add

Mahalliy tovar sertifikati xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi

Kecha 13:332 daqiqa

Tadbirkorlar uchun sertifikatlashtirish bilan bog‘liq moliyaviy yukni kamaytirishga doir yangi qaror qabul qilindi.

Mahalliy tovar sertifikati xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi

O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni sertifikatlashtirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu tartib hukumatning 2025 yil 29-dekabrda qabul qilingan 835-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizomda belgilandi.

Qaror mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda milliy mahsulotlar ulushini oshirish va tadbirkorlar xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan.

Yangi mexanizm orqali sertifikat yoki ekspert xulosasini olish jarayoni tadbirkorlar uchun yanada qulaylashtiriladi.

Nizomga muvofiq, Prezidentning 2025 yil 27-maydagi mebel va yog‘ochsozlik sanoatini rivojlantirishga oid qarori asosida O‘zbekekspertiza aksiyadorlik jamiyati vakolatli organ sifatida belgilandi.

U mebel va yog‘ochsozlik mahsulotlarining mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganini aniqlash bo‘yicha ekspertizani to‘lov undirmasdan amalga oshiradi.

Ekspertiza natijalariga ko‘ra mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat yoki ekspert xulosasi rasmiylashtiriladi. Ushbu hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy bosim bo‘lmasligi maqsadida kompensatsiya qilinadi.

Xarajatlarni qoplab berish vakolati Savdoni rivojlantirish kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatiga yuklatilgan. Kompensatsiya sertifikat yoki ekspert xulosasining amal qilish muddati davomida bir marta to‘lab beriladi.

Kompensatsiya olish uchun vakolatli organ har hafta yakunida tegishli ma’lumotlar kiritilgan reyestrni elektron shaklda subsidiya.epauzb.uz platformasi orqali kompaniyaga taqdim etadi.

Murojaatlar kelib tushgan sanadan boshlab 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, xarajatlarni qoplash bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid