Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni Navro‘z bayrami bilan tabrikladi
Prezident Navro‘zga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etib, mamlakat aholisini bayram bilan qutladi.

21-mart kuni «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilgan tantanali marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat aholisini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. U o‘z nutqida bu yil Navro‘z Ramazon hayiti bilan uyg‘un kelganini ta’kidlab, bu holat ma’naviy birlik va ruhiy poklanish ramzi ekanini qayd etdi.
Prezident xalqni birdamlik, ahillik va bunyodkorlik ruhida yashashga chaqirdi. Shuningdek, yoshlarni zamonaviy bilim, xorijiy tillar va kasblarni egallashga undab, ularni Yangi O‘zbekistonning tayanchi sifatida ta’rifladi. Uchinchi Renessansni barpo etish vazifasi aynan yoshlar zimmasiga tushayotgani alohida ta’kidlandi.
Mirziyoyev mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar izchil davom etayotganini bildirib, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish choralari kengayib borayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, yangi korxonalar, uy-joylar, infratuzilma, ta’lim va tibbiyot obyektlari qurilishi jadal sur’atlarda amalga oshirilayotgani aytildi.
Dehqon va fermerlarning mehnatiga yuksak baho berildi. Prezident ularni mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi asosiy kuch sifatida e’tirof etib, davlat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Nutqda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil yashab, Navro‘zni birgalikda nishonlayotgani mamlakat barqarorligining muhim omili sifatida qayd etildi.
“Biz jamiyatimizda millatlar va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. Bu borada qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan birga yagona Markaziy Osiyo ovozi bo‘lib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz”, — dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik va hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Prezident xorijiy elchilar va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham bayram bilan qutladi.





