Logo

JCH-2026: Favoritlar ro‘yxati va O‘zbekistonning «qora ot» bo‘lish imkoniyati

Bugun 20:258 daqiqa

Mundial startiga sanoqli kunlar qoldi. Turnir formati o‘zgardi, raqobat esa kuchaydi. 32 ta jamoa qatnashadigan pley-off bosqichida kimlar «jon saqlab qoladi»?

JCH-2026: Favoritlar ro‘yxati va O‘zbekistonning «qora ot» bo‘lish imkoniyati © Michael Regan - FIFA / Contributor / FIFA / Gettyimages.ru

Bu yilgi Jahon chempionatida rekord darajadagi 48 ta jamoa ishtirok etadi. Musobaqaning birinchi (guruh) bosqichi esa 12 ta guruhga bo‘lingan.

O‘n ikkita saralangan jamoa (shu jumladan, uchta mezbon davlat va reytingi eng yuqori bo‘lgan sakkizta mamlakat) guruhlar bo‘ylab taqsimlangan. FIFA reytingida eng yuqori pog‘onani egallab turgan to‘rtta jamoa — Ispaniya, Argentina, Fransiya va Angliya — tennis turnirlaridagi kabi pley-off setkasining turli bo‘limlariga joylashtirildi.

FIFAning ma’lum qilishicha, ushbu to‘rtta eng kuchli davlat o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egallasa, to yarim finalga qadar o‘zaro to‘qnash kelmaydi.

Har bir guruhdan eng yaxshi natija qayd etgan ikkita jamoa avtomatik ravishda 1/16 finalga (32 ta jamoa qatnashadigan pley-off bosqichiga) yo‘l oladi. Ularga eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 8 ta uchinchi o‘rin sohiblari ham qo‘shiladi.

«Al Jazeera» nashri tomonidan guruhlar eng murakkabidan eng osoniga qarab reytingga joylashtirildi va har bir kvartetdan keyingi bosqichga chiqish imkoniyati yuqori bo‘lgan ikkita favorit tanlandi.

I guruhi: Fransiya, Senegal, Iroq, Norvegiya

Bu yilgi Jahon chempionatidagi «o‘lim guruhi» maqomiga aynan I guruhi da’vogarlik qilmoqda. Chunki bu yerdan joy olgan to‘rtta jamoa FIFA reytingi bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ko‘rsatkichga ega.

Fransiya chempionlik unvonini qo‘lga kiritish uchun asosiy favoritlardan biri hisoblanadi. Senegal esa Afrikaning eng kuchli vakillaridan biridir.

Erling Xoland yetakchiligidagi Norvegiya terma jamoasi kutilmagan va sensatsion natija ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jamoa hisoblansa, yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun saralashda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan Iroq ham osonlikcha taslim bo‘lmasligi aniq.

  • Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Fransiya va Senegal.

F guruhi: Niderlandiya, Yaponiya, Shvetsiya, Tunis

Dunyo bo‘yicha o‘rtacha reytingi 26-o‘rinni tashkil qiluvchi (shu jumladan, 7-o‘rinda borayotgan Niderlandiya) ushbu guruh ham ancha murakkab.

Yaponiya musobaqaga yo‘llanma olgan birinchi davlat bo‘ldi va yaqindagina «Uembli» stadionida Angliyani mag‘lub etdi. Shvetsiya esa Aleksandr Isak va Viktor Gyokeresh kabi kuchli hujumchilari bilan maqtana oladi.

Tunis saralash bosqichidan birorta ham gol o‘tkazib yubormasdan muvaffaqiyatli o‘tdi va o‘z tarixida ilk bor pley-off bosqichiga chiqishga harakat qiladi.

  • Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Niderlandiya va Yaponiya.

L guruhi: Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama

Xorvatiya so‘nggi ikki Jahon chempionatida final va yarim finalgacha yetib bordi. Jamoa bu safar ham turnirda imkon qadar uzoqroqqa borishni maqsad qilgan.

Ular ochilish o‘yinidayoq Angliyaga qarshi maydonga tushadi. Ta’kidlash joizki, bu musobaqa Tomas Tuxel boshqaruvidagi dastlabki yirik turnir bo‘ladi.

Karlush Keyrush Gana terma jamoasini guruh bosqichidan olib chiqish uchun o‘zining bor tajribasini ishga soladi. Panama esa musobaqaga Markaziy Amerikaning eng yuqori reytingga ega jamoasi sifatida tashrif buyurmoqda.

Mantiqan olib qaraganda, Angliya va Xorvatiya ushbu guruhdan qiyinchiliksiz chiqishi kerak, ammo bu ular uchun unchalik ham oson kechmasligi aniq.

  • Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Angliya va Xorvatiya.

C guruhi: Braziliya, Marokash, Gaiti, Shotlandiya

FIFA reytingida kuchli o‘ntalikka kiruvchi ikkita jamoa joy olgan mazkur guruhda raqobat ancha kuchli bo‘lishi kutilmoqda.

Garchi Braziliya avvalgidek yengilmas kuchga ega bo‘lmasa-da, Karlo Anchelotti shogirdlari baribir guruhda birinchi o‘rinni egallash uchun asosiy favorit sifatida e’tirof etilmoqda.

Afrika Millatlar kubogi g‘olibi Marokash esa 2022 yilgi qahramonligini takrorlashga urinadi va aynan ular Braziliyaning eng jiddiy raqibiga aylanishi kutilmoqda.

Shotlandiya va Gaiti katta ehtimol bilan uchinchi o‘rin uchun kurash olib boradi. Biroq ular yuqori reytingdagi ikki nomdor jamoaga kutilmagan «sovg‘a» taqdim etishi ham hech gap emas.

  • ·      Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Braziliya va Marokash.

K guruhi: Portugaliya, Kongo Demokratik Respublikasi, O‘zbekiston, Kolumbiya

Portugaliya va Kolumbiya mazkur guruhning yaqqol favoritlaridek ko‘rinmoqda, ammo qit’alararo pley-off g‘olibi Kongo Demokratik Respublikasi yoki musobaqa debyutanti bo‘lmish O‘zbekistonni ham hisobdan chiqarib yuborib бўлmaydi.

Markaziy Osiyo vakillarini ilk Jahon chempionatiga Fabio Kannavaro boshlab tushadi. Qolaversa, jamoa safida «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov ham borligini unutmaslik lozim.

Kolumbiya 2024 yilda, ya’ni so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor Amerika kubogi finaliga qadar yetib bordi va endi birinchi o‘rin uchun Krishtianu Ronaldu yetakchiligidagi Portugaliya termasi bilan jiddiy kurash olib boradi.

  • ·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Portugaliya va Kolumbiya.

H guruhi: Ispaniya, Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni, Urugvay

Ko‘pchilik mutaxassislar bu turnirda Ispaniyani yaqqol favorit deb hisoblamoqda. «Qizil furiya» (La Roja) «Yevro-2024» musobaqasidagi muvaffaqiyatli yurishini Mundialda ham yana bir yirik sovrin bilan davom ettirishga intiladi.

Ularning Marselo Biyelsa boshqaruvidagi Urugvayga qarshi bahsi guruh bosqichining eng e’tiborga molik o‘yinlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda va aynan shu ikki jamoa katta ehtimol bilan birinchi o‘rin uchun kurash olib boradi.

Saudiya Arabistoni «Qatar-2022» musobaqasida kutilmagan sensatsion natijalar qayd eta olishini barchaga ko‘rsatib qo‘ygan edi. Ular katta ehtimol bilan guruhdagi uchinchi o‘rin uchun Kabo-Verde bilan kurashadi.

  • ·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Ispaniya va Urugvay.

E guruhi: Germaniya, Kurasao, Kot-d'Ivuar, Ekvador

Ushbu guruhdagi o‘rtacha FIFA reytingi barcha kvartetlar ichida pastligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda tursa-da, baribir anchagina murakkab jamoalar to‘qnashuviga o‘xshamoqda.

Germaniya sekin-asta o‘zining optimal sport formasiga qaytmoqda va Jahon chempionatlarida ketma-ket ikki bor guruh bosqichidan chiqa olmaganidan so‘ng, bu safar pley-offga yo‘l olishga qattiq intiladi.

Janubiy Amerika saralash bosqichida Argentinadan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallagan Ekvador o‘zini kuchli tomondan ko‘rsatishga harakat qiladi. Jamoa safida «Chelsi» yarim himoyachisi Moyses Kaysedo borligini ham unutmaslik kerak.

Kot-d'Ivuar yaqindagina Afrika Millatlar kubogida муvaффақиятли qatnashdi va o‘rtoqlik uchrashuvida Fransiyani mag‘lub etdi. Musobaqa debyutanti Kurasao esa ko‘pchilik uchun hali-hamon jumboqligicha qolmoqda.

  • ·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Germaniya va Ekvador.

J guruhi: Argentina, Jazoir, Avstriya, Iordaniya

Bu yil Argentinaga qur’a jarayonida omad kulib boqdi. Amaldagi jahon chempionlari katta ehtimol bilan guruh g‘olibi sifatida qiyinchiliksiz keyingi bosqichga chiqishadi.

Avstriya va Jazoir FIFA reytingida bir-biriga juda yaqin joylashgan. Shu bois ularning o‘zaro o‘yini guruhdagi ikkinchi yo‘llanma taqdirini hal qilishi kutilmoqda.

Iordaniya garchi musobaqa debyutanti bo‘lsa-da, hech kimga osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Ular 2023 yilgi Osiyo kubogi finalchisi hisoblanadi, qolaversa, saralash bosqichida 32 ta gol urib, safar o‘yinlarida biror марta ham mag‘lubiyatga uchramagan.

·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Argentina va Avstriya.

A guruhi: Meksika, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Chexiya

FIFA reytingidagi o‘rtacha 35-o‘rin ko‘rsatkichi bilan mazkur kvartet musobaqadagi eng oson guruhlardan biridek taassurot uyg‘otmoqda.

Turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan Meksika o‘z maydoni ustunligiga tayanadi va kuchli ikkilikdan joy olish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega deb qaralyapti.

Janubiy Koreya Osiyo mintaqasi saralash bosqichida mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘ldi. Ular 74 yoshli mutaxassis Miroslav Koubek boshchiligidagi Chexiya bilan ikkinchi o‘rin uchun jiddiy kurash olib borishi kutilmoqda.

Janubiy Afrika o‘z tarixida hech qachon Jahon chempionatining pley-off bosqichiga chiqa olmagan. Ammo bu safar ularda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega uchinchi o‘rin sohiblari qatorida 1/16 finalga yo‘l olish imkoniyati mavjud.

  • ·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Meksika va Janubiy Koreya.

G guruhi: Belgiya, Misr, Eron, Yangi Zelandiya

Garchi belgiyaliklarning «oltin avlod» davri ortda qolgan bo‘lsa-da, mazkur guruh ular uchun ancha qulay tanlovdek ko‘rinmoqda. Belgiyaning guruhdagi raqiblaridan hech biri shu paytgacha Jahon chempionatida guruhdan chiqa olmagan. Shu bois Rudi Garsiya boshqaruvidagi jamoa birinchi o‘rinni egallashi mumkin.

Muhammad Saloh yetakchiligidagi Misr haligacha Jahon chempionatlarida birorta ham g‘alaba qozona olmagan, biroq ular Eron va Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinlarda o‘z imkoniyatlarini yuqori baholashmoqda.

Mamlakatda kechayotgan siyosiy va harbiy vaziyat sababli Eronning tayyorgarlik jarayoni tartibsiz o‘tdi va bu ularning maydondagi o‘yiniga qanday ta’sir qilishini bashorat qilish qiyin. Musobaqadagi eng past reytingga ega jamoa sanalgan Yangi Zelandiyani esa oldinda juda og‘ir kurash kutib turibdi.

  • ·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Belgiya va Misr.

D guruhi: AQSH, Paragvay, Turkiya, Avstraliya

Garchi ushbu guruhdagi jamoalarning o‘rtacha FIFA reytingi musobaqadagi ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lsa-da, amalda bu mezbon davlat uchun eng omadli va «oson» guruhlardan biri hisoblanadi.

AQSH jahon reytingida 16-o‘rinda bormoqda va guruhdagi eng yuqori pog‘onani egallab turibdi. Bosh murabbiy Maurisio Pochettino guruhdan muvaffaqiyatli chiqishda Kristian Pulishichning individual mahoratiga tayanadi.

Garchi bu guruhda yaqqol ajralib turadigan superyulduzli jamoa bo‘lmasa-da, raqobat juda kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Pley-off orqali yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Turkiya termasi AQSH bilan birgalikda kuchli ikkilikdan joy olish uchun eng asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.

Paragvay va Avstraliya guruhdagi eng past reytingli jamoalar hisoblanadi, ammo har ikkisi ham keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini yetarli darajada yuqori baholaydi.

  • ·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: AQSH va Turkiya.

B guruhi: Kanada, Bosniya va Gersegovina, Qatar, Shveysariya

Bu guruh FIFA reytingidagi o‘rtacha 42-o‘rin ko‘rsatkichi bilan musobaqadagi eng «past» ko‘rsatkichli guruh hisoblanadi. Ammo, xuddi D guruhida bo‘lgani kabi, mahorat borasidagi kamchilik o‘rnini kuchli raqobat va shiddatli o‘yinlar to‘ldirishi kutilmoqda.

Shveysariya eng yuqori reytingga ega jamoa hisoblanadi va ular yirik musobaqalarning pley-off bosqichiga chiqish borasida katta tajribaga ega.

Mezbonlardan biri bo‘lgan Kanada avvalgi chempionatlarda katta natijalarga erisha olmagan. Lekin bu safar murabbiy Jessi Marsh qo‘l ostida, o‘z uyida va muxlislari qarshisida yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishi tabiiy.

Bosniya va Gersegovina saralash pley-offida Italiyani musobaqadan chiqarib yuborganini inobatga olsak, ular guruhdan chiqishni jiddiy maqsad qilgan ko‘rinadi. 2023 yilgi Osiyo kubogi chempioni Qatar ham sensatsion natija qayd etishi mumkin.

  • ·         Avtomatik ravishda keyingi bosqichga chiqish uchun favoritlar: Shveysariya va Kanada.

 

Teglar

Mavzuga oid