add

Metan to‘ldirish shoxobchalari 6 soat ishlaydi: vodiydan tashqari

Bugun 07:583262 daqiqa

O‘zbekistonda 23-dekabr kuni ham metan to‘ldirish shoxobchalari cheklangan tartibda ishlaydi, Farg‘ona vodiysida esa ish vaqti gaz bosimiga qarab belgilanadi.

Metan to‘ldirish shoxobchalari 6 soat ishlaydi: vodiydan tashqari

O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari 23-dekabr kuni ham cheklangan ish rejimida faoliyat yuritadi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, respublika bo‘ylab metan quyish shoxobchalari kuniga olti soat — soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi. Ushbu grafik oldingi kunlarda ham amal qilgan.

Farg‘ona vodiysi hududlarida esa AGTKSHlarning ish vaqti alohida tartibda belgilanadi. Bu yerda metan quyish shoxobchalarining ish rejimi mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan holda, gaz bosimi darajasiga qarab belgilanadi. Vazirlik bu qarorni hududda gaz bosimining pastligi bilan izohlamoqda.

Qayd etib o‘tish kerak, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qator kunlardan buyon birorta metan shoxobchasi ishlamayapti.

Energetika vazirligi tushuntirishicha, gaz bosimi kamaygan paytlarda avvalo aholini, jamoat transportini hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor hisoblanadi. Shu sababli metan zapravkalari ish rejimi umumiy gaz ta’minoti holati, bosim darajasi va iste’mol hajmidan kelib chiqib belgilab boriladi.

11-dekabr kuni vazirlik respublika bo‘ylab AGTKSHlar ishi cheklanishini e’lon qilgan edi. Bunga «qo‘shni davlatlardan birida”gi (keyinchalik u Turkmaniston ekani ma’lum bo‘ldi) gaz-transport tizimidagi nosozlik sababli gaz importi qisqargani asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan. Rasmiylarga ko‘ra, ushbu nosozlik kunlik taxminan 6 mln kub metr gaz tanqisligiga olib kelgan.

Toshkent shahrida cheklovlar nisbatan yumshoq bo‘lib, ayrim metan zapravkalari tungi soatlardagina yopilgan. Viloyatlarda esa ko‘plab shoxobchalar kuniga 12 soatgacha ishlamoqda yoki ayrim hududlarda umuman faoliyat yuritmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim zapravkalar bir necha kundan beri yopiq ekani haqida xabarlar ham tarqalgan.

Teglar

Mavzuga oid