Maktabga berilgan zarba ortida kim turibdi? Dalillar AQSHga ishora qilyapti

06.03.2026 | 21:553 daqiqa

28-fevral kuni Minob shahridagi qizlar maktabiga berilgan zarba, AQSH kuchlari tomonidan harbiy-dengiz bazasiga uyushtirilgan hujumning bir qismi bo‘lgan ko‘rinadi.

Maktabga berilgan zarba ortida kim turibdi? Dalillar AQSHga ishora qilyapti

28-fevral kuni Eron janubidagi Minob shahrida boshlang‘ich maktabga berilgan zarba — AQSH va Isroil Eronga hujum qilganidan beri tinch aholi orasida eng ko‘p qurbon berilgan hodisa bo‘ldi. Hozirgacha hech bir tomon mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.

Biroq, «The New York Times» tomonidan to‘plangan dalillar — jumladan yangi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va tasdiqlangan videolar — shuni ko‘rsatmoqdaki, maktab binosi Islom inqilobi muhofizlari korpusiga (IIMK) tegishli qo‘shni harbiy-dengiz bazasiga berilgan aniq zarbalar vaqtida qattiq shikastlangan.

AQSH rasmiylarining Xurmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi dengiz nishonlariga hujum uyushtirilgani haqidagi bayonotlari, ushbu zarba katta ehtimol bilan Amerika kuchlari tomonidan amalga oshirilganini anglatadi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt chorshanba kungi matbuot anjumanida AQSH maktabga zarba berganmi degan savolga:

«Bizning bilishimizcha, yo‘q», deb javob berdi va Urush vazirligi voqeani o‘rganayotganini qo‘shimcha qildi.

Talofatlar va voqea joyidan dalillar

Eron sog‘liqni saqlash rasmiylari va davlat OAVlari «Shajarai Tayyiba» boshlang‘ich maktabidagi portlash oqibatida kamida 175 kishi halok bo‘lganini bildirdi. Ularning aksariyati bolalardir. Ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlangan videolarda mahalliy aholi va qutqaruvchilar vayronalar ostidan jasadlarni qidirayotgani, ayollarning faryod chekayotgani aks etgan. Minob qabristonida halok bo‘lgan bolalar va o‘qituvchilar uchun yuzga yaqin qabr qazilgan.

Boshlang‘ich maktab Tehrondan qariyb 1000 kmdan ko‘proq masofada, muhim suv yo‘li bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidagi kichik Minob shaharchasida joylashgan. Shanba kuni Eronda ish haftasining boshlanishi bo‘lgani sababli zarba berilgan vaqtda bolalar va o‘qituvchilar darsda bo‘lishgan.

Zarbalar haqida birinchi bo‘lib mahalliy vaqt bilan soat 11:30 dan biroz o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda xabar berilgan.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili

Planet Labs kompaniyasidan olingan yangi sun’iy yo‘ldosh suratlari quyidagilarni tasdiqlaydi:

• Harbiy baza ichidagi to‘rtta bino butunlay vayron bo‘lgan.

• Yana ikkita binoning tomi markazidan aniq zarba nuqtalari ko‘rinadi.

• Maktab binosi ham xuddi shunday yuqori aniqlikdagi zarbaga uchragan.

Nishon nega tanlangan bo‘lishi mumkin?

«New York Times» tomonidan ko‘rib chiqilgan 2013 yilgi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, maktab bir vaqtlar Inqilob muhofizlari harbiy-dengiz bazasining bir qismi bo‘lgan. Bazaning boshqa hududlaridan shanba kuni zarba berilgan maktab binosiga yo‘llar olib borgan. Ammo 2016 yil sentabrdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari shuni ko‘rsatadiki, xuddi shu bino devor bilan ajratilgan va endi baza bilan bog‘lanmagan.

Ommaviy foydalanish mumkin bo‘lgan tarixiy sun’iy yo‘ldosh tasvirlari binoda maktabga xos belgilar, jumladan, vaqt o‘tishi bilan qo‘shilgan sport maydonchasi va boshqa dam olish joylari borligini ko‘rsatadi.

Stenford universiteti eksperti Bet Van Shaakning ta’kidlashicha, AQSHning razvedka imkoniyatlarini hisobga olganda, ular maktab yaqin atrofda ekanini bilishlari kerak edi.

Hujumdan keyingi bir necha kun ichida AQSH rasmiylari mas’uliyatni na tasdiqladi va na inkor etdi. Mudofaa vaziri Pit Hegset chorshanba kuni tergov ketayotganini aytdi. Isroil harbiy vakili Nadav Shoshani yakshanba kuni jurnalistlarga «hozircha u o‘sha vaqtda, u hududda Isroilning biron bir harbiy operatsiyasidan xabardor emasligini» bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid