
Mirziyoyev Sadir Japarovni tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari telefon orqali muloqot qilib, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

6-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovni tavallud kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev telefon orqali suhbatda Japarovga mustahkam sog‘lik, farovonlik va qardosh Qirg‘iziston xalqiga bardavom ravnaq tiladi.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy jihatlar muhokama qilindi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sur’at bilan rivojlangani alohida ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi izchil o‘smoqda, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalar ham faol davom etmoqda.
Suhbatda yirik strategik loyihalar — «O‘zbekiston–Qirg‘iziston–Xitoy» temir yo‘li qurilishi hamda Qambarota GES–1ni barpo etish bo‘yicha ishlar yuritilayotgani qayd etildi. Bu loyihalar ikki davlat iqtisodiy aloqalarini sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Prezidentlar shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga ega qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston–Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 17 foizga o‘sganligi haqida xabar berilgan edi.





