Meningit: u qanday kasallik va unga qarshi vaksinalar haqida

Bugun 16:155 daqiqa

So‘nggi oylarda O‘zbekiston hududida meningit bilan kasallanish holatlarining qayd etilishi aholi orasida muayyan xavotir va savollarga sabab bo‘lmoqda. Vaqt.uz mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu kasallik, uning tarqalishi va qanday himoyalanish haqida batafsil ma’lumotnoma tayyorladi.

Meningit: u qanday kasallik va unga qarshi vaksinalar haqida © SI asosida yaratilgan

23-aprel kuni Respublika Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi O‘zbekistonda meningit (qo‘zg‘atuvchisi — meningokok infeksiyasi) bilan kasallanish holatlari kuzatilayotgani haqida xabar berdi.

Qo‘mita bayonotiga ko‘ra, 2026-yilda aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz ortgan. 2026-yilning I choragida 174 ta meningit holati ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil qilgan. Infeksiyaning tarqalish dinamikasiga ko‘ra, kasallanish holatlari aprelda mart oyiga nisbatan 14 foizga kamaygan.

Qo‘mita axborot xizmatining ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda vahima uchun asos yo‘q, respublikada epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash uchun kerakli choralar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, har kim kasallikning ilk alomatlari, yuqish yo‘llari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishi, o‘zi va yaqinlarining holatini kuzatib borishi, shuningdek, himoya choralariga amal qilishi lozim.

 

Bu qanday kasallik?

Meningit — bosh va orqa miya pardalarining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar sababli yuzaga keladi. Kasallik yuqumlilik darajasining yuqoriligi va shiddatli rivojlanishi bilan xavflidir. Mazkur kasallik dunyoning aksariyat mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimidagi jiddiy muammo bo‘lib, kasallikka chalingan bemorlarning o‘lim holatlari va nogironlik darajasining yuqoriligi sababli jiddiy e’tiborni talab qiladi.

Meningit bakteriyalar yoki viruslar tufayli yuqishi mumkin. U asosan havo-tomchi yo‘li — yo‘talish yoki aksirish paytida shilliq yoki so‘lak orqali tarqaladi. Shuningdek, bemor yoki infeksiya tashuvchisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish orqali ham yuqishi mumkin.

 

Meningit alomatlari qanday?

Meningokok infeksiyasi organizmga tushganida asab tizimini shikastlaydi. Bemorda kuzatiladigan ilk belgilar:

·       tana haroratining keskin o‘ta yuqori darajaga ko‘tarilishi;

·       kuchli bosh og‘rig‘i;

·       bo‘yin mushaklarining qisqarishi va tortilib qolishi;

·       ko‘ngil aynishi, qusish (bolalarda diareya);

·       qusgandan keyin ham yengillik sezilmasligi;

·       idrok qobiliyatida buzilish va gallyutsinatsiyalar;

·       ovoz yoki yorug‘likka o‘ta sezuvchanlik;

·       qizil yoki ko‘kimtir toshmalarning paydo bo‘lishi.

Bunday holatlar kuzatilganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur, chunki kasallikning jiddiy oqibatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ilk soatlardanoq tibbiy choralar ko‘rilishi kerak.

 

Qanday himoyalanish kerak?

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, meningokok infeksiyasini yuqtirmaslik uchun bemor bilan muloqotda bo‘lmaslik, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish zarur. Shuningdek, himoyalanishning eng ishonchli va samarali usuli — emlanish. Xususan, xorijga safarni rejalashtirganlarga vaksina qat’iy tavsiya etiladi.

Mazkur kasallikka qarshi vaksina milliy emlash taqvimida nazarda tutilmagan. Faqat epidemiologik surishtiruv asosida bemor bilan bevosita muloqotda bo‘lgani aniqlangan shaxslar davlat hisobidan bepul emlanadi. Ayni maqsadda hozirgacha 4862 nafar fuqaro emlash bilan qamrab olingan.

Infeksiyadan himoyalanmoqchi bo‘lganlar xususiy tartibda vaksinatsiya markazlariga murojaat qilib, emlanishlari mumkin.

 

Qaysi vaksinani tanlash kerak?

Malakali bolalar shifokori Artyom Batmanov meningokok infeksiyasiga qarshi vaksinalarning xususiyatlari haqida ma’lumot berdi:

– Meningokok bitta infeksiya emas, butun boshli to‘da. Uning bir necha turlari mavjud: A, C, W, B, Y. MDH davlatlari (xususan, O‘zbekiston) hududida asosan B, C, W va A turlari uchraydi.

Dunyodagi hech bir vaksina infeksiyaning barcha turlarini bir martada bitta inyeksiyada qamrab olmaydi.

O‘zbekistonda mavjud vaksinalar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularni zamonaviy/oqsilli va polisaxarid vaksinalarga ajratish mumkin. Oqsilli ineksiya immunitetda uzoq muddatli xotira paydo qiladi, kasallik tashuvchisini o‘ldiradi, chaqaloqlarda ham himoya hosil qiladi.

Polisaxarid turlari esa 3-5 yil himoya qiladi, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ta’sir qilmaydi. Shu bois mutaxassis sifatida oqsilli vaksinalarni tanlashni tavsiya qilaman.

Har bir vaksina turini alohida ko‘rib chiqamiz:

Menastra (Ishlab chiqaruvchi — Rossiya): chaqaloqlarda 9 oylikdan boshlab mumkin. A, C, W, Y turlaridan himoyalaydi.

MenQuadfi (Ishlab chiqaruvchi — Fransiya): chaqaloqlarda olti haftalikdan boshlab mumkin. A, C, W, Y turlaridan himoyalaydi.

Menfive (Ishlab chiqaruvchi — Hindiston): A, C, W, Y, X turlaridan himoyalaydi. Kam uchraydigan shtammni ham qamrab olgani sababli Afrika hududiga boruvchilar uchun yaxshi tanlov.

Menveyd (Ishlab chiqaruvchi — Hindiston): 9 oydan boshlab barcha yosh toifalari uchun. A, C, W, Y, X turlaridan himoyalaydi.

Menivax (Ishlab chiqaruvchi — Xitoy): A, C, W, Y turlaridan himoyalaydi. 2 yoshdan boshlab qilish mumkin. Polisaxaridli, nisbatan eski avlod vaksinasi hisoblanadi.

Bexcero (Ishlab chiqaruvchi — Britaniya): eng xavfli hisoblangan B turidan himoyalaydi. Bolalarga  2 oylikdan boshlab mumkin.

Trumenba (Ishlab chiqaruvchi — AQSH): B turidan himoyalaydi. 10 yoshdan kattalar uchun. Bexceroʼga yaxshi muqobil.

Mencevax (Ishlab chiqaruvchi — Belgiya): A, C, W, Y turlaridan himoyalaydi. Polisaxaridli vaksina, texnologik jihatdan eski avlod sanaladi.

Mikrogen (Ishlab chiqaruvchi — Rossiya): A va C turlaridan himoya. Chaqaloqlarga to‘g‘ri kelmaydi. Polisaxaridli, eski avlod vaksinasi.

Nimenreks  (Ishlab chiqaruvchi — Belgiya): A, C, W, Y 135. Olti haftadan boshlab qo‘llash mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, asosan infeksiyaning B turi uchun alohida va boshqa turlari uchun alohida vaksina emlanadi. Infeksiyadan to‘liq himoyaning oltin formulasi: A, C, W, Y turlari uchun alohida hamda B turi uchun alohida inyeksiya olish. Chunki ikkalasi bir birining o‘rnini to‘ldira olmaydi.  Bu ikki vaksinani bir vaqtda olish mumkin. Faqat alohida shpritsdan foydalanish va tananing turli qismlariga ineksiya qilish kerak.

Emlashdan so‘ng isitma va inyeksiya joyida biroz og‘riq kuzatilishi mumkin. Umumiy hisobda, emlash jarayoni yengil kechadi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekistondagi emlash markazlarida asosan Menivax vaksinasi taklif qilinmoqda. Ushbu vaksina bitta dozadan iborat bo‘lib, narxi o‘rtacha 600-650 ming so‘mni tashkil etadi. Oqsilli vaksina turlarining narxi 2 mln so‘mdan boshlanadi.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid