add

Milliarder Sidneyda terrorchini qurolsizlantirgan fuqaroga 100 ming xayriya qildi

Bugun 17:254121 daqiqa

Amerikalik milliarder Bill Ekman Sidneyda terakt vaqtida terroristni qurolsizlantirgan pokistonlik Ahmad al-Ahmadga deyarli qariyb 100 ming dollar xayriya qildi.

Milliarder Sidneyda terrorchini qurolsizlantirgan fuqaroga 100 ming xayriya qildi

Amerikalik milliarder va investor Bill Ekman (Ackman) Sidneyda terakt vaqtida qurolli hujumchini to‘xtatgan Ahmad al-Ahmadga yirik miqdorda xayriya qildi. Bu haqda GoFundMe kraudfanding platformasidagi ma’lumotlardan kelib chiqadi.

Ekman X ijtimoiy tarmog‘ida platformaga havola joylab, «Bondida hujumchini qurolsizlantirgan qahramonni qo‘llab-quvvatlang», deb yozgan. GoFundMe ma’lumotlariga ko‘ra, u eng yirik xayriyani amalga oshirgan — 99 999 dollar. Ayni paytga kelib jamg‘arilgan umumiy mablag‘ yarim million dollarga yaqinlashib qoldi.

14-dekabr kuni kechqurun Sidneyning Bondi sohilida yahudiylarning Hanuka bayramini nishonlayotgan minglab odamlarga qarshi ikki nafar shaxs o‘q ochgan. Maydonda taxminan 2 ming kishi bo‘lgan. Bloomberg nashrining yozishicha, Ahmad al-Ahmad hujumchilardan biriga orqasidan yaqinlashib, uning qo‘lidan qurolni tortib olgan.

Oqibatda u ikki marta o‘q yeb, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli barqaror ekani ma’lum qilinmoqda.

Times nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 43 yoshli Ahmad al-Ahmad ikki nafar farzandning otasi bo‘lib, Sidneyda meva-sabzavot savdosi bilan shug‘ullanadi. Hujum sodir bo‘lgan kuni u tasodifan Bondi sohilida bo‘lgan.

Terakt oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, ular orasida hujumchilardan biri — 50 yoshli erkak ham bor. Ikkinchi hujumchi — uning 24 yoshli o‘g‘li yaralangan holda politsiya kuzatuvi ostida shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa rasman terakt sifatida baholangan.

Bill Ekman — Pershing Square Capital Management hej-fondi asoschisi va rahbari. Uning boyligi 9,5 mlrd dollardan oshadi.

Teglar

Mavzuga oid