
Jizzax politexnika instituti Vengriya universiteti boshqaruviga beriladi
Oliygohda nafaqat avtosanoat uchun, balki elektrotexnika, transport, qurilish sohalari bilan birga sun’iy intellekt bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etmoqda. Unda Jizzax politexnika instituti Vengriya universiteti boshqaruviga berilishi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, Jizzax politexnika institutining Muhandislik maktabi ochildi. Bu yerda har yili 300 nafar viloyat yoshlari dual ta’lim asosida zamonaviy muhandis bo‘lib chiqadi. Ushbu institut Vengriyaning mashhur Abuda universiteti boshqaruviga beriladi. Unda nafaqat avtosanoat uchun, balki elektrotexnika, transport, qurilish va qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligida muhandislar, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
«Ilgari avtomobilsozlik deganda hamma faqat Asakani tushunardi. Hamkorlarimiz bilan Jizzaxda ham yiliga 175 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi», dedi prezident.
Ta’kidlanishicha, qisqa fursatda Zomin, Forish, Arnasoy tumanlari va Jizzax shahrida 2 milliard dollarlik 500 dan ziyod turizm va servis ob’ektlari ish boshladi. Arnasoy va Zominda 300 million dollar hisobiga 12 oy davomida to‘liq ishlaydigan kurort zonalari ishga tushgani, ularda ayeroportlar barpo etilgani natijasida Jizzax eng jozibador turistik marshrutlardan biriga aylandi.
Sakkiz yil oldin Jizzaxdagi ish o‘rinlarining 42 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun 310 mingga yaqin viloyat aholisi sanoat va servis sohalaridagi yuqori daromadli ishlar bilan bandligi qayd etildi.
Bundan tashqari, sakkiz yilda 6,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishga tushgan bo‘lsa, shuning 45 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, Sharof Rashidov, G‘allaorol, Forish, Zomin tumanlari va Jizzax shahrida 2,3 milliard dollarlik 560 ta loyiha ishga tushdi. bugungi kunda ushbu tumanlar viloyat sanoatining 70 foizini ta’minlamoqda.





