Manba: Surxondaryo MMTB boshlig‘i pora bilan qo‘lga olindi

22.02.2026 | 10:022 daqiqa

Vaqt.uz manbalariga ko‘ra, u «Mening maktabim» loyihasi bilan bog‘liq tender jarayonlarida tadbirkordan pora olganlikda gumonlanmoqda.

Manba: Surxondaryo MMTB boshlig‘i pora bilan qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Husniddin Mamadiyev pora olishda gumonlanmoqda. Bu haqda Vaqt.uz manbalari xabar berdi.

Mamadiyev Jarqo‘rg‘onda amalga oshirilgan «Mening maktabim» loyihasi bilan bog‘liq tender jarayonlarida tadbirkordan pora olgani aytilmoqda.

Manbalar ushbu mansabdor 2025–2026 yillar davomida vositachilar orqali tadbirkorlardan bir necha bor pul talab qilgani, 3 200 va 5 000 AQSH dollari, shuningdek 447 mln so‘m va 120 mln so‘m miqdorida mablag‘lar olinganini qayd etadi.

Shuningdek, Termiz shahri Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi sobiq boshlig‘i Sirojiddin Ro‘ziqulov ham ushlangani aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, mazkur mansabdorlar 111 200 AQSH dollari hamda 567 mln so‘mni pora tariqasida olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi «a», «b», «v», «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Husniddin Mamadiyevning qo‘lga olinishi haqidagi xabarlar fonida uning turmush o‘rtog‘i Nafisa Bahodirovna ijtimoiy tarmoqda quyidagicha post qoldirdi. Bu mazkur holatga aloqador bo‘lishi mumkin:

«Biz yaxshimiz, xavotirga o‘rin yo‘q. Advokatlar ishlayapti. Nima bo‘ldi deb mendan so‘rayvermanglar. Ozgina muddat fikrimni jamlashim uchun menga tinchlik kerak», – deb yozadi ayol.

photo_2026-02-22_10-31-23

Voqealarning qiziq xronologiyasi

2026 yil 16-fevral kuni Prezident administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova lavozimidan ozod etildi va ertasi kuni, 17-fevralda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining pedagogik ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.

2023 yil mart oyidan beri Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Husniddin Mamadiyev esa joriy yil 17-fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaning tegishli buyrug‘iga asosan, vazirlik huzuridagi Maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish departamentining Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

Oradan 2 kun o‘tib, 19-fevralda Mamadiyevning birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Bekzod Toshpo‘latov viloyat MMTB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 70

Barchasi

Mavzuga oid