add

Millatchilik qurboni, odam o‘ldirgan IIB xodimi, energetikadagi iste’folar — hafta dayjesti

Bugun 17:551476 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

Odamlar vahshiylashib ketyapti. Qarshisida turgani o‘zi tengimi yoki murg‘ak — ayrim qotillarga buning farqi yo‘q. O‘ldirishni reja qildimi, tamom — o‘ldiradi. U 10 yoshar go‘dak bo‘lsa ham.

Bu hafta dunyo mediasi millatchilik qurboni bo‘lgan Qobiljon haqida gapirdi. U maktabga o‘qish uchun oyog‘i bilan borib, tobutda qaytdi. 10 yoshli Qobiljon Aliyev asli Tojikiston fuqarosi edi va Moskva viloyatidagi maktabda o‘qirdi. Onasi shu maktabda farrosh bo‘lib ishlardi.

15 yoshli o‘smir tomonidan sodir etilgan qurolli hujum oqibatida Markaziy Osiyolik bola shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Bu hafta ushbu voqea butun dunyo onalarini yig‘latdi. Hodisa haqida batafsil Vaqt.uz’ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ko‘ring.

Bugun haftalik dayjestimizda:

  • Odam o‘ldirib, uni yashirishga uringan IIB xodimi

  • Sovuqda muzlab halok bo‘lgan 3 nafar odam

  • Qamoqqa olingan Iqbol tabib

  • Energetika sohasidagi iste’folar va tayinlovlar

AQSHdagi otishmada o‘zbekistonlik talaba halok bo‘ldi

AQSHning eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Braun universitetida 13-dekabr kuni sodir bo‘lgan otishma o‘zbekistonlik talaba MuhammadAziz Umurzoqovning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi.

13-dekabr kuni sodir bo‘lgan otishmada ikki talaba halok bo‘ldi, yetti kishi jarohat oldi. Vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi, 2007 yilda tug‘ilgan Muhammadaziz Umurzoqov ham bor.

Otishmani sodir etganlikda gumonlanayotgan 24 yoshli Benjamin Erikson qo‘lga olindi. U AQSH Qurolli kuchlarida harbiy bo‘lgan va snayperlik tayyorgarligidan o‘tgani ma’lum bo‘ldi. U nima uchun bu ishni qilgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur holatni tasdiqlab, marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. AQSHdagi vakolatxonalar esa marhumning qarindoshlari bilan aloqada bo‘lib, tegishli idoralar bilan hamkorlik qilmoqda.

Shuningdek, qotillik ortidan AQSHdagi o‘zbekistonliklar senatorlarga xat yo‘lladi.

Mazkur fojia jamoatchilikning katta e’tiborini tortdi va keng xayriya harakatini boshlab berdi. Muhammad Aziz Umurzoqov xotirasiga qariyb 260 ming dollar yig‘ildi. Marhumning singlisi Samira Umurzoqova tomonidan boshlangan xayriya kampaniyasi orqali oilaviy xarajatlarni qoplash va qolgan mablag‘ni uning nomidan xayriya ishlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Bekobodda IIB xodimi mashinada odam urib o‘ldirdi

Bekobodda ichki ishlar xodimi mashinada odam urib o‘ldirib, murdani yashirgan. Ha, to‘g‘ri, jinoyat sodir etilganda uni aniqlashi kerak bo‘lgan ichki ishlar xodimining o‘zi jinoyat sodir etgan. Bu holat jamiyatda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 11-dekabr kuni Bekobod tumani «Qoraquyli» MFY hududidan o‘tgan «Qorasuv—Bo‘ka—Bekobod» avtomobil yo‘lining 64-kilometrida oq rangli Nexia-3 rusumli avtomashina piyodani urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Ushbu avtohalokat oqibatida 43 yoshli erkak vafot etgan.

Holat yuzasidan Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi va 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi shaxsga «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mahalliy OAVlar o‘z manbasiga tayanib ma’lum qilishicha, IIB xodimi jasadni Sirdaryoga oqizib yuborgan.

Farg‘onalik tabib Iqbol Soliyev qamoqqa olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda odamlarni «qo‘li bilan davolab» trenddan tushmaydigan farg‘onalik tabib Iqbol Soliyev qamoqqa olindi. Dastlab, uning O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomasi muddati tugaganiga qaramay, noqonuniy faoliyat olib borgani aniqlangani xabar qilindi.

Oradan bir kun o‘tib, Qo‘qon shahar sudining 17-dekabrdagi qarori bilan Farg‘onada tug‘ilgan, xalq tabobati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi (xalq tabobati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortilgani ochiqlandi.

Energetika sohasidagi iste’folar va tayinlovlar

Yarangizni yangilab, «Uyingizda gaz bormi, svet o‘chmayaptimi?» deb so‘ramaymiz. 2021 yil iyul oyida «O‘zbekistonning gazi 3 ta O‘zbekistonni boqa oladi», degan o‘sha paytdagi energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etildi.

Prezident farmoni bilan ishdan olingan Sultonovning nega ketgani va qayerga ketgani hozircha ma’lum emas.

Bu hafta energetika sohasidagi amaldorlarning kursici sal qimirlagandek bo‘ldi. «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi o‘zgardi — Siddiqov o‘rniga Sanginov ish boshladi.

2023 yil 12-martdan buyon «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi sifatida ishlab kelgan Bahodirjon Siddiqov ishdan olindi. Uning o‘rnini sohaga begona bo‘lmagan Abdug‘ani Sanginov egalladi.

Bahodirjon Siddiqov ishdan olinib, qaysi lavozimga qo‘yilgani haqida hozircha ma’lumotlar mavjud emas.

«O‘zbekneftgaz» AJning yangi boshqaruvi raisini shaxsan Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov yig‘ilish o‘tkazib tanishtirgan. Abdug‘ani Sanginov esa o‘z navbatida «O‘zbekneftgaz»ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qisqa muddatda tasdiqlash va gaz qazib olishni barqarorlashtirishni asosiy vazifa sifatida belgilashini ma’lum qildi.

Mirziyoyeva Urgutdagi chekka qishloqqa bordi

O‘zbekistonda 200 dan ortiq tug‘ruqxona bor. Afsuski, ularning barchasi ham talabga javob bermaydi.

Bu hafta Prezidentning to‘ng‘ich qizi, Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyati Urgut tumanidagi «Navoiy» nomli poliklinika faoliyati bilan tanishdi. U tashrif davomida tibbiyot muassasasining moddiy-texnik holati, xizmat sifati va aholiga tushayotgan yuklamaga alohida e’tibor qaratdi.

Mirziyoyevaning aytishicha, Prezident Urgutga qarash masalasini shaxsan unga topshirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, poliklinika 1972 yilda qurilgan bo‘lib, kapital ta’mir va zamonaviy standartlarga moslashtirishga muhtoj. U 13 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi va 16 qishloq uchun yagona tug‘ruq qabul qiladigan tibbiyot markazi hisoblanadi.

«Yuklama nihoyatda katta, sharoit esa izoh talab qilmaydi. Zah xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomg‘ir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti», — dedi Saida Mirziyoyeva bino holatini o‘rganib.

Mast vazir ishdan olindi

Pivo ichib avtomobil boshqargan ta’lim vaziri ishdan olindi. Hayratlanmang — bu O‘zbekistonda emas, Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan holat.

Qirg‘izistonda mansabdor shaxslar javobgarligi masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu voqea mamlakat ta’lim tizimi rahbariyatida jiddiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi.

Qirg‘iziston fan, oliy ta’lim va innovatsiya vaziri Baxtiyor O‘rozov Chuy viloyatining Qoy-Tosh qishlog‘ida mast holda avtomobil boshqargani uchun qo‘lga olingan. Kaktus.media tomonidan e’lon qilingan videoyozuvda Baxtiyor O‘rozovning o‘zi ham pivo ichganini tan olgani aks etgan.

Bu holat jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyati masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov fan va ta’lim vaziri Baxtiyor O‘rozovni «davlat xizmatchisi etikasiga rioya qilmagani» uchun lavozimidan ozod qildi. Ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmon 15-dekabr kuni imzolanib, shu kuni davlat rahbarining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.

Qozog‘istonda 3 kishi sovuqdan muzlab halok bo‘ldi

Tayyor turing: shanba, yakshanba kunlari O‘zbekistonga nam havo massalarining yangi qismi kirib keladi. Vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechasi −5 darajagacha sovuq, kunduzi esa +5 darajagacha iliq bo‘ladi. Bizda havo muzlab qoladigan darajaga yetmasa-da, issiq kiyimlarni tayyorlab qo‘yish, bosh kiyim kiyishni unutmang.

O‘tgan hafta Qozog‘istonda kuzatilgan keskin sovuq ob-havo insonlar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirdi va favqulodda cheklov choralarini joriy etishga sabab bo‘ldi.

Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida kuchli sovuq oqibatida uch nafar erkak gipotermiyadan halok bo‘ldi. Xabarga ko‘ra, G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida 15-dekabr kuni bedarak yo‘qolgan 57, 25 va 35 yoshli erkaklarning jasadlari topilgan. Politsiya ularning o‘limiga tana haroratining keskin pasayishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Noqulay ob-havo sabab 15-dekabr soat 14:00 dan Ostona shahridan chiqishdagi barcha magistral yo‘llarda transport harakati vaqtincha cheklandi. Sinoptiklar 21-dekabrgacha kuchli qor yog‘ishi va havo harorati −20 darajagacha tushishini prognoz qilmoqda. Shu bois poytaxtda ayrim shahar atrofi avtobus qatnovlari ham to‘xtatilgan.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 10

Barchasi

Mavzuga oid

Millatchilik qurboni, odam o‘ldirgan IIB xodimi, energetikadagi iste’folar — hafta dayjesti | Vaqt.uz