Migratsiya markazi uchun har bir viloyatga 8 mlrd so‘mdan ajratiladi
Prezident viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga «Intil» xalqaro o‘quv markazi tajribasini o‘zlashtirgan holda, barcha hududlarda yagona migratsiya markazlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.
© Prezident matbuot xizmati2027-yili O‘zbekistonning har bir hududida yagona migratsiya markazlari tashkil etiladi va bu maqsadda har bir viloyatga 8 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bu haqda 2-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mehnat migratsiyasi sohasidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga «Intil» xalqaro o‘quv markazi tajribasini o‘rgangan holda ushbu markazlarni ochish vazifasi yuklatildi. Yig‘ilishda jahon mehnat bozorida 168 million kishi xorijiy migratsiyada ekani, mamlakatda xorijda ishlash istagidagi fuqarolar va boshqa davlatlardagi ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni o‘zaro bog‘lash rahbarlar oldidagi asosiy vazifa ekani qayd etildi.
«Inson o‘z kasbini puxta egallasin, o‘z qadrini bilsin, o‘z yurtiga tayana olsin!» — dedi prezident.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni ikki baravar kamaygan bo‘lsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablag‘lari to‘rt karra oshgan. Bu ko‘rsatkich fuqarolarning chet elga oddiy ishchi emas, balki malakali kadr sifatida borayotganini ko‘rsatadi.
Mehnat migratsiyasi yo‘nalishida hamkorlik qilinayotgan davlatlar soni 3 tadan 27 taga, yirik xorijlik ish beruvchilar soni esa qariyb 400 taga ko‘paygan.
Hududlar o‘rtasidagi tafovut va xorijiy tillarni o‘rganish ehtiyoji
Xorijda ishlayotgan fuqarolarning daromadlarida viloyatlar kesimida katta farq kuzatilmoqda. Xususan, bir kishiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik pul o‘tkazmasi Farg‘onada 1 850 dollarni tashkil qilsa, Qoraqalpog‘iston va Toshkent viloyatida 400 dollarga, Sirdaryoda 500 dollarga, Jizzax va Navoiyda 600 dollarga, Surxondaryo va Xorazmda esa 700 dollarga ham yetmayapti. Hokimlar, elchilar va texnikum rahbarlariga odamlarni yuqori daromadli ishlarga tayyorlash bo‘yicha ishlarni qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
«Aslida, inson qayerda ishlashi, qancha maosh olishi, huquqini kim himoya qilishini bilib borishi kerak!» — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi ilk bor Markaziy Osiyodan mutaxassislarni jalb etishni o‘z migratsiya strategiyasiga kiritgani, biroq bundan yetarlicha foydalanilmayotgani tanqid qilindi.
Masalan, Buyuk Britaniyada 33 ming ishchi kuchiga ehtiyoj borligiga qaramay, u yerga asosan qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga fuqarolar yuborilmoqda. Tibbiyot, logistika va sanoat sohalarida aniq kelishuvlar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Chet tillarini bilish yuqori daromadli ish topishning asosiy sharti sifatida belgilandi. Joriy yilda Germaniyadan 45 ming mutaxassisga buyurtma kelib tushgan, ammo nemis tilini biladigan kadrlar yetishmasligi sababli atigi 2 ming kishi ishga joylashgan. Shu bois, kasbga o‘qitish bilan birga til tayyorgarligini olib borish, xususan, kelasi yili 10 ming kishini kasb va nemis tiliga o‘rgatib, Germaniyaga ishga yuborish belgilandi.
«Yoshlarga ingliz tilini qanday o‘rgatayotgan bo‘lsak, nemis tili bo‘yicha ham shunday yondashuv kerak», — dedi davlat rahbari.
Ushbu maqsadda kelasi yil maktab va texnikumlarga 500 nafar nemis tili egasi bo‘lgan o‘qituvchilar jalb qilinadi. Oliy ta’lim muassasalarida nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi ikki karra oshiriladi. Shuningdek, 20 ta texnikum tanlab olinib, kelgusi yildan ularni Germaniya, Yaponiya va Koreya singari xorijlik ish beruvchilar talabi asosida kadr tayyorlashga moslashtirish topshirildi.





