add

Kiberxafvsizlik yangi firibgarlik usullaridan ogohlantirdi

Kecha 19:302 daqiqa

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxafvsizlik markazi bayram oldidan Telegram va onlayn savdolarda firibgarlar xavfi oshganini ma’lum qildi.

Kiberxafvsizlik yangi firibgarlik usullaridan ogohlantirdi

O‘zbekistonda Yangi yil bayrami oldidan kiberfiribgarlik holatlari faollashayotgani kuzatilmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi fuqarolarni bayram tabriklari ortiga yashirilgan zararli havolalar va qalbaki takliflardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, firibgarlar Yangi yil sovg‘asi ko‘rinishida turli havolalarni, asosan Telegram orqali tarqatmoqda. Ushbu havolalar interaktiv tabrik yoki chiroyli vizual kontent sifatida taqdim etiladi. Havolani ochgan fuqarolar fishing saytlarga yo‘naltirilib, ularning shaxsiy ma’lumotlari va bank kartalari rekvizitlari noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilmoqda.

Qayd etilishicha, zamonaviy firibgarlik usullari ancha murakkablashgan. Endi faqat oddiy .apk yoki .exe fayllar emas, balki «yuklanmayapti» deb ko‘rsatiladigan GIF-fayllar orqali soxta yangilash takliflari ham qo‘llanilmoqda. Yana bir keng tarqalgan usul — «yetkazib berish xizmati» nomidan yuborilgan xabarlar bo‘lib, unda go‘yo Yangi yil sovg‘asini olish uchun ilovalar yoki «yuk xati»ni yuklab olish talab qilinadi.

Kiberxavfsizlik markazi bunday sxemalar insonning qiziquvchanligi va bayram kayfiyatidan foydalanishga qaratilganini ta’kidladi. Shu bois fuqarolarga har qanday kutilmagan xabar yoki faylning manbasini tekshirish, shubhali havolalarni bosmaslik va noma’lum ilovalarni o‘rnatmaslik tavsiya etildi. Media fayl sifatida niqoblangan kontent ham xavfli bo‘lishi mumkinligi uqtirildi.

Shuningdek, internetda arzon narxda oziq-ovqat, Yangi yil archalari yoki o‘yinchoqlar taklif qilib, oldindan to‘lov talab qilayotgan e’lonlar ham firibgarlik alomatlari ekani qayd etildi. Markaz onlayn xaridlarda pulni oldindan o‘tkazmaslikka chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid