Mubashshir Ahmad shifoxonaga o‘tkazildi — Abdurahmon Tashanov

21.02.2026 | 08:282 daqiqa

Qandli diabetning og‘ir shakli bilan og‘riyotgan mahkumga nisbatan jazoni yengillashtirish masalasi ko‘tarilmoqda. Ilgari Salim Abduvaliyev ham sog‘lig‘i sabab ozod qilingandi.

Mubashshir Ahmad shifoxonaga o‘tkazildi — Abdurahmon Tashanov © Foto: Kun.uz

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida jazo muddatini o‘tayotgan diniy olim, Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov chuqurlashtirilgan tibbiy muolajalar uchun Toshkentdagi «Sangorod» deb nomlanuvchi jazoni ijro etish boshqarmasi shifoxonasiga o‘tkazilgan. Bu haqda inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov olimning yaqinlariga asoslangan holda xabar berdi.

Uning bildirishicha, Alisher Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan jazoni qamoqda o‘tashga monelik qiluvchi og‘ir kasallik — qandli diabetning og‘ir shakli bilan og‘riyotgani tasdiqlangan.

«O‘zbekiston Respublikasi IIVning jazoni ijro etish Departamenti insonparvarlik va gumanizm tamoyillari asosida uning jazo muddatini qamoqda o‘tkazish bilan bog‘liq chorani yengilrog‘i bilan almashtirish bo‘yicha sudga taqdimnoma kiritadi,  degan umiddamiz», – deb yozdi huquq himoyachisi.

Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovning advokatlari bundan bir oy avval ham mijozining ahvoli keskin yomonlashib borayotgani sabab ortiq jazo muddatini o‘tolmasligi haqida bayonot bilan chiqqandi. Ammo keyinroq Oliy majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Navoiydagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif qilib, mahkum Alisher Tursunovning tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Tursunov Toshkent shahar Uchtepa tumani sudi hukmi bilan 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 75-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, «hukm chiqarilganidan keyin …jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim».

Ushbu moddaga muvofiq tushadigan kasalliklar «Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish qoidalarini tasdiqlash haqida»gi IIV va SSVning qo‘shma qarorida keltirilgan.

Xususan, diniy ulamo Mubashshir Ahmadga aniq tashxis qo‘yilgan «Qandli diabet II tipi» – qo‘shma qarordagi «Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar» ro‘yxatida mavjud.

Avvalroq, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Salim Abduvaliyev ham sog‘lig‘i sabab Jinoyat kodeksining 75-moddasi asosida jazodan ozod qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid