Kelasi jaziramagacha Toshkentdagi konditsionersiz avtobuslardan to‘liq voz kechiladi
Toshkentda qatnov qilayotgan 1700 dan ortiq avtobusning 191 tasida konditsioner umuman mavjud emas. Transport boshqarmasi kelasi yil yozigacha barcha konditsionersiz avtobuslar yo‘nalishdan chiqarilishini ma’lum qildi.
© Foto: t.me/codd_tashkentHozirgi kunda Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘nalishlarida 1700 dan ortiq avtobus harakatlanmoqda. Ularning 191 tasida konditsioner umuman mavjud emas. Bu haqda Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromov Gazeta’ga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur avtobuslar 2012–2013 yillarda ishlab chiqarilgan eski dizel avtobuslari hisoblanadi.
«Prezident topshiriqlari va belgilangan maqsadlarga muvofiq, joriy yilda eski dizel avtobuslarning 50 foizidan voz kechishimiz kerak. Kelasi yil yozigacha konditsionersiz avtobuslar umuman qolmaydi. Chunki brutto shartlari asosida avtobuslarda sovitish va isitish tizimlari bo‘lishi majburiy etib belgilanmoqda va bu tender shartlariga kiritilyapti», — dedi u.
Nega ayrim avtobuslarda konditsioner ishlamaydi?
Mirakbar Ikromovning aytishicha, konditsioner o‘rnatilgan ayrim avtobuslarda ham uning ishlatilmasligiga bir nechta omil sabab bo‘ladi.
Unga ko‘ra, ba’zi yo‘lovchilar avtobus ichi juda sovib ketganidan shikoyat qilib, konditsionerni o‘chirishni so‘raydi. Boshqalar esa aksincha, derazalarni yopib, sovitish tizimini ishlatishni talab qiladi. Shu bois barchaga ma’qul keladigan haroratni ta’minlash oson emas.
Ayrim holatlarda konditsionerlarning ishlamasligi texnik nosozlik bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ishlamaydigan avtobuslar reysdan olinadi
Toshkent shahar transport boshqarmasi huzurida reyslar sifati va monitoringi bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasasi faoliyat yuritadi. Unda 50 nafar inspektor ishlaydi.
Inspektorlar yo‘nalishlarda konditsioneri ishlamayotgan avtobuslarni aniqlab, reys sifatini baholaydi. Zarur hollarda avtobus garajga qaytariladi va nosozlik bartaraf etilganidan keyingina yana yo‘nalishga chiqariladi.
528 ta avtobus elektr quvvatida harakatlanadi
Mirakbar Ikromovning ta’kidlashicha, avtobuslar kunlik reyslar uchun yetarli miqdorda yoqilg‘i bilan ta’minlanadi. Yoqilg‘i sarfi nafaqat ob-havoga, balki haydovchining boshqaruv uslubiga ham bog‘liq.
Ayni paytda poytaxtdagi 300–400 ta avtobus dizel yoqilg‘isida, qolganlari tabiiy gazda harakatlanadi. Shuningdek, 528 ta avtobus elektr quvvatida xizmat ko‘rsatmoqda.
Barcha avtobuslar ham konditsioner bilan jihozlanmagan
Avvalroq «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati ham ijtimoiy tarmoqlarda avtobuslardagi sovitish tizimi bo‘yicha tarqalgan murojaatlarga munosabat bildirgan edi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi barcha avtobuslar konditsioner bilan jihozlanmagan. Xususan, 102 ta «Mercedes-Benz» avtobusining barchasi, 272 ta «MAN» avtobusining 100 tasi hamda 201 ta «SAZ LE-60» avtobusining 88 tasida sovitish tizimi ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan o‘rnatilmagan.





