Mirziyoyev Yaqin Sharq monarxiyalari yetakchilari bilan O‘zbekiston fuqarolari xavfsizligini muhokama qildi

04.03.2026 | 17:525 daqiqa

O‘zbekiston yetakchisi Ummon sultoni, BAA prezidenti va Kuvayt valiahdi bilan telefon muloqotida Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi. Suhbatlarda O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligi va ularni Vatanga qaytarish choralari alohida ko‘rib chiqildi.

Mirziyoyev Yaqin Sharq monarxiyalari yetakchilari bilan O‘zbekiston fuqarolari xavfsizligini muhokama qildi © Foto: president.uz

Bugun, 4-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharq monarxiyalari yetakchilari – Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said, Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon va Kuvayt valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti mintaqa hududida sodir bo‘lgan bunday harakatlardan xavotirda ekanini bildirib, O‘zbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yo‘llar bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qat’iy tarafdori ekanligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Ummon sultonligining mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirib kelayotgan faol vositachilik roli va izchil sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, Ummonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni Vataniga qaytarish uchun yaratilayotgan shart-sharoit uchun sultonga chuqur minnatdorlik bildirdi.

BAA prezidenti bilan suhbatda muqaddas Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi ta’kidlandi. Mirziyoyev ushbu murakkab damlarda O‘zbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi. Hozirda ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak, ularni Vataniga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Mirziyoyev Kuvaytda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam uchun ham alohida tashakkur aytdi. Shuningdek, Kuvayt amiri Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Sabohga iliq salomlarini yo‘lladi.

O‘z navbatida, Ummon sultoni O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik va birdamlik tuyg‘ulari uchun tashakkur izhor etib, Masqatga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi. Amirliklar yetakchisi ham ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston Prezidentining samimiy qo‘llab-quvvatlagani, ko‘rsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Kuvayt valiahdi esa hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan do‘stona qo‘llab-quvvatlash va birdamlik tuyg‘ulari uchun O‘zbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etdi.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti

Isroil va AQSH 28-fevral tongida Eron hududiga zarbalar berishni boshladi. AQSH prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirdi. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa «taqdirini o‘z qo‘liga olishga» chaqirdi.

3-mart kuni Eron davlat OAVlari xabar berishicha, zarbalar natijasida mamlakatda kamida 787 nafar kishi halok bo‘lgan. Eron javob tariqasida Isroilga va Fors ko‘rfazi mintaqasidagi bir nechta davlatlarga zarbalar bergan, u yerlarda ham qurbonlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urush olib bormayotganini, balki mintaqadagi AQSH harbiy bazalariga zarba berayotganini ta’kidlamoqda.

O‘zbekiston pozitsiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskin ravishda taranglashuvi va keng mintaqada yangi ziddiyatli holat yuzaga kelganidan jiddiy xavotirdaligini bildirdi.

«Barcha tomonlarni vazminlikka da’vat etib, nafaqat harbiy-siyosiy, balki gumanitar jihatdan oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli keskinlashuvga sabab bo‘ladigan keyingi qadamlardan tiyilishga chaqiramiz», – deyiladi TIV bayonotida.

Rasmiy Toshkent vujudga kelgan inqirozni xalqaro huquq normalari asosida, siyosiy-diplomatik vositalar orqali va o‘zaro maqbul muloqot yo‘li bilan hal etish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlagan. O‘zbekiston Respublikasi mintaqaviy barqarorlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashning izchil tarafdori ekani va vaziyatning eng tez fursatlarda normallashuvidan umidvor bo‘lib qolishi bildirilgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qatar, Kuvayt, Ummon, Iordaniya, Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistonidagi mavqedoshlari bilan telefon orqali gaplashib, mamlakatlar rahbariyati va xalqiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birdamligini yetkazdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Yaqin Sharqdagi vaziyatni Ozarbayjon va ispaniyadagi mavqedoshlari bilan ham muhokama qildi.

Shuningdek, u Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiga qo‘ng‘iroq qilib, ta’ziya bildirdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan Eron Islom Respublikasi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonga yo‘llagan maktubida hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston qanday choralar ko‘rmoqda?

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, O‘zbekiston Respublikasining Yaqin Sharq mamlakatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari ijtimoiy-siyosiy va harbiy-siyosiy vaziyatni 24/7 formatda doimiy monitoring qilib bormoqda. Qabul qiluvchi davlatlarning tashqi ishlar idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, fuqarolik muhofazasi xizmatlari hamda aviatsiya ma’muriyatlari bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Elchixonalar va konsullik muassasalari huzurida «tezkor liniya»lar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Call-markazi faoliyat yuritmoqda.

Fuqarolardan kelib tushayotgan barcha murojaatlar ro‘yxatga olinib, doimiy o‘rganib borilmoqda, aksariyat masalalar tezkorlikda hal etilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqadagi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni 2 144 tani tashkil etmoqda, fuыarolarga manzilli konsullik va moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda. Fuqarolar rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va kanallar orqali ehtiyot choralari, aviareyslar holati hamda harakatlar algoritmi bo‘yicha muntazam xabardor qilinmoqda.

Qayd etilishicha, murojaatlar muntazam ravishda kelib tushmoqda. Asosiy masalalar evakuatsiya, aviareyslarning bekor qilinishi yoki boshqa sanaga ko‘chirilishi, vaqtinchalik turarjoy bilan ta’minlash, mamlakatda qolish muddati uzayishi munosabati bilan moliyaviy qiyinchiliklarga taalluqli. Dubay, Sharja va Doha aeroportlarida «Vatandosh» jamg‘armasi orqali bir guruh fuqarolarga moliyaviy yordam ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston prezidentining topshirig‘iga muvofiq, fuqarolarimizni Vatanga qaytarish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda va yurtdoshlarimiz xavfsizligini ta’minlashni inobatga olib, doimiy hamda qo‘shimcha reyslar tashkil etilmoqda. Ishlar doimiy asosda olib borilmoqda. Jumladan, - Saudiya Arabistonidan tizimli evakuatsiya amalga oshirilmoqda, Birlashgan Arab Amirliklaridan «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi repatriatsiya reyslarini amalga oshirish masalasini ishlab chiqdi, aviakompaniyalar bilan charter reyslarni kelishish ishlari olib borilmoqda, mintaqadagi aviatsiya regulyatorlari bilan muvofiqlashtirish ta’minlanmoqda. Havo hududining yopilishi va «havo hujumi» rejimi sharoitida imkoniyatlar cheklangan bo‘lsa-da, ishlar uzluksiz ravishda olib borilmoqda.

Bugungi kun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar yo‘q. Vaziyat doimiy nazorat ostida.

Teglar

Mavzuga oid