Moliyaviy xizmatlar hajmi 171,9 trln so‘mga yetdi

16.02.2026 | 10:352 daqiqa

2025 yilda soha 24,6 foizga o‘sib, iqtisodiyotdagi faollik va kreditlash sur’atlari oshganini ko‘rsatdi.

Moliyaviy xizmatlar hajmi 171,9 trln so‘mga yetdi

2025 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 171,9 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,6 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Yuqori o‘sish sur’ati mamlakatda bank xizmatlari, sug‘urta, mikromoliya va boshqa moliyaviy instrumentlarga talab kengayayotganini anglatadi. Mutaxassislar bunday dinamikani biznes faolligi tiklanayotgani, aholi daromadlari va iste’mol krediti bozori kengayayotgani bilan izohlamoqda.

Eng ko‘p moliyaviy hizmatlar ko‘rsatilgan hududlar

Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda moliyaviy xizmatlar hajmi 99,6 trln so‘mni tashkil etgan. Bu respublika umumiy ko‘rsatkichining salmoqli qismini tashkil qiladi va moliyaviy infratuzilmaning asosiy markazi aynan poytaxt ekanini tasdiqlaydi.

Viloyatlar orasida Farg‘ona viloyati 8,9 trln so‘m, Andijon viloyati 8,7 trln so‘m va Toshkent viloyati 7,3 trln so‘m ko‘rsatkich bilan yetakchi o‘rinlarni egalladi. Samarqand viloyatida 7 trln so‘m, Qashqadaryo viloyatida 5,6 trln so‘m moliyaviy xizmat ko‘rsatilgan.

Moliyaviy hizmatlar hajmi kam hududlar

Buxoro viloyatida 5,2 trln so‘m, Xorazm viloyatida 5,1 trln so‘m, Surxondaryo viloyatida 4,7 trln so‘m xizmat ko‘rsatilgan. Namangan viloyati 4,4 trln so‘m, Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi 4,2 trln so‘mdan, Jizzax viloyati 4,1 trln so‘m, Sirdaryo viloyati esa 2,8 trln so‘m ko‘rsatkich bilan qayd etildi.

Moliyaviy xizmatlar hajmining o‘sishi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi investitsiya va iste’mol faolligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu tendensiya yaqin yillarda ham saqlanishi kutilmoqda.

2025 yilda banklarning moliyaviy natijalari

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilda bank tizimining jami aktivlari 924,7 trln so‘mni, kapitali esa 135,4 trln so‘mni tashkil etdi. Kredit portfeli 604 trln so‘mgacha, depozit portfeli 417,3 trln so‘mgacha o‘sdi.

Bu ko‘rsatkichlarda davlat banklarining ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 35 ta bankdan 9 tasi davlat banki bo‘lsa, aktivlarning 63 foizi, kreditlarning 67 foizi, kapitalning 60 foizi, depozitlarning 51 foizi shu 9 ta davlat bankiga to‘g‘ri kelmoqda.

Banklarning umumiy sof foydasi 2025 yilda 15,5 trln so‘mga (1,2 mlrd dollar) yetdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 123 foizga ko‘p bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid