Logo

Milliarder Ronaldu, 17 yoshli debyutant va 727 millionlik sovrin — JCH-2026 raqamlarda

Kecha 21:306 daqiqa

O‘zbekiston ishtirok etadigan 2026-yilgi Jahon chempionati bir vaqtning o‘zida eng ko‘p jamoa, eng ko‘p o‘yin va eng katta mukofot jamg‘armasi bo‘yicha rekordlarni o‘rnatmoqda. Turnir tarixidagi muhim statistik ko‘rsatkichlar bilan tanishing.

Milliarder Ronaldu, 17 yoshli debyutant va 727 millionlik sovrin — JCH-2026 raqamlarda

2026-yilgi mundial tarixdagi eng muhtasham mundial sifatida bir qator rekordlarni qayd etib ulgurdi. Eng ko‘p mezbon davlat, eng ko‘p o‘yin va tashkilotchilar tomonidan kutilayotgan muxlislar tashrifi bo‘yicha rekord shular jumlasidandir.

Tarixda ilk bor ushbu global futbol musobaqasiga uchta davlat — Kanada, Meksika va AQSH mezbonlik qilmoqda. 16 ta shaharda jami 104 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, musobaqa avvalgidek 32 ta emas, balki 48 ta jamoa ishtirokidagi kengaytirilgan formatda o‘tkazilmoqda.

FIFA 1994 yilgi AQSHdagi Jahon chempionatida o‘rnatilgan «3,5 million muxlis rekordi» bu yilgi musobaqada yangilanishini ta’kidlamoqda. Biroq chiptalar savdosining past ko‘rsatkichlari bunga biroz shubha uyg‘otadi.

«Al Jazeera» nashri Jahon chempionatlari tarixidagi eng muhim statistik ma’lumotlarni havola etdi.

Eng ko‘p chempionlik qaysi terma jamoaga tegishli?

⚽ Braziliya (1958, 1962, 1970, 1994 va 2002)

Braziliya terma jamoasi 5 ta chempionlik bilan yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Qolaversa, ular 1930 yildan beri musobaqaning barcha mavsumlarida qatnashib kelayotgan yagona jamoadir. «Pentakampeonlar» shu vaqtgacha jami 7-marta finalda va 11-marta yarim finalda maydonga tushishgan.

Germaniya va Italiya hisobida 4 tadan chempionlik bor. Ammo Italiya Jahon chempionatini ketma-ket uchinchi bor o‘tkazib yuborayotgani sababli, bu yil faqat nemislarda sovrinlar soni bo‘yicha Braziliyaga yetib olish imkoniyati mavjud.

Shaxsiy rekordlarga kelsak, braziliyalik afsonaviy futbolchi Pele faoliyati davomida eng ko‘p (3-marta) Jahon chempioni bo‘lish rekordini o‘zida saqlab turibdi (1958, 1962, 1970). Uning jamoadoshlari Bellini va Kastilo 1958 hamda 1962 yillarda u bilan birga ikki karra chempion bo‘lishgan. Kafu esa 1994 va 2002 yillarda chempionlik kubogini boshi uzra baland ko‘targan.

Jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi kim?

⚽Miroslav Kloze (16 ta gol)

Germaniyalik hujumchi to‘rtta Jahon chempionati doirasidagi 24 ta o‘yinda 16 ta gol urib, ushbu ro‘yxatda yakka peshqadamlik qilmoqda.

Ushbu nufuzli ro‘yxatdan joy olgan boshqa to‘purarlar:

  • Ronaldo (Braziliya) – 4 ta Jahon chempionati, 19 ta o‘yin, 15 ta gol

  • Gerd Myuller (G‘arbiy Germaniya) – 2 ta Jahon chempionati, 13 ta o‘yin, 14 ta gol

  • Jyust Fonten (Fransiya) – atigi 1 ta Jahon chempionati, 6 ta o‘yin, 13 ta gol

  • Lionel Messi (Argentina) – 5 ta Jahon chempionati, 26 ta o‘yin, 13 ta gol

  • Kilian Mbappe (Fransiya) – 2 ta Jahon chempionati, 14 ta o‘yin, 12 ta gol

  • Pele (Braziliya) – 4 ta Jahon chempionati, 14 ta o‘yin, 12 ta gol

Bir Jahon chempionati doirasida eng ko‘p gol urgan futbolchi kim?

Jyust Fonten (13 ta gol)

Fransiyalik hujumchi 1958 yili Shvetsiyada o‘tgan Jahon chempionatida atigi 6 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Bitta musobaqada eng ko‘p gol urgan boshqa to‘purarlar:

·         Shandor Kochish (Vengriya), JCH-1954 – 11 ta gol

·         Gerd Myuller (G‘arbiy Germaniya), JCH-1970 – 10 ta gol

·         Ademir (Braziliya), JCH-1950 – 9 ta gol

·         Eysebio (Portugaliya), JCH-1966 – 9 ta gol

·         Gilermo Stabile (Argentina), JCH-1930 – 8 ta gol

·         Ronaldo (Braziliya), JCH-2002 – 8 ta gol

·         Kilian Mbappe (Fransiya), JCH-2022 – 8 ta gol

JCH-2026ning eng yosh futbolchisi kim?

Xilberto Mora (turnirning ochilish kuni — 11-iyunda 17 yoshu 240 kun)

2025 yilning yanvar oyida Mora 16 yoshida Meksika terma jamoasi safida debyut qilib, mamlakat tarixidagi eng yosh futbolchiga aylangan edi. U 2024 yilning avgust oyida, 15 yoshlik paytidayoq Meksika oliy divizionida asosiy tarkibda maydonga tushgan va gol urgan eng yosh o‘yinchi sifatida rekord o‘rnatgandi.

Umuman olganda, joriy musobaqada 20 yoshdan kichik bo‘lgan jami 22 nafar futbolchi ishtirok etmoqda.

JCH-2026ning eng yoshi katta futbolchisi kim?

Kreyg Gordon (turnirning ochilish kuni — 11-iyunda 43 yoshu 162 kun)

Bu — 2004 yilda terma jamoada ilk bor maydonga tushgan Gordonning Jahon chempionatlaridagi debyuti hisoblanadi.

Musobaqa tarixidagi mutlaq rekord esa hamon Misr terma jamoasi darvozaboni Essam al-Hadariyga tegishli — u JCH-2018da maydonga tushganida 45 yoshda edi.

Bu yilgi turnirda 40 va undan yuqori yoshdagi jami 7 nafar futbolchi ro‘yxatdan o‘tgan. Boshqa faxriy futbolchilar qatoriga quyidagilar kiradi:

·         Krishtianu Ronaldu (Portugaliya), 41 yosh – faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati

·         Gilermo Ochoa (Meksika), 40 yosh – faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati

·         Manuel Noyer (Germaniya), 40 yosh – faoliyatidagi beshinchi Jahon chempionati

·         Luka Modrich (Xorvatiya), 40 yosh – faoliyatidagi beshinchi Jahon chempionati

·         Lionel Messi (Argentina), 38 yosh – faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati

Nechta jamoa musobaqada debyut qilmoqda?

To‘rtta (Kabo-Verde, O‘zbekiston, Iordaniya va Kurasao)

Bu 8 ta jamoa ilk bor qatnashgan JCH-2006dan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Joriy turnirda jami 891 nafar futbolchi o‘z faoliyatida birinchi marta Jahon chempionati havosidan bahramand bo‘lmoqda.

Eng boy futbolchi kim?

Krishtianu Ronaldu (1,4 milliard dollar)

Ronaldu «Forbes» talqiniga ko‘ra 1,4 milliard dollarlik boylik bilan tarixdagi ilk milliarder futbolchiga aylangan. U yirik brendlar bilan hamkorlik va Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubi bilan tuzilgan serdaromad shartnomasi tufayli dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchilari ro‘yxatida muntazam ravishda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Jahon chempionatlarida eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi kim?

Lionel Messi (26 ta o‘yin)

Argentina futboli afsonasi beshta mundial (2006, 2010, 2014, 2018, 2022) davomida jami 26 ta o‘yinda maydonga tushgan.

Undan keyingi o‘rinlarni mos ravishda 25 va 24 ta o‘yin bilan germaniyalik Lotar Matteus hamda Miroslav Kloze egallab turibdi. Italiyalik Paolo Maldini hisobida 23 ta, Krishtianu Ronalduda esa 22 ta o‘yin mavjud.

Eng yosh tarkibga ega terma jamoa qaysi?

Kot-d'Ivuar. Ushbu jamoa futbolchilarining o‘rtacha yoshi 25,4 ni tashkil etadi va ular turnirdagi eng yosh jamoa bo‘lishi kutilmoqda.

Eng yoshi katta tarkib-chi?

Kolumbiya. Jamoaning o‘rtacha yoshi 29,9 ga teng.

O‘z ichki chempionatidan eng kam futbolchi jalb qilgan jamoalar qaysi?

Nol (0) ko‘rsatkich.

Kabo-Verde, Kongo Demokratik Respublikasi, Kot-d'Ivuar, Kurasao, Senegal va Urugvay terma jamoalarining barcha a’zolari faqat xorijiy ligalarda to‘p surishadi (ularning qaydnomasida mahalliy chempionatdan birorta ham o‘yinchi yo‘q).

Buning aksi o‘laroq, Qatar va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘z qaydnomasidagi 26 nafar futbolchidan 25 nafarini aynan o‘z mahalliy chempionati vakillaridan shakllantirgan.

Jahon chempionati tarixidagi eng yirik mukofot jamg‘armasi qancha?

FIFA dekabr oyida musobaqa uchun rekord darajadagi — 727 million dollarlik mukofot jamg‘armasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, g‘olib jamoa o‘z vataniga 50 million dollar bilan qaytadi. Turnirda ishtirok etadigan har bir jamoa esa kamida 10,5 million dollarlik kafolatlangan mablag‘ga ega bo‘ladi.

Taqqoslash uchun, o‘tgan Jahon chempionatining umumiy jamg‘armasi 440 million dollarni tashkil qilgan va o‘shanda chempion bo‘lgan Argentina 42 million dollar ishlab olgan edi. Joriy yilgi raqamlar esa avvalgisidan sezilarli darajada yuqori.

Musobaqaga yo‘llanma olgan eng kichik davlat qaysi?

Kurasao (158 000 aholi)

Debyutant Kurasao nafaqat JCH-2026 ishtirokchilari orasidagi eng kichik mamlakat, balki Jahon chempionatlari tarixida yo‘llanma qo‘lga kiritgan eng aholisi kam davlat sifatida ham tarixga kirmoqda.

Turnirda nechta mamlakat vakillari ishtirok etmoqda?

71 ta

Futbolning global tabiati ushbu turnirda 71 ta turli mamlakat vakillari ishtirokida yaqqol namoyon bo‘ladi. Qit’alar kesimida bu ko‘rsatkich quyidagicha:

·         UEFA (Yevropa): 35 ta

·         AFK (Osiyo): 14 ta

·         KONMEBOL (Janubiy Amerika): 8 ta

·         KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika): 7 ta

·         KAF (Afrika): 6 ta

·         OFK (Okeaniya): 1 ta

Jahon chempionatida qaysi klubdan eng ko‘p futbolchi qatnashmoqda?

«Manchester Siti» (19 nafar futbolchi)

Angliya Premer-ligasi klubi bu borada yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni quyidagi jamoalar egallagan:

·         «Bavariya» – 18 nafar futbolchi

·         «Pari Sen-Jermen» va «Arsenal» – 16 nafardan futbolchi

·         «Barselona» – 15 nafar futbolchi

·         «Manchester Yunayted», «Kristal Pelas», «Atletiko Madrid» va «Al-Hilol» – 12 nafardan futbolchi.

Teglar

Mavzuga oid

Milliarder Ronaldu, 17 yoshli debyutant va 727 millionlik sovrin — JCH-2026 raqamlarda | Vaqt.uz