimiga jiddiy xavf solgani, fuqarolik erkinliklariga tahdid yuzaga keltirgani ta’kidlandi. Shu bois mazkur jinoyatlar og‘ir ijtimoiy xavfga ega, deb baholandi.
Bir necha kun avval Janubiy Koreya prokuraturasi mazkur ish doirasida Yun Sok Yol uchun eng og‘ir jazo — o‘lim jazosini talab qilgan edi. Sud esa hozircha birinchi instansiya doirasida besh yillik qamoq jazosi bilan cheklandi. Hukm ustidan shikoyat berish ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Avvalroq Janubiy Koreya prokuraturasi Yun Suk Yolni KXDRni qasddan qo‘zg‘atib, harbiy holat joriy etish orqali hokimiyatni egallashga urinishda ayblayotgan edi.





