
Mirziyoyev: «O‘tgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqdi»
Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushganligini ma’lum qildi.
© Фото: president.uz 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti dastlabki prognozga nisbatan ancha yuqori, ya’ni 7,7 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshiq bo‘ldi. Bu haqda 23-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida o‘sish sur’atlari 2024-yilgidan yuqori bo‘lgan. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar 43 milliard dollarga, eksport hajmi 33,8 milliard dollarga yetgan.
Yuqori iqtisodiy faollik, o‘sayotgan iste’mol talabiga qaramasdan, inflatsiya darajasi 2024 yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaygan.
«Nima uchun bu raqamlarni aytyapman? Chunki iqtisodiy o‘sish qanchalik barqaror bo‘lsa, infratuzilmani yaxshilashga ko‘proq mablag‘ boradi. Bu pirovardida bandlik, daromad va turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi», — dedi Prezident.
O‘tgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqqan, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish sohasida qilingan choralar sababli kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushgan.
Shuningdek, Mirziyoyev hokimlar va «mahalla yettiligi»ga metodik bilim va tajriba yetishmayotgani, mas’ul vazirlik va idoralar esa ularga ko‘maklashmayotganini tanqid qildi.
«Hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Biz 2026 yilni «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili», deb e’lon qilib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha katta vazifalarni belgilab oldik. Chunki mahalla bu – islohot qayerda ishlayotganini ham, qayerda to‘xtayotganini ham aniq ko‘rsatadigan joy. Mahallada ishsiz odam va kambag‘al oila saqlanib qolgan bo‘lsa, demak, islohot o‘sha yerga yetib bormagan. «Yettilik» va bankir odamlar muammosini hal qilmayotgan bo‘lsa, demak, shu yerda tizim ishlamayapti. Hech bir vazir, viloyat, tuman hokimi, bankir «yettilik»ni bahona qilishga haqqi yo‘q. Imkoniyat va mablag‘ bor, qaror va dastur bor. Yetishmayotgan narsa – mas’uliyat, shaxsiy javobgarlik», – dedi Mirziyoyev.





