
Muhim qadam: faqat ayol hakamlardan iborat brigada Superligada debyut qilmoqda
Superligada ilk bor ayol hakamlar maydonda — bu o‘zbek futbol hakamchiligida tenglik va professionallik sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston futbol Superligasida ilk bor ayol hakamlar uchrashuvlarni boshqarishda qatnashdi. Bu voqea mamlakatda hakamchilik sohasida tenglikni ta’minlash va ayol mutaxassislar imkoniyatlarini kengaytirishda muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
Tajribali hakam Kristina Sereda OKMK – «Navbahor» bahsida, yosh hakam Nasibabonu Toshmuhammedova esa «Nasaf» – «Mash’al» uchrashuvida AVAR hakamlari sifatida faoliyat olib bordi.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasining xabar berishicha, bugun bo‘lib o‘tadigan Sepurliga 27-turi doirasidagi so‘nggi o‘yin —Surxon – Sho‘rtan bahsida esa 2025 yilgi mavsumda ilk bor ayol hakamlar yordamchi hakam sifatida ishlaydi.
Bu — ayol hakamlarning elit toifadagi futbol bahslariga jalb etilishi yo‘lidagi jiddiy va amaliy qadamlardan biri hisoblanadi. Ayni paytda O‘FA hakamlik departamenti tomonidan bunday tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlanmoqda.
Mazkur tajriba kelgusida xalqaro musobaqalarda ham ayol hakamlarimizning faol ishtirok etishiga zamin yaratishi mumkin.





