Mirziyoyev va Toqayev yangi iqtisodiy kelishuvni imzoladi
Yangi hujjat o‘nlab qo‘shma loyihalarga yo‘l ochishi kutilmoqda.

Ostonaga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev huzurida Investitsiya va savdo sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Yo‘l xaritasi»da avtomobilsozlik, energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, farmatsevtika, logistika, qurilish materiallari, uy-joy qurilishi, qishloq xo‘jaligi kabi tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Hujjat joriy yil aprel-may oylarida ikki davlat rahbarlarining Buxoro va Turkiston shaharlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Avvalroq, O‘zbekiston rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan beshta yangi tashabbusni ilgari surgani haqida xabar bergan edik.