add

«Lukoil»ning Qozog‘istondagi ulushini «QazMunaygaz» sotib olishi mumkin

Bugun 21:122262

Rossiya kompaniyasi AQSH sanksiyalari sabab xorijdagi aktivlarini sotishni rejalashtirmoqda.

«Lukoil»ning Qozog‘istondagi ulushini «QazMunaygaz» sotib olishi mumkin

«QazMunayGaz» Rossiyaning «Lukoil» kompaniyasining Qozog‘istondagi qo‘shma loyihalardagi ulushini sotib olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda Reuters manbalariga tayanib, xabar bermoqda. Aniq konlarning nomi hali aytilmagan, biroq «Lukoil» 13,5 foiz ulushga ega bo‘lgan Qorachag‘anoq tilga olingan. Qozog‘iston Energetika vazirligi Qorachag‘anoq konsorsiumi doirasidagi har qanday yangi hamkorliklar sanksiyalar rejimini inobatga olgan holda kelishib olinishini tasdiqladi.

Soha tahlilchisi Nurlan Jumag‘ulovning baholashicha, «Lukoil»ning Qorachag‘anoqdagi ulushi taxminan 1 milliard AQSH dollariga teng bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, ««Lukoil Oversiz Karachaganak» shu’ba korxonasining sof aktivlari 2025 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 1,05 milliard dollarni, sof foydasi esa 2024 yilda 187 million dollarni va 2023 yilda 202 million dollarni tashkil etgan.

Reuters’ning xabar berishicha, «Lukoil» aktivlariga boshqa xorijiy kompaniyalar ham qiziqish bildirmoqda. Shell Ghana va Nigeriyadagi chuqur suv osti hududlarini kuzatib bormoqda, Misrda esa «Lukoil» hukumatga uchta konsessiyani sotish ehtimoli haqida ma’lum qilgan. Moldova va Bolgariyada hukumat kompaniyani milliylashtirishga yoki uning infratuzilmasini egallab olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Sanksiyalar joriy etilishidan oldin esa, Ozarbayjonning SOCAR va Turkiyaning Cengiz Holding kompaniyalari Bolgariya neftni qayta ishlash zavodiga da’vogarlik qilishgan.

Oktyabr oyining oxirida «Lukoil» Gunvor Group Ltd.dan guruhning xorijiy aktivlariga egalik qiluvchi 100 foizlik sho‘ba korxonasi Lukoil International GmbH,’ni sotib olish bo‘yicha taklif olganini ma’lum qilgan edi. Noyabr oyi boshida esa, AQSH kelishuvni ma’qullamasligini aytganidan so‘ng, Gunvor o‘z taklifini qaytarib oldi.

«Lukoil» Olmaota viloyatidagi surkov moylari ishlab chiqaruvchi zavod bo‘lgan «LUKOIL Lubrikants Central Asia» MCHJning 100 foiziga, "Tengizshevroyl" loyihasining 5 foiziga va "Qorachag‘anoq Petroleum Operating"ning 13,5 foiziga egalik qiladi. Bundan tashqari, 2023 yilda "QozMunayGaz" va LUKOIL kompaniyalari Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektoridagi «Qalomqas-dengiz, Xazar, Auezov» yer qa’ri uchastkasini o‘zlashtirish loyihasi bo‘yicha kelishuvlar imzoladi. Rossiya kompaniyasi loyihada 50 foizlik ulushga ega.

Oktyabr oyida Buyuk Britaniya va AQSH «Lukoil»ga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Biroq, AQSH cheklovlari Kaspiy quvur konsorsiumi va «TengizChevrOil» kompaniyasi bilan bog‘liq operatsiyalarga tatbiq etilmaydi. Britaniya cheklovlari esa, bundan tashqari, Qozog‘istondagi Qorachig‘anoq koniga ham qo‘llanilmaydi. AQSH sanksiyalari joriy yilning 21-noyabridan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid

«Lukoil»ning Qozog‘istondagi ulushini «QazMunaygaz» sotib olishi mumkin | Vaqt.uz