add

Marko Rubio: «Maduro — Venesuelaning nolegitim prezidenti»

04.01.2026 | 22:512 daqiqa

AQSH davlat kotibi Marko Rubio Nikolas Maduroni Venesuelaning nolegitim prezidenti deb atab, mamlakat tashqi kuchlar uchun platsdarmga aylantirilmasligini bildirdi.

Marko Rubio: «Maduro — Venesuelaning nolegitim prezidenti»

AQSH davlat kotibi Marko Rubio «NBC News» telekanaliga bergan intervyusida Nikolas Maduroni Venesuelaning nolegitim prezidenti deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Venesuela endilikda Eron, Rossiya, Xitoy, Kuba razvedka xizmatlari yoki «Hizbulloh» kabi tuzilmalar uchun operatsiyalarni muvofiqlashtirish markaziga aylanmasligi kerak.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Maduroda vaziyatni keskinlashtirmaslik uchun ko‘plab imkoniyatlar bo‘lgan, ammo u boshqacha yo‘lni tanlagan. «U ayyorono o‘yin qildi va yutqazdi», — dedi AQSH davlat kotibi.

AQSH prezidenti Donald Tramp esa Venesueladagi o‘tish davrida mamlakatni «guruh bo‘lib birgalikda» boshqarish niyati borligini aytdi, biroq mazkur guruh tarkibiga kimlar kirishini aniqlashtirmadi. Rubio bu missiya Kongress roziligini talab qilmaydigan operatsiya ekanini ta’kidladi.

AQSH milliy qonunchiligiga ko‘ra, prezident Qurolli Kuchlar oliy Bosh qo‘mondoni sifatida Kongress ruxsatisiz qo‘shinlarni xorijda 60 kungacha qo‘llash huquqiga ega. Bunda harbiy harakatlar boshlanganidan keyin 48 soat ichida Kongressga rasmiy hisobot taqdim etilishi shart. Shu bilan birga, AQSH prezidenti mustaqil ravishda urush e’lon qila olmaydi — bu vakolat faqat Kongressga tegishli.

Rubio, shuningdek, AQSHga venesuela nefti kerak emasligini, ammo Vashington Venesuela neft sanoatining AQSH raqiblari qo‘lida bo‘lishini qabul qila olmasligini bildirdi.

Bu orada Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes «Telesur» telekanali orqali chiqish qilib, AQSH harbiylarini Maduroni olib chiqish vaqtida uning xavfsizlik xizmati xodimlarining katta qismini «sovuqqonlik bilan yo‘q qilganlikda» aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 3-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan operatsiya chog‘ida harbiylar va tinch aholi vakillari orasida qurbonlar bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid