Jon boshiga 6,5 ming dollar: O‘zbekiston 2030-yilgacha 300 mlrd dollarlik iqtisodiyotga aylana oladimi?
2030-yilgacha iqtisodiyotni 300 mlrd dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Vaqt.uz xalqaro prognozlar, iqtisodchilar fikri va Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘rsatkichlarini tahlil qilib, bu marraning qanchalik real ekanini o‘rgandi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekiston iqtisodiyotini 2030-yilga borib 300 mlrd dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Prezident 28-avgust kuni mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda buni ma’lum qildi.
«Uch yil oldin 2030-yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 mlrd dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Aslida O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun 2030-yilgacha belgilangan marralar so‘nggi yillarda bir necha bor o‘zgardi. Dastlab «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida 2030-yilgacha YAIMni 160 mlrd dollarga yetkazish maqsadi belgilangan edi. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 240 mlrd dollarga oshirildi.
2026-yil 17-iyunda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiyalar forumida esa shu yil yakunida YAIMni 180 mlrd dollardan oshirish mumkinligi aytildi. Prezident o‘sha tadbirda to‘rt yil avvalgi reja bilan bugungi kutilayotgan natijani solishtirdi.
«To‘rt yil avval bo‘lib o‘tgan ilk forumda 2026-yil yakuniga borib, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotini 100 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil 180 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda», — degan edi davlat rahbari.
240 mlrd dollarlik maqsad keyinchalik ham saqlanib qoldi. Prezident 2026-yil iyul oyida ushbu marraga erishish uchun iqtisodiyot har yili kamida 8–9 foiz o‘sishi kerakligini aytdi. Endi esa 2030-yil uchun maqsad yana oshirilib, 300 mlrd dollar etib belgilanmoqda.
YAIM — yalpi ichki mahsulot. U mamlakatda ma’lum vaqt davomida ishlab chiqarilgan barcha mahsulot va xizmatlarning umumiy qiymatini bildiradi. Sodda qilib aytganda, bu mamlakat iqtisodiyotining umumiy hajmini ko‘rsatadigan asosiy raqam.
Biroq iqtisodiyotning umumiy hajmi aholining iqtisodiy holatini to‘liq ko‘rsatmaydi, chunki mamlakat aholisi soni ham o‘zgarib boradi. Shu sababli YAIMni aholi soniga bo‘lib, jon boshiga YAIM ko‘rsatkichi hisoblanadi. Bu raqam mamlakat iqtisodiyotida bir kishiga o‘rtacha qancha qiymat to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.
Hukumat kelgusi 10 yilda 450 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va aholi jon boshiga YAIMni 10 ming dollardan oshirishni ham rejalashtirmoqda.
Masala faqat O‘zbekiston iqtisodiyotini 300 mlrd dollarga yetkazishda emas. Muhimi, bu o‘sish jon boshiga qancha to‘g‘ri keladi va oddiy xalqning hayoti yengillashadimi? Vaqt.uz bu borada xalqaro tashkilotlarning prognozlari, iqtisodchilarning fikrlari va qo‘shnilarning marralarini o‘rgandi.
Jon boshiga YAIM qanchadan tushadi?
300 mlrd dollarlik iqtisodiyot raqami katta ko‘rinadi, lekin bu ko‘rsatkichni aholi soniga nisbatan hisoblasak, vaziyat yanada tushunarli bo‘ladi.
Jon boshiga YAIM mamlakat iqtisodiyotining umumiy hajmini aholi soniga bo‘lish orqali aniqlanadi. Masalan, iqtisodiyot 300 mlrd dollar bo‘lsa, bu summa mamlakatdagi barcha odamlarning o‘rtacha daromadi 300 mlrd dollar bo‘ladi, degani emas. Gap mamlakatda yaratilgan mahsulot va xizmatlarning umumiy qiymati haqida ketmoqda.
Shu sababli jon boshiga YAIMni oddiy qilib «har bir odamga to‘g‘ri keladigan iqtisodiy qiymat» deb tushunish mumkin. Bu ko‘rsatkich aholining qo‘liga tushadigan maosh yoki sof daromad bilan bir xil emas.
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston uchun bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham o‘sishni kutmoqda. XVJning aprel oyidagi prognoziga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekistonda jon boshiga YAIM 4 ming 660 dollar bo‘lishi mumkin.
Agar prognoz amalga oshsa, O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Eron, Vanuatu, Jibuti va Филиппинni ortda qoldirib, dunyoda 131-o‘ringa chiqishi mumkin.
Bu yerda Eron bilan bog‘liq alohida holat ham bor. O‘zbekistonning Eronni ortda qoldirishi nafaqat mamlakatdagi o‘sish, balki Eron iqtisodiyotiga urush yetkazgan zarar bilan ham bog‘liq. Avvalgi prognozlarda O‘zbekiston Eronni faqat 2030-yilda quvib o‘tishi kutilgan edi.
Biroq 2031-yilga borib farq yanada kattalashishi mumkin. XVJning o‘rta muddatli prognozlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jon boshiga YAIM 7 ming 57 dollarга yetishi mumkin. Shu paytda mamlakatning umumiy iqtisodiy hajmi ham 300 mlrd dollardan oshib, 301 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.

Manba: IMF
Iqtisodchi Otabek Bakirov aynan shu prognozlarga e’tibor qaratgan. Uning yozishicha, agar XVJ hisob-kitoblari amalga oshsa, O‘zbekiston 2031-yilgacha jon boshiga YAIM bo‘yicha yana 10 ta davlatni ortda qoldirishi va 121-o‘ringa chiqishi mumkin.
Bu ro‘yxatda tez iqtisodiy o‘sishi bilan ajralib turgan Vietnam ham bor. Bakirovning hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekiston Vietnamni jon boshiga YAIM bo‘yicha 2029-yilda ortda qoldirishi mumkin. Shuningdek, Liviya, Iroq, Iordaniya va Tunis ham keyingi yillarda O‘zbekistondan ortda qolishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida.
Demak, XVJ prognozlari bo‘yicha atigi besh yil ichida jon boshiga YAIM 4 660 dollardan 7 057 dollargacha oshishi mumkin. Bu qariyb 1,5 baravar o‘sish degani.
Ammo bu raqamni «2031-yilda har bir o‘zbekistonlikning daromadi
7 ming dollar bo‘ladi» deb tushunish noto‘g‘ri. Jon boshiga YAIM — iqtisodiyotda yaratilgan umumiy qiymatning aholi soniga nisbati. Odamlarning haqiqiy daromadi esa ish haqi, tadbirkorlik daromadi, inflatsiya, soliqlar va boshqa omillarga ham bog‘liq.
Shuning uchun 300 mlrd dollarlik iqtisodiyot va 7 ming dollardan oshadigan jon boshiga YAIM muhim iqtisodiy marralar bo‘lsa-da, eng muhim masala bu o‘sishning odamlarning real daromadi va turmush darajasida qanchalik sezilishi bo‘ladi.
300 mlrd dollarlik marra imkonlimi? — iqtisodchilar fikri
O‘zbekiston oldiga qo‘yilgan 300 mlrd dollarlik YAIM marrasi katta, ammo iqtisodchilar uni imkonsiz deb hisoblamayapti. Biroq bunga erishish bir nechta muhim omillarga bog‘liq.
«So‘m qadrsizlanishi va pandemiya kabi inqiroz yuz bermasa…»
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitobiga ko‘ra, so‘nggi yillardagi yuqori o‘sish sur’atlari saqlansa, 2030-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 300 mlrd dollardan oshishi mumkin. Bunda iqtisodiy o‘sish bilan birga valuta kursining qanday shakllanishi ham muhim.
«Agar kelasi yillarda so‘mning qadrsizlanishi yuqori shakllanmasa (har holda so‘nggi ikki yilda mustahkamlanmoqda) hamda pandemiya kabi yirik inqiroz yuz bermasa, 300 mlrd dollarlik ko‘rsatkichga iqtisodiyotimizning yetish ehtimoli yuqori», — deb yozgan iqtisodchi «Mirkonomika» Telegram kanalida.
Xolboyevning fikricha, eng optimistik holatda, ya’ni 2024–2026-yillardagi qariyb 20 foizlik o‘sish kelgusi yillarda ham davom etsa, 2030-yilda YAIM 389 mlrd dollarga yetishi mumkin. Pandemiyadan keyingi davrdagi 16 foizlik o‘sish saqlansa, bu ko‘rsatkich 309 mlrd dollarni tashkil etadi.
Ammo 2017–2025-yillardagi o‘rtacha 9,8 foizlik o‘sish takrorlansa, iqtisodiyot 2030-yilda 234 mlrd dollar atrofida qolishi mumkin. Demak, 300 mlrd dollarlik marraga chiqish uchun yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish bilan birga, so‘mning keskin qadrsizlanishiga yo‘l qo‘ymaslik ham muhim.
Agar iqtisodiyot 300 mlrd dollarga yetsa, O‘zbekiston 2025-yilda YAIM hajmi bo‘yicha o‘zidan yuqorida turgan Qatar, Ukraina, Marokash, Slovakiya va Quvaytni ortda qoldirishi mumkin.
«Dollar inflatsiyasi va yashirin iqtisodiyotni rasmiylashtirish yuz bersa…»
Iqtisodchi Bahrombek Umarbekov ham O‘zbekistonning 2030-yilga borib 300 mlrd dollarlik YAIMga chiqish imkoniyatini yuqori baholaydi. U «Fikr vaqti» dasturida buning uchun ikkita muhim shart bajarilishi kerakligini aytdi.
«Agar ikkita hodisa yuz bersa, ishonaman. Ikkita hodisa yuz berishi kerak», — dedi Umarbekov.
Uning aytishicha, birinchi omil — dollar inflatsiyasi. Iqtisodchi AQSHning katta qarzi va uni to‘lash jarayonida dollar qiymatining pasayishi fonida inflatsiya yuzaga kelishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, dollar inflatsiyasi kelgusi yillarda 3–4 foiz atrofida shakllanishi kerak.
Ikkinchi omil esa bevosita O‘zbekistonga bog‘liq — yashirin va norasmiy iqtisodiyotni rasmiylashtirish. Buning uchun tadbirkorlikka beriladigan stimullarni to‘g‘ri belgilash va soliq ma’murchiligidagi muammolarni bartaraf etish muhim.
«Agar bu to‘g‘rida ishlar to‘g‘ri amalga oshirilsa, stimullar to‘g‘ri qo‘yilsa, soliqdagi, soliqning ma’muriyatchiligidagi muammolar bartaraf to‘g‘ri qilinsa, shunda 2030-yilga kelib 300 milliardga chiqishimiz ehtimoli yo‘q emas», — dedi iqtisodchi.
«2030-yildan keyingi o‘sish uchun institutlarni yaxshilash zarur»
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa masalaga uzoqroq muddat nuqtai nazaridan qarab fikr bildirmoqda. Uning fikricha, O‘zbekiston 300 mlrd dollarlik iqtisodiyotga aylanishi mumkin, biroq bundan keyingi bosqich muhimroq. Chunki iqtisodiyotning ma’lum darajagacha tez o‘sishi mamlakatni avtomatik ravishda yuqori daromadli davlatga aylantirmaydi.
Bakirov O‘zbekiston ortda qoldirayotgan ayrim davlatlar uzoq yillardan beri «o‘rta daromadlar tuzog‘i»da qolib ketganiga e’tibor qaratadi. Shu sababli 2030-yildan keyingi o‘sish uchun iqtisodiy institutlarni yaxshilash zarur, deb hisoblaydi.
«Prognozlar amalga oshsa, O‘zbekiston 2031-yilgacha jon boshiga YAIM ko‘rsatkichi borasida yana 10 ta davlatni ortda qoldirishi kerak. Ular orasida mo‘jizaviy iqtisodiy o‘sish ko‘rsatayotgan Vietnam, shuningdek, Liviya, Iroq, Iordaniya va Tunis kabi arab davlatlari ham bor.
E’tiborlisi, O‘zbekiston quvib o‘tgan va yaqin yillarda quvib o‘tadigan davlatlar ancha yillardan beri o‘rta daromadlar tuzog‘iga tushib qolgan iqtisodiyotlar hisoblanadi. Bu 2030-yildan keyingi o‘sish uchun institutlarni yaxshilash zarurligiga yana bir ishora», — deb yozadi Bakirov.
Jahon iqtisodiyoti 2030-yilga borib 150 trln dollardan oshadi
O‘zbekistonning 300 mlrd dollarlik marrasini jahon iqtisodiyoti kutilayotgan o‘sish fonida baholash ham muhim. XVJ prognozlariga ko‘ra, 2030-yilga borib jahon iqtisodiyoti 150 trln dollardan oshishi mumkin. O‘sishning asosiy qismi Osiyo mamlakatlari va boshqa rivojlanayotgan bozorlarga to‘g‘ri keladi.
2030-yilda jahon iqtisodiyotining eng yirik uchligi AQSH, Xitoy va Germaniya bo‘lib qolishi kutilmoqda. XVJ prognoziga ko‘ra, ularda nominal YAIM mos ravishda 37,7 trln dollar, 26 trln dollar va 6,2 trln dollarni tashkil etadi.
Xususan, 2030-yilda Germaniyada YAIM 6,178 trln dollar, Hindistonniki esa 6,173 trln dollar bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi farq atigi 5 mlrd dollar. Agar Hindistonning yuqori o‘sish sur’atlari saqlansa, u yaqin yillarda Germaniyani ortda qoldirishi mumkin.
Osiyo ham jahon iqtisodiy o‘sishining asosiy markazlaridan biri bo‘lib qoladi. Prognozlarga ko‘ra, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarining jami iqtisodiy hajmi 2030-yilga borib 55,7 trln dollarni tashkil etishi mumkin. Xitoy va Hindistondan keyin mintaqaning eng yirik iqtisodiyotlari Yaponiya (5 trln dollar), Janubiy Koreya (2,3 trln dollar) va Indoneziya (2,1 trln dollar) bo‘lishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyoda jon boshiga YAIM qanday bo‘ladi?
O‘zbekistonning 300 mlrd dollarlik iqtisodiyotga chiqish maqsadini Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar fonida ko‘rish ham muhim. Chunki iqtisodiyot hajmi bilan jon boshiga YAIM bir xil ko‘rsatkich emas.
XVJ prognozlariga ko‘ra, 2030-yilga borib jon boshiga YAIM Qozog‘istonda 21,87 ming dollar, Turkmanistonda 15,25 ming dollar, O‘zbekistonda 6,53 ming dollar bo‘lishi mumkin. Qirg‘izistonda bu ko‘rsatkich 3,85 ming dollar, Tojikistonda esa 2,29 ming dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Umumiy YAIM hajmi bo‘yicha ham Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi farq sezilarli. XVJning avvalgi prognozlariga ko‘ra, Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026-yildagi 360 mlrd dollardan 2030-yilda 468 mlrd dollargacha o‘sishi mumkin. Qirg‘izistonda YAIM 24 mlrd dollardan 31 mlrd dollargacha, Tojikistonda esa 20 mlrd dollardan 26 mlrd dollargacha oshishi kutilmoqda.
O‘zbekiston bo‘yicha avvalgi prognozda YAIM 2026-yilda 180 mlrd dollardan oshib, 2030-yilga borib 273 mlrd dollardan yuqori bo‘lishi kutilgan edi. Endi esa 2030-yil uchun 300 mlrd dollarlik yangi maqsad qo‘yildi.
Xo‘sh, 2030-yilga borib bu raqamlar amalga oshsa, oddiy odam buni qayerda sezadi? Faqat statistikada emas, kundalik hayotida sezishi kerak. Iqtisodiyot o‘sib, odamlarning daromadi oshsa, ish topish osonlashsa, farzandini bog‘chaga joylashtirish yoki yaxshi maktab topish uchun yillar kutishga to‘g‘ri kelmasa, ana shunda 300 mlrd dollarlik YAIMning ma’nosi bilinadi.
Aks holda, YAIMning milliardlab dollarga o‘sishi qog‘ozdagi yirik raqam bo‘lib qolishi mumkin, chunki iqtisodiyot hajmi kattalashgani bilan odamlarning qo‘liga tushadigan pul avtomatik ravishda shunchaga ko‘paymaydi. Shu bois 2030-yilga borib O‘zbekiston uchun eng muhim natija faqat 300 mlrd dollar emas, bu marra oddiy vatandoshlarning hayotini qanchalik o‘zgartirgani bo‘ladi.
Teglar






