
Mahallalarda ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi
Prezident mahallalarda ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirish ishlari bo‘yicha axborotni ko‘rib, yechimlar samarasizligini tanqid qildi. Mas’ullarga aniq vazifalar va qat’iy mezonlar belgilashni topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi, davlat rahbari ayrim hududlarda mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotganini, sustkashliklar hali ham saqlanayotganini keskin ta’kidladi. Mahalla tizimidagi mas’ullar ish faoliyatini baholash uchun aniq mezonlar yo‘qligi ham kamchilik sifatida qayd etildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, «mahalla yettiligi»ning asosiy vazifasi — ishsizlikni qisqartirish va daromadlarni oshirish bo‘lishi shart. Buning uchun manzilli yechimlar, aniq rejalar va natijaga yo‘naltirilgan ishlar kuchaytirilishi lozim. Mahalladagi muammolar va «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab berildi.
Og‘ir toifadagi mahallalarda infratuzilma, elektr ta’minoti, internet tarmog‘i va tomorqadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.
Joriy yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda, kelgusi yilda esa bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha pasaytirish rejalashtirilgan. Bunda aholini kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish va daromad manbalarini yaratish asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Prezident har bir kambag‘al oila bo‘yicha individual rivojlanish rejalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. «20 ta mahalliy brend», «Bir kontur – bir mahsulot», «Teng imkon», «Eksportchi kooperativlar» kabi dasturlar orqali 1 million nafar aholini qoplash maqsad qilingan.
Yig‘ilishda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish, chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlari va tun-kundiz ishlaydigan ko‘chalarni tashkil etish takliflari ham taqdim etildi. Prezident bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha vazifalarni yuksak mas’uliyat bilan bajarishni qat’iy talab qildi.





