add

Mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatishga ruxsat berildi

21.10.2025 | 18:402762

Markaziy bank qarori bilan mikromoliya va faktoring tashkilotlari hamda lombardlar endi islomiy moliya tamoyillari asosida xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda mikromoliya, faktoring tashkilotlari va lombardlarga islomiy moliya xizmatlarini taqdim etishga rasman ruxsat berildi. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi qarorida ma’lum qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, mazkur tashkilotlar «Mikromoliya tashkilotlari va lombarlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish to‘g‘risida»gi nizom doirasiga kiritildi. Shu bilan birga, ularga islomiy moliyaning bir qator xizmat turlarini amalga oshirish huquqi berildi.

Xususan, islomiy ijara, murobaxa (nasiya savdoga asoslangan moliyalash), muzoraba (foydani taqsimlash asosidagi sheriklik), mushoraka (foyda va zararni bo‘lish asosidagi sheriklik) hamda salam (oldindan to‘lov asosidagi moliyalash) xizmatlarini ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

Qarorda tashkilotlar faoliyatidagi zaxira fondlarini shakllantirish, aktivlar sifatini baholash va «umidsiz» qarzlarni hisobdan chiqarish tartiblari ham aniq belgilab berilgan. Shuningdek, kapitalning yetarlilik koeffitsiyenti jami xususiy kapitalning aktivlarga nisbati orqali hisoblanadi va u 10 foizdan kam bo‘lmasligi shart.

Nizomga muvofiq, bir qarzdor yoki o‘zaro bog‘liq qarzdorlar guruhiga to‘g‘ri keladigan tavakkalchilik tashkilot kapitalining 25 foizidan, barcha yirik tavakkalchiliklar yig‘indisi esa 5 barobaridan oshmasligi lozim.

Mikromoliya va faktoring tashkilotlari hamda lombardlar har oy Markaziy bankka to‘liq moliyaviy hisobot taqdim etishi majburiy hisoblanadi. Hisobotlar islomiy ijara, murobaxa, muzoraba, mushoraka va salam xizmatlari bo‘yicha ma’lumotlarni ham qamrab oladi. Elektron hisobotlarni yuborishning so‘nggi muddati har oyning 10-sanasi etib belgilangan.

O‘zbekistonda islomiy moliya tizimini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar bir necha yildan buyon davom etmoqda. 2024 yilda «Islomiy bank to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u fuqarolar va biznes uchun muqobil moliyaviy xizmatlarni joriy etishni ko‘zda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz islomiy banklarning asosiy maqsad va cheklovlarini, litsenziya masalasidagi yangiliklarni, shuningdek 2018 yildan buyon davom etayotgan jarayonlarni hamda o‘zbekistonliklarning bu xizmatlarga qay darajada ehtiyoji borligini tahlil qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid