NATO davlatlari Trampning Eronga qarshi qamaliga qo‘shilishdan bosh tortdi

Bugun 08:252 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Trampning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qamal qilish qaroriga Buyuk Britaniya va Fransiya keskin qarshi chiqdi. Yevropa davlatlari urushga tortilishni istamayapti.

NATO davlatlari Trampning Eronga qarshi qamaliga qo‘shilishdan bosh tortdi

AQSH prezidenti Donald Trampning Eron bilan muzokaralar barbod bo‘lgach, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bloklash qarori Yevropa davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. «Reuters» agentligi xabariga ko‘ra, NATO bo‘yicha ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya va Fransiya bu mojaroga tortilishni istamasliklarini ochiq ma’lum qilishgan.

Blokada rasman dushanba kuni boshlandi va unda AQSHning 15 dan ortiq harbiy kemalari ishtirok etmoqda. Donald Tramp avvalroq bu aksiyada boshqa davlatlar ham qatnashishini taxmin qilgan edi. Biroq Yevropa yetakchilari mojaro emas, balki bo‘g‘ozni ochish bo‘yicha muqobil diplomatik tashabbuslar ustida ishlamoqda.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer BBCʼga bergan intervyusida Trampning bosimiga qaramay, blokadani qo‘llab-quvvatlamasligini qat’iy ta’kidladi. «Qanday bosim bo‘lmasin, biz o‘zimizni bu urushga tortishga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Starmer.

Tramp avvalroq Starmerni Eronga qarshi urushda yordam berishni istamaganlikda va Britaniya aviabazalaridan foydalanishni cheklaganlikda keskin tanqid qilgan edi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa Yevropa mamlakatlari faqat harbiy harakatlar to‘xtatilgandan so‘nggina bo‘g‘ozda xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashishi mumkinligini aytgan.

Yevropaning diplomatik tashabbusi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer yaqin kunlarda 30 dan ortiq davlat ishtirokida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha ikkinchi konferensiyani o‘tkazishlarini tasdiqlashdi.

Makronning ta’kidlashicha, Yevropaning missiyasi faqat mudofaa va kemalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, mojaro tomonlari bilan bog‘liq emas. U diplomatiya orqali Yaqin Sharqdagi mojaroni tez va uzoq muddatli hal qilish zarurligiga urg‘u berdi.

Xitoyga qaramlik va neft eksporti

«WSJ» ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan tashqaridagi tankerlarda 160 mln barrel neft to‘plagan. Bu ulkan zaxiraning asosiy va yagona xaridori Xitoydagi mustaqil neftni qayta ishlash zavodlari hisoblanadi.

Agar blokada uzoq davom etmasa va Pekin import kvotalarini taqdim etishda davom etsa, bu zavodlar iyun oyi o‘rtalarigacha kuniga 1,8 mln barreldan neft xarid qilishi mumkin. «Vortexa» ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning mart oyida Eron eksporti 1,86 mln barrelni tashkil qilib, 2025 yilning shu davriga nisbatan 26 foizga o‘sgan.

Teglar

Mavzuga oid