Mirziyoyev Putin bilan Jizzaxdagi AES qurilishiga start beradi

O‘zbekiston rahbari 3-6-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida qatnashishi kutilmoqda.

Mirziyoyev Putin bilan Jizzaxdagi AES qurilishiga start beradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 4-iyun kuni Jizzax viloyatida qurilayotgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya bloki qurilishi boshlanishiga start beradi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat rahbari Sankt-Peterburg shahridagi Konstantin saroyida uchrashuv o‘tkazadi va videokonferensiya orqali qurilish ishlarining boshlanish marosimida qatnashadi.

Ushakov mazkur tadbirni ramziy ahamiyatga ega voqea sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, videomuloqot orqali rahbarlar O‘zbekistondagi atom energetikasi loyihasining muhim bosqichiga start berishadi.

Jizzax viloyatidagi qurilish maydonchasida esa xalqaro va sohaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.

Marosimda AEXA rahbari ham qatnashadi

Marosimda Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi, «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev va «Uzatom» agentligi direktori Azim Axmedxodjayev ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir davomida avval Mirziyoyev va Putin nutq so‘zlaydi. Shundan keyin Rafael Grossi qisqacha tabrik so‘zi bilan qatnashchilarga murojaat qilishi rejalashtirilgan.

So‘ngra «Rosatom» rahbari birinchi energiya blokining poydevori uchun beton quyish ishlarini boshlashga texnik tayyorgarlik haqida hisobot beradi.

Qurilishning yangi bosqichi

Yuriy Ushakov ma’lum qilishicha, Aleksey Lixachev prezident Putindan qurilish ishlarini boshlashga ruxsat so‘raydi.

Xuddi shunday tartibda «Uzatom» rahbari Azim Axmedxodjayev ham prezident Mirziyoyevga hisobot taqdim etadi va ishlarni boshlash uchun ruxsat oladi.

Shundan keyin ikki davlat rahbari Jizzaxdagi atom elektr stansiyasi qurilishining birinchi energiya bloki bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishiga rasman ruxsat beradi.

Teglar

Mavzuga oid