add

Millionlab ish o‘rinlari SI ta’sirida yo‘qolishi mumkin

03.12.2025 | 22:553302 daqiqa

BMTTD hisobotiga ko‘ra, SI rivoji ayrim mamlakatlarda iqtisodiy o‘sishni tezlashtirsa-da, ayollar va yoshlar bandligini jiddiy xavf ostida qoldirishi mumkin.

Millionlab ish o‘rinlari SI ta’sirida yo‘qolishi mumkin

BMT Taraqqiyot dasturi sun’iy intellektning jadal rivojlanishi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda tengsizlikni kuchaytirishi va millionlab ish o‘rinlarini yo‘q qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Hisobotga ko‘ra, SI texnologiyalari eng tez joriy etilayotgan sohalarda mehnat bozoridagi o‘zgarishlar ayrim ijtimoiy guruhlar uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Osiyo–Tinch okeani mintaqasi dunyo aholisining yarmidan ortig‘ini o‘z ichiga olgani va SI innovatsiyalari jadal rivojlanayotgani sababli asosiy o‘zgarishlar aynan shu hududda sodir bo‘lmoqda. Mintaqada sun’iy intellektdan foydalanuvchilar soni tez o‘smoqda, Xitoy esa global SI patentlarining 70 foiziga yaqin qismiga egalik qilmoqda. Bu raqamlar SIning iqtisodiy ta’siri yanada ortitishini anglatadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, sun’iy intellektni keng qo‘llash YAIMning yillik o‘sishini kamida 2 foizga oshirishi, sog‘liqni saqlash va moliya kabi sohalarda unumdorlikni 5 foizgacha ko‘tarishi mumkin. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari esa kelgusi o‘n yilda YAIMga taxminan 1 trillion dollar qo‘shimcha qo‘shish imkoniga ega. Shu bilan birga, bu jarayon mehnat bozorida yangi xavflarni keltirib chiqarmoqda.

Hisobotda aytilishicha, ayniqsa ayollar band bo‘lgan kasblar avtomatlashtirish uchun eng oson yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bunday ish o‘rinlarini SI orqali almashtirish ehtimoli boshqa sohalarga nisbatan deyarli ikki baravar yuqori. Yoshlar, xususan 22–25 yoshdagilar, SI faol qo‘llaniladigan sektorlarda ish topishda tobora kattaroq qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Ba’zi davlatlar esa sun’iy intellektni aholi uchun qulaylik yaratishda samarali istifoda etmoqda. Singapurda yosh ota-onalar uchun hujjatlar rasmiylashtirish muddati 2 soatdan 15 daqiqagacha qisqartirilgan. Pekinda esa raqamli nusxalar shahar infratuzilmasini rejalashtirishda va suv toshqinlariga qarshi choralarda qo‘llanilmoqda. Bu tajribalar SIdan to‘g‘ri foydalanilsa, ijtimoiy manfaat sezilarli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Biroq, BMTTDga ko‘ra, hali ham ko‘plab mamlakatlarda sun’iy intellektga oid qonunchilik yetarli darajada shakllanmagan. 2027 yilga qadar SI bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning 40 foizidan ortig‘i generativ texnologiyalar suiiste’moli bilan bog‘lanishi taxmin qilinmoqda. Xukumatlar bu tendensiyani inobatga olgan holda tegishli qonun va mezonlarni joriy etishlari zarur.

Shuningdek, mintaqaning ayrim davlatlarida infratuzilma, raqamli ko‘nikmalar va boshqaruv salohiyatining yetishmasligi SIdan foydalanish imkoniyatlarini cheklayotgani qayd etilgan. Bu esa nafaqat imkoniyatlarni kamaytiradi, balki xavflarni ham kuchaytiradi.

Teglar

Mavzuga oid