add

Namanganda yurist pora bilan qo‘lga tushdi

Bugun 09:2317262 daqiqa

Namangan viloyatida elektr tarmoqlari bilan bog‘liq jarimani bekor qilish bahonasida pora olgan mansabdor shaxs ushlandi.

Namanganda yurist pora bilan qo‘lga tushdi

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining «Energosavdo» filiali Namangan bo‘linmasiga qarashli yuriskonsult mahalliy fuqarodan pora olgan vaqtida ushlandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u 2 ming AQSH dollarini qabul qilayotgan paytda qo‘lga olingan.

Ma’lum qilinishicha, holat avval o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida fuqaroning yashash xonadonida elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holati aniqlangan va bu bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Dalolatnoma asosida fuqaroga 28,6 million so‘m miqdorida jarima qo‘llangan. Qonunchilikka muvofiq, ushbu jarima elektron tizim orqali rasmiy hisobga olinishi va undirilishi lozim bo‘lgan.

Biroq gumonlanuvchi mansabdor shaxs mazkur jarimani elektron tizimga kiritmasdan, ya’ni rasmiy tartiblarni chetlab o‘tib bartaraf etishini va’da qilgan. U bunday «yordam» evaziga fuqarodan pul talab qilgani ma’lum qilinmoqda.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayoni davom etmoqda va ish bo‘yicha qo‘shimcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bojxona organi mansabdori pora olayotgan vaqtida ushlandi. Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limiga qarashli katta tezkor xodim fuqarodan 400 AQSH dollarini noqonuniy tarzda qabul qilayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tekshiruv materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchi xizmat mavqeidan foydalanib, Termiz tumanida yashovchi fuqaroga noqonuniy «xizmat» ko‘rsatishni taklif qilgan. U fuqaroga tegishli 20 ming AQSH dollarini belgilangan deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tanishlari orqali Tojikiston Respublikasiga olib o‘tib berishni va’da qilgan.

Mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 25,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Teglar

Mavzuga oid