add

Kredit olishni o‘ziga-o‘zi taqiqlash xizmati: u qanday ishlaydi?

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kredit bilan bog‘liq firibgarlik va kiberjinoyatlar keskin ko‘paydi. Shu munosabat bilan jismoniy shaxslar uchun «o‘ziga o‘zi kredit olishni taqiqlash» xizmati joriy etildi. Vaqt.uz tizimni qanday faollashtirish va bekor qilishga oid maxsus qo‘llanma tayyorladi.

Kredit olishni o‘ziga-o‘zi taqiqlash xizmati: u qanday ishlaydi?

So‘nggi paytlarda kredit bilan bog‘liq ko‘plab firibgarlik holatlari ochiqlandi. Xususan, 2024 yilda ombudsmanga kelib tushgan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlarning 9 foizi kreditga oid firibgarlik bilan bog‘liq. Bu borada murojaatlar 600 ga yaqinlashgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili faqatgina onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, Kiberxavfsizlik markazi esa O‘zbekistonda 2019–2024 yillarda kiberjinoyatlar 68 barobarga oshganini ta’kidlagan. Bu davrda fuqarolarga yetkazilgan zarar miqdori 1,9 trln so‘mdan oshgan. 2024 yilda jami 58,8 mingta huquqbuzarlikning 4 foizi aynan shaxslar kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Kredit olishda o‘zini-o‘zi taqiqlash xizmati nima?

«Kredit-axborot tahliliy markazi» (KATM) kredit byurosi 2025 yilning 6-iyunidan boshlab jismoniy shaxslarga kredit ajratilishini taqiqlash imkonini beruvchi xizmatni ishga tushirdi. Bu xizmat orqali jismoniy shaxslar o‘zlarining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bu ixtiyoriy himoya chorasi bo‘lib, unda shaxs banklarga hamda mikromoliyaviy tashkilotlarga o‘zining nomiga kredit berishni rasman taqiqlaydi — natijada murojaatchi u bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan kiberjinoyatning oldini olishi mumkin.

Oddiy so‘zlar bilan aytganda, bu barcha kredit operatsiyalariga «stop-signal» qo‘yish bilan barobar. Agar kimdir ma’lumotlaringizdan foydalanib qarz olmoqchi bo‘lsa, tizim bunday urinishni avtomatik ravishda bloklaydi. Natijada esa jinoyatchilar ushbu fuqaro nomiga kredit rasmiylashtira olishmaydi. Sababi, barcha bank hamda mikromoliya tashkilotlari qarz berishdan oldin albatta ushbu ro‘yxatni tekshirishlari majburiy hisoblanadi. Agar reyestrda fuqaroga taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, kredit berilmaydi.

Xizmatdan foydalanish yoki uni bekor qilish uchun kredit byurosi (KATM) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (MyGov) orqali ariza qoldirish mumkin.

Odamlar qanchalik bu xizmatdan xabardor?

Vaqt.uz odamlarning kreditni rasmiylashtirishda taqiq qo‘yish xizmatidan qanchalik xabardor ekanligini o‘rganish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnoma o‘tkazdi.

Telegram’dagi so‘rovnomada 1 ming 196 kishi ishtirok etib, ularning 32 foizdan ortig‘i bu xizmatdan qanday foydalanishni bilmasligini aytdi. Endi foydalanmoqchi va foydalangan esa bir xil ko‘rsatkich — 20 foizni tashkil qilmoqda. Bu xizmatdan xabardor, lekin foydalanmoqchi bo‘lmagan yoki foydalanmaganlar esa 13 foizni ko‘rsatdi.

X’da o‘tkazilgan so‘rovnomada esa 68 kishi qatnashtirilib, ularning aksariyati — 41,2 foizi foydalanganini, foydalanmaganlar esa qariyb 34 foizni tashkil qilmoqda. Umuman xabari yo‘qlar esa deyarli 21 foizni ko‘rsatdi.

Natijalarga ko‘ra, ko‘pchilik bu xizmatdan qanday foydalanishni bilmaganligi uchun Vaqt.uz jarayonni sodda tilda tushuntirishga qaror qildi.

Qanday qilib o‘ziga kredit olishni cheklash mumkin? — qo‘llanma

O‘zbekistonda buning uchun KATM Kredit byurosi bazasida maxsus servis yaratilgan. Rasmiylashtirish to‘liq onlayn tarzda amalga oshiriladi va bir necha daqiqa vaqtni oladi.

KATM 01

1-qadam. Kredit byurosining rasmiy sayti — portal.infokredit.uz manziliga kiring. OneID (Yagona identifikatsiya tizimi) orqali tizimga o‘ting.

KATM 02

OneID — bu my.gov.uz davlat xizmatlari portaliga kirishda foydalaniladigan akkauntning o‘zi, shuning uchun agar sizda bunday akkaunt mavjud bo‘lsa, telefon raqamingiz, parolingiz yoki boshqa elektron avtorizatsiya yordamida kirishingiz mumkin.

KATM 03

2-qadam. Shaxsiy kabinet menyusidan «Kredit taqiqi» (yoki «Kreditga o‘z-o‘zini taqiqlash») bo‘limni toping. Bu bo‘lim yangi kreditlar olishga taqiqni boshqarishga mo‘ljallangan. Shu qismdan taqiqni faollashtiring.

KATM 04

3-qadam. Tizim ko‘k tugmani bosganingizdan keyin avtomatik tarzda faollashtiriladi. Xizmat darhol ishga tushadi — kredit byurosi sizing yozuvingizni taqiqlar reyestriga zudlik bilan qo‘shadi.

Agar kimdir sizning nomingizga kredit rasmiylashtirishga urinsa, bank yoki mikrokredit tashkiloti bu arizani rad etadi. Shuningdek, agar sizda «kredit bitimini tuzishga taqiq» xizmati yoqilgan bo‘lsa, siz ham kredit olish imkoniga ega bo‘lmaysiz. Qarz mablag‘lariga ehtiyoj tug‘ilsa, avvalo taqiqni bekor qilish, so‘ngra bankka murojaat etish lozim bo‘ladi.

Tizim faollashgandan keyin kredit olishning boshqa imkoni yo‘qmi?

Bu taqiq bir umrlik emas, uni istalgan paytda bekor qilish mumkin. Jarayon faollashtirish bosqichi bilan bir xil, faqatgina «Kredit taqiqi» bo‘limidan «O‘chirish» tugmasini bosish kifoya.

KATM 05

Kredit byurosi reyestrni yangilaydi: taqiq bekor qilinganidan so‘ng, siz yana yangi kreditlar olishingiz mumkin bo‘ladi.

Xizmat mutlaqo bepul, uni bekor qilganda ham ortiqcha to‘lov qilinmaydi. Ariza berilgandan so‘ng taqiq haqidagi ma’lumotlar darhol reyestrga kiritiladi va istalgan vaqtda shu portaldan bekor qilish mumkin. Taqiqni istalgancha o‘rnatish va olib tashlash mumkin.

Muxim jihati shuki, yangi kredit uchun murojaat qilishdan oldin, o‘z-o‘zini taqiqlashni bekor qilish shart. Aks holda bank va mikromoliya tashkilotlari kredit berishni rad qiladi.

Agar moliya tashkiloti reyestrni tekshirmasdan kredit bersa, ushbu qoidabuzarlik uchun to‘liq javobgarlikni o‘zi zimmasiga oladi.

O‘z nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirish holatlari ko‘paygan bir paytda, «o‘zini-o‘zi kreditdan taqiqlash» xizmati fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlashda muhim vositaga aylandi. Xizmat orqali har bir kishi o‘z nomidan kredit olishni cheklab, kiberfiribgarlikdan himoyalana oladi. Biroq so‘rovlar ko‘rsatganidek, aholining katta qismi bu imkoniyatdan hali xabardor emas. Shuning uchun moliyaviy savodxonlikni oshirish va bu xizmatdan foydalanishni ommalashtirish muhim ahamiyatga ega.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 12

Barchasi

Mavzuga oid

Kredit olishni o‘ziga-o‘zi taqiqlash xizmati: u qanday ishlaydi? | Vaqt.uz