Logo

Kuba dollar uchun Marksdan voz kechyaptimi? Gavana 176 ta iqtisodiy islohotga qo‘l urdi

Bugun 14:556 daqiqa

Mamlakatda ilk bor qishloq xo‘jaligi va savdoda xususiy kompaniyalarga ruxsat berilib, bank hamda valuta tizimiga bozor elementlari kiritilmoqda.

Kuba dollar uchun Marksdan voz kechyaptimi? Gavana 176 ta iqtisodiy islohotga qo‘l urdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Agar bugun Fidel Kastro Milliy assambleyaning so‘nggi qarorlari bilan tanishib chiqqanida, uning munosabati kutilganidek shafqatsiz bo‘lardi: komandante «aksilinqilobchilar»ni otib tashlash uchun zudlik bilan jazo otryadini chaqirtirgan bo‘lardi. Biroq tarixning kinoyasini qarangki, Kuba sotsializmining asosiy go‘rkovlari Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) agentlari emas, balki Fidelning o‘zi tayinlab ketgan odamlar, jumladan, amaldagi prezident Migel Dias-Kanel boshchiligidagi rahbariyat bo‘lib chiqmoqda.

Iyun oyida Dias-Kanel va uning safdoshlari 176 ta iqtisodiy islohotdan iborat paketni qabul qildi. Mahalliy matbuot uni darhol «tektonik siljish» deb atashga ham ulgurdi. Aslida esa bu — orolda 1959 yildan beri hukm surib kelayotgan mantiqsiz rejali iqtisodiyot tizimining eng sharmandali va keng ko‘lamli inqirozidir. Yarim asrlik umrini bozor iqtisodiyotiga qarshi besamar kurashga sarflagan hukumat endilikda o‘z fuqarolarini o‘nlab yillar davomida qamoq lagerlariga jo‘natishiga sabab bo‘lgan tushunchalar — xususiy sarmoya va xususiylashtirish oldida bosh egmoqda.

1959 yildan buyon birinchi marta Gavana o‘z g‘ururini chetga surib, qishloq xo‘jaligida xususiy kompaniyalarni qonuniylashtirdi. Shu bilan birga, kubaliklarga tijorat maqsadida binolar qurish uchun yer olishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, xususiy shaxslar va xorijiy sarmoyadorlarga shoshilinch ravishda aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilayotgan davlat korxonalaridan ulush sotib olishga ijozat berildi. Albatta, bunda «strategik tarmoqlar» ustidan davlat nazorati saqlanib qolishi shart qilib qo‘yilgan.

Moliyaviy monopoliya ham darz ketdi: eng daxlsiz soha hisoblangan bank tizimiga xususiy banklar, xorijiy kapital va valuta auksionlari kirib keldi. Yaqin-yaqingacha mafkuraviy qo‘poruvchilik sanalgan birja atamalari endi partiyaning asosiy siyosatiga aylandi. Biroq natija o‘sha-o‘sha: hukumatga hech kim ishonmayapti. Bir dollar uchun 24 peso qilib belgilangan afsonaviy qat’iy kurs ketma-ket qilingan keskin devalvatsiyalar zarbasiga dosh berolmay quladi.

Nihoyat, Gavana energetika, savdo, turizm va transport sohalarida ham oq bayroq ko‘tardi. Bundan buyon xususiy tadbirkorlarga yoqilg‘i import qilish, uni chakana sotish, orolga xorijiy savdo tarmoqlarini olib kirish va hatto partiyaning ruxsatisiz avtomobil sotib olishga ijozat berildi.

Xo‘sh, bu kutilmagan «iliqlik» ortida nima yashirin — modernizatsiya sari qo‘yilgan ongli qadammi yoki shunchaki muqarrar inqirozni ortga surishga bo‘lgan urinishmi?

Bu savolga javob topish uchun Kuba rahbariyati qanchalik og‘ir inqiroz yoqasiga kelib qolganini tushunish talab etiladi. Buning uchun «The Economist» jurnalining quruq hisobotlariga ko‘z yugurtirishning o‘zi kifoya. 2020 yildan buyon Kubaning yalpi ichki mahsuloti beshdan bir qismdan ham ko‘proqqa pasayib ketdi. Inflatsiya tarixiy rekordlarni yangilamoqda. Kubaliklarning kundalik hayoti esa uzluksiz chiroq o‘chishlari oqibatida sutkasiga 22 soatlik zulmatda jon saqlash uchun olib boriladigan kurashga aylanib qolgan.

O‘nlab yillar mobaynida Kuba iqtisodiyotining asosiy tayanchi va xorijiy valuta manbai bo‘lib kelgan turizm sohasi pandemiyadan keyin butunlay vayron bo‘ldi. Oziq-ovqat taqchilligi shu darajaga yetdiki, odatda Afrikaning eng chekka hududlarini ocharchilikdan qutqaruvchi Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z tarixida ilk bor Kubaga insonparvarlik yordami sifatida quruq sut yuborishga majbur bo‘ldi.

Albatta, hukumatning bugungi chekinishi o‘ziga xos geosiyosiy sabablarga ega. Kubadagi hozirgi inqiroz qisman Qo‘shma Shtatlar tomonidan uzoq yillar davomida qo‘llab kelingan, bo‘g‘uvchi sanksiyalarning bevosita natijasidir. Мolиявий qamal va mamlakatga yopishtirilgan «terrorizmga homiylik qiluvchi davlat» yorlig‘i haqiqatan ham o‘z ishini qildi. Biroq Amerika embargosi bu jarayonda faqatgina inqirozni tezlashtiruvchi omil vazifasini bajardi, xolos.

Ana shunday og‘ir vaziyatda Kastroning siyqasi chiqqan «Vatan yoki o‘lim» shiori odamlarni ruhlantiruvchi sehrli kuchini butunlay yo‘qotdi va hukumatni islohotlarga qo‘l urishga majbur qildi.

Darvoqe, Kubada avvallari ham iqtisodiyotni qayta qurishga urinishlar bo‘lgan. Yuqorida tilga olingan «The Economist» jurnali ta’kidlashicha, Gavana o‘nlab yillar davomida islohotlarga sun’iy taqlid qilishning o‘ziga xos marosimini mukammal darajaga yetkazib ulgurgan. Jurnal buni shunday tasvirlaydi:

«Avval qo‘rqoqlarcha oldinga bir qadam tashlanadi, so‘ng o‘z jasoratidan cho‘chib ketib, xususiy tashabbusning har qanday uchqunini o‘chirib tashlagan holda orqaga qarab talvasa bilan sakraladi».

176 ta banddan iborat bugungi islohotlar paketi ham, aftidan, aynan mana shu an’anani davom ettirmoqda. Tahlilchilar uni Osiyodagi o‘tmishdoshlari — Xitoy va Виетnaм tajribasi bilan solishtirar ekan, Kuba varianti o‘zining qat’iyatsizligi bilan o‘ta achinarli taqlidga o‘xshab qolganini ta’kidlamoqda. Kuba byurokratiyasi hamon o‘zining sevimli usulini qo‘llab, ikki qayiqning boshini birday tutishga urinmoqda. Ularning bir qo‘li orolga bozor iqtisodiyoti unsurlarini olib kirayotgan bo‘lsa, ikkinchi qo‘li hanuzgacha siyosiy boshqaruv dastaklariga mahkam yopishib olgan.

Shuni unutmaslik kerakki, Kubada islohotlarning dabdaba bilan e’lon qilinishi va amalda ijro etilishi o‘rtasida ulkan jarlik mavjud. Kolumbiya yuridik maktabi qoshidagi «Horizonte Cubano» loyihasi doirasida e’lon qilingan «Kubaning so‘nggi iqtisodiy islohotlari: yuridik kashfiyotmi yoki qonunchilikdagi xomxayolmi?» nomli tadqiqotda bu rejalarni amalga oshirishning aniq muddatlari mutlaqo yo‘qligiga e’tibor qaratilgan. E’lon qilingan 176 ta bandning sanoqlilarigina haqiqiy huquqiy asosga ega, xolos. Bugungi Kuba qonunchiligi modernizatsiya vositasi emas, balki ko‘proq klassik yuridik labirintni eslatadi.

Xulosa qilib aytganda, 176 ta banddan iborat qonunlar paketi strategik rejalashtirish mevasi emas, balki vaqtdan yutish maqsadidagi majburiy taslim bo‘lishdir. Partiya rahbariyati bu islohotlar Yevropa, Xitoy yoki Rossiyadan yirik sarmoyadorlarni jalb qilishiga umid bog‘lamoqda. Bu, o‘z navbatida, nafaqat iqtisodiy vaziyatni o‘nglaydi, balki orolda Amerika xavfiga qarshi «tirik qalqon» bo‘lib xizmat qila oladigan fransuz, ispan yoki xitoylik xususiy sarmoyadorlar guruhini shakllantirish imkonini ham beradi.

Biroq Gavananing ajnabiy sarmoyadorlardan kutgan umidlari hozircha chilparchin bo‘lmoqda. Na xitoylik hamkorlar, na rossiyalik kleptokratlar va na nozikta’b yevropalik investorlar infratuzilmasi butunlay vayron bo‘lgan, sud tizimi esa qanday qaror chiqarishini mutlaqo oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan mamlakat iqtisodiyotiga o‘z pulini ko‘mish uchun navbatda turgani yo‘q.

Qanchalik g‘alati tuyulmasin, bugungi kunda Mayamidagi kubaliklar diasporasi ushbu islohotlarning asosiy manfaatdoriga aylanmoqda. Бу rasmiy Kastro targ‘iboti o‘nlab yillar davomida hazar qilib, faqatgina «gusanos» — «qurtlar» deb atab kelgan o‘sha muhojirlar.

Aynan shu muhojirlarning bir vaqtlar «jirkanch» sanalgan dollarlari norasmiy sxemalar, yarim qonuniy yo‘llar va oilaviy pul o‘tkazmalari orqali orolga oqib kelib, bugungi kundagi yangi kafelar, do‘konlar va logistika idoralariga hayot bag‘ishlamoqda. Shu bilan birga, mamlakat ichkarisida yetishib chiqqan kubalik texnokratlarning yosh avlodi ochiqchasiga va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Florida sarmoyasiga yuzlanmoqda.

Fidel g‘oyalarining sodiq posbonlari esa bu islohotlar aslo ishchilar sinfi manfaatlari yo‘lida emas, balki faqatgina partiya rahbariyatining jonini saqlab qolish uchungina amalga oshirilmoqda, deya jar solmoqda.

Migel Dias-Kanel va uning jamoasi ikki o‘t orasida qolgan. Bir tomondan, ularga yoppasiga iqtisodiy inqiroz va Adam Smit qonunlari oldida to‘liq, so‘zsiz taslim bo‘lishni talab qilayotgan Qo‘shma Shtatlar shafqatsizlarcha bosim o‘tkazmoqda. Boshqa tomondan esa, rejimni inqilob g‘oyalariga xiyonat qilishda va Kuba proletariatining uzil-kesil qashshoqlashishi hisobiga kapitalizmni tiklashda ayblayotgan partiyaning ichki inkvizitorlari tinchlik bermayapti.

176 ta banddan iborat paket — bu biror strategiya, najot rejasi yoki odatiy islohot emas. Bu shunchaki vaqtdan yutishga bo‘lgan urinishdir. Hukumatning maqsadi — bozorga yo‘l ochish, ammo shu bilan birga hokimiyatni saqlab qolish. Biroq bozor mexanizmlari degan Pandora qutisini ochib yuborgan Gavana endi o‘zi to‘xtata olmaydigan jarayonlarga start berib yubordi. Uning resurslari o‘ta cheklangan, infratuzilmasi eskirgan, tashqi bosim esa juda kuchli.

Teglar

Mavzuga oid

Kuba dollar uchun Marksdan voz kechyaptimi? Gavana 176 ta iqtisodiy islohotga qo‘l urdi | Vaqt.uz