
Ko‘p til bilish miya qarishini sekinlashtiradi — Nature Aging tadqiqoti
Nature Aging jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, ikki va undan ortiq tilda so‘zlashuvchi insonlar keksa yoshda tez qarish xataridan ancha yaxshi himoyalangan bo‘ladi.

Xalqaro olimlar jamoasi 27 ta Yevropa davlatidagi 86 149 nafar inson ma’lumotlarini tahlil qildi. Ularning yoshlari 51 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan. Natijalar shundan dalolat beradiki, birgina tilda so‘zlashuvchilarda keksalikka oid nevrologik susayish xavfi ikki barobar yuqori bo‘lar ekan.
Olimlar ta’kidlashicha, ko‘p tildan foydalanish miyaning ko‘p qirrali faoliyatini saqlashga yordam beradi. Bu esa nafaqat kognitiv, balki jismoniy nuqsonlarni ham kechiktiradi. Bu ta’sir sport bilan shug‘ullanish va mustahkam ijtimoiy aloqalarning samarasiga teng.
Shu bilan birga, olimlar farqlarni faqatgina til bilish bilan izohlab bo‘lmasligini tan oladi. Masalan, ko‘p tilli jamiyatlarda odatda faol hayot tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyati ham kuzatiladi. Ammo hatto bunday omillar hisobga olinganda ham, ko‘p tillilikning ijobiy ta’siri statistik jihatdan ahamiyatli bo‘lib qolgan.
Oklend universiteti professori Stiven Meyning ta’kidlashicha, dunyo aholisining 50–75 foizi bir nechta tilda so‘zlashadi, biroq ingliz tilida gaplashuvchilarning aksari monolingvist bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun bu tadqiqot natijalari ular uchun kutilmagan yangilik bo‘lishi mumkin.





