Markaziy bank faoliyatini tekshirish bo‘yicha yangi tartib belgilanmoqda

Bugun 18:052 daqiqa

Markaziy bank va uning tizimi faoliyatini tekshirishni tartibga soluvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Unda nazorat va tekshiruv mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.

Markaziy bank faoliyatini tekshirish bo‘yicha yangi tartib belgilanmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi kutilmoqda. Shuni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bugun, 13-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Bugungi majlisda Markaziy bank faoliyatini yanada takomillashtirish, uning mustaqilligi va bank tizimi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjat loyihalarini majburiy kelishish hamda kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlarni, korporativ boshqaruvni, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir va boshqa talablarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish taklif etilmoqda.

Tezkor huquqiy choralar

Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar ko‘rish maqsadida Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlarini kuchga kirishiga oid qoidalar belgilanmoqda.
Muhokamalarda so‘z olgan deputat Nodir Jumayev Markaziy bank mustaqilligi mamlakat iqtisodiyoti, moliya siyosatida muhim ekanligini qayd etdi. Uning aytishicha, bu ilmiy tadqiqotlarda ham, xalqaro tajribada ham o‘z isbotini topgan. Markaziy bankning valuta va narxlar barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni, shuningdek, tezkor qaror qabul qilishining ahamiyati dolzarb.

Deputatlar mazkur qonun loyihasi bank tizimidagi tavakkalchiliklarni samarali boshqarish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va zamonaviy xalqaro amaliyotlarni joriy etishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid