
Mirziyoyev: «Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin»
Prezident «og‘ir» tuman va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun mahalliy budjetga 20 trillion so‘m ajratilishini ma’lum qildi. Bu mablag‘lar kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shartligi aytilmoqda.
© Фото: president.uz Prezident kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Aholi va tadbirkorlar tomonidan yaratilgan mahalliy tajribalardan unumli foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Xususan, Arnasoyda chorvachilik, Sho‘rchida banan yetishtirish, Quvada anorchilik va Bo‘stonliqda asalarichilik bo‘yicha shakllangan samarali tajribalar boshqa ixtisoslashgan hududlar uchun namuna bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Biroq bu tajribalarni o‘rgatish va keng joriy etishga xizmat qiladigan tizim mavjud emasligi qayd etildi.
«Bunday tajribalar hamma joyda bor. Lekin ularni o‘rgatib, qamrovini kengaytiradigan tizim yo‘q!», – dedi Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga bir oy muddatda ishsizlik va kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalardagi imkoniyatlarni o‘rganib, eng yaxshi tajribalar asosida amaliy «metodik qo‘llanma» ishlab chiqishni topshirdi. Hokimlar esa joylarda bu ishlarni tashkil etish, aholini ish bilan ta’minlash va daromadlarini oshirish uchun shaxsan mas’ul bo‘lishi belgilandi.
Qayd etilishicha, joriy yilda har bir vazirlik va hokimlik faoliyati mahalla bilan bog‘lanadi. Qabul qilinadigan qarorlar mahallada aniq qanday o‘zgarish bo‘lishini nazarda tutishi shartligi ta’kidlandi.
2026 yil uchun 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingga yetkazish hamda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
O‘tkazilgan tahlillar natijasida infratuzilma, turmush darajasi va biznes faollik kabi 20 mezon asosida 37 ta «og‘ir» tuman hamda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903 ta mahalla aniqlandi. Kambag‘al oilalarning uchdan bir qismi va ishsizlarning 21 foizi aynan ushbu hududlarga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, yana 33 ta tuman va 330 ta «og‘ir» mahallada Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirish ishlari boshlandi. Asosiy resurslar 70 ta tuman va 1 mingta mahallaga yo‘naltirilsa, respublikada kambag‘allikni kamida 3 foizga pasaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
«Og‘ir» hududlarda aholi soliq imtiyozlaridan ko‘ra, yo‘l, suv va elektr ta’minotini yaxshilashni talab qilayotgani inobatga olinib, infratuzilmani rivojlantirish uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m ajratiladi. Shu mablag‘ning 12 trillion so‘mi to‘g‘ridan-to‘g‘ri «og‘ir» tuman va mahallalarga yo‘naltiriladi.
«Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va 1 mingta «og‘ir» mahallaga yo‘naltirsak, respublikada kambag‘allik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishamiz», – dedi Prezident.
Bundan tashqari, mahalliy budjetlarga qaytariladigan mablag‘lar ikki barobar oshirilib, hokimlarga qo‘shimcha 4,2 trillion so‘m taqdim etiladi. Har bir «og‘ir» tuman va mahallada infratuzilma loyihalari orqali ishsizlik va kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish qat’iy talab sifatida qo‘yildi.
«Hokimlar eshitib olsin: bu mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart. Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambag‘allikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi. Shuncha mablag‘ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida mas’uliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning o‘zi baho bersin», – dedi Mirziyoyev.





