add

Lazizbek Mullajonov uch yilga diskvalifikatsiya qilindi

Bugun 19:466431

Olimpiada chempioni Lazizbek Mullajonovdan olingan test namunalarida taqiqlangan modda aniqlandi. Sportchi qoidani buzganini tan olgan.

Lazizbek Mullajonov uch yilga diskvalifikatsiya qilindi

O‘zbekistonlik bokschi, 2024 yilgi Olimpiada chempioni Lazizbek Mullajonov doping qoidalarini buzgani uchun uch yil muddatga musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum etildi. Bu haqda World Boxing federatsiyasiga qarashli mustaqil antidoping dasturini yurituvchi Xalqaro test agentligi (ITA) rasman ma’lum qildi.

ITA xabariga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida sportchidan musobaqadan tashqari olingan doping namunasida taqiqlangan anabolik steroid — metasteron metabolit moddasi aniqlangan. Mullajonov bu moddani qabul qilganini tan olgani uchun, uning jazo muddati standart to‘rt yil emas, balki uch yil etib belgilandi.

Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan va nospetsifik moddalar qatoriga kiritilgan metasteron mushak massasi va kuchini oshiradigan sintetik anabolik steroid hisoblanadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, sportchining havaskor boks bo‘yicha musobaqalardan chetlatilishi 2028 yil 21-iyulga qadar davom etadi. Shuningdek, Mullajonovning 2025 yil 11-iyundan 22-iyulgacha bo‘lgan barcha natijalari bekor qilinadi.

26 yoshli Lazizbek Mullajonov 92 kilogramm vazn toifasida 2024 yilgi Parij Olimpiadasi chempioni va 2023 yildagi jahon chempionati bronza medali sovrindori hisoblanadi. U professional boksda ham olti marta ringga chiqib, barcha janglarda zafar quchgan.

Teglar

Mavzuga oid

Lazizbek Mullajonov uch yilga diskvalifikatsiya qilindi | Vaqt.uz