add

Milliarderlar boyishda, tengsizlik esa kuchayishda davom etmoqda

20.11.2025 | 19:514451 Daqiqa

Oxfam boylarni soliqqa tortishga chaqirdi.

Milliarderlar boyishda, tengsizlik esa kuchayishda davom etmoqda

G20 mamlakatlaridagi milliarderlarga tegishli boylik so‘nggi bir yilda 16,5 foizga oshib, 15,6 trillion dollarga yetdi. Bu haqda Oxfam xalqaro xayriya tashkilot ma’lum qildi.

«G20 milliarderlari atigi bir yil ichida to‘plagan 2,2 trillion dollarlik boylik 3,8 milliard kishini qashshoqlikdan qutqarish uchun yetarli bo‘lar edi», — deyiladi Oxfam bayonotida. Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, bu maqsadga erishish uchun yiliga 1,65 trillion dollar talab etiladi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda G20 ga raislik qiluvchi Janubiy Afrika Respublikasi hukumati 22-23-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitning bosh mavzusi sifatida tengsizlik muammosini tanlagan. JAR iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jozef Stiglits boshchiligidagi ekspertlar guruhini bunga jalb qilib, ulardan «tengsizlik masalasidagi favqulodda vaziyat» haqida ma’ruza tayyorlashni so‘ragan.

«Tengsizlik — bu ongli ravishda qilingan siyosiy tanlovdir. Boylarning mol-mulki rekord darajaga yetishiga qaramay, ijtimoiy farovonlik oshgani yo‘q, aksincha pasaymoqda, qarz yuki esa ortib boryapti... Agar JAR tengsizlik muammosi bo‘yicha yangi Xalqaro ekspertlar guruhini tuzsa, bu o‘ta dolzarb inqirozni hal qilishda ulkan qadam bo‘ladi. Biz barcha G20 davlatlarini JARni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz», — dedi Oxfam International rahbari Amitabh Behar.

Bundan tashqari, Oxfam G20 mamlakatlarini 2024 yilda Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan sammitda erishilgan kelishuvga sodiq qolib, milliarderlarni samarali soliqqa tortish maqsadini yana bir bor tasdiqlashga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid