add

«NATOdagilar kelsin, ko‘rsin» — Putin yana «Burevestnik» va «Poseydon» bilan dag‘dag‘a qildi

Bugun 08:3811802

Vladimir Putin Kremlda «Burevestnik» va «Poseydon» yadroviy qurollarini yaratgan muhandislarni mukofotlab, ularning strategik ahamiyatini ta’kidladi.

«NATOdagilar kelsin, ko‘rsin» — Putin yana «Burevestnik» va «Poseydon» bilan dag‘dag‘a qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda «Poseydon» suvosti droni va «Burevestnik» qanotli raketacini yaratgan muhandis va konstruktorlarni taqdirladi. Uning ta’kidlashicha, bu ikki loyiha mamlakat mudofaa salohiyati uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, butun XXI asrda strategik ustunlikni ta’minlaydi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hech kimga tahdid solmayapti, ammo har bir qudratli davlat kabi o‘z yadroviy salohiyatini rivojlantirishda davom etmoqda. Rossiya prezidentining ta’kidlashicha, «Burevestnik» va «Poseydon»ning yadroviy texnologiyalari nafaqat harbiy sohada, balki foydali qazilmalar qidirish, Arktika shelfidagi ishlar va qulay bo‘lmagan hududlardagi tadqiqotlarda ham qo‘llanilishi mumkin.

Rossiya rahbari «Poseydon»ning harakat tezligi barcha zamonaviy dengiz kemalaridan bir necha barobar yuqori ekanini, u 1 kilometr chuqurlikkacha sho‘ng‘iy olishini qayd etdi. «Burevestnik» esa parvoz masofasi bo‘yicha dunyodagi barcha raketa tizimlarini ortda qoldirgan. Putinning so‘zicha, ularning yadroviy reaktorlari faqat bir necha daqiqa ichida ishchi holatiga keladi.

Prezident 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan «Burevestnik» sinovlari chog‘ida NATOga tegishli razvedka kemasi uchirish joyi yaqinida bo‘lganini ham ochiq bildirdi: «Biz ularning ishiga aralashmadik — kelsin, ko‘rsin», — dedi Putin.

Shuningdek, u «Sarmat» qit’alararo raketa tizimi joriy yilda tajriba-qo‘riqlash navbatchiligiga, 2026 yilda esa doimiy jangovar navbatchilikka kiritilishini ma’lum qildi. Rossiya, shu bilan birga, «Oreshnik» raketa majmuasi seriyali ishlab chiqarishini boshlaganini va yadroviy dvigatelli yangi hipertovushli raketa avlodlarini yaratish ishlari boshlanganini e’lon qildi.

Putinning ta’kidlashicha, kelgusi yadroviy dvigatelli raketalarning tezligi tovush tezligidan uch barobar yuqori bo‘ladi va ular faqat mahalliy materiallardan ishlab chiqariladi. Rossiyalik mutaxassislar yangi avlod qurol va harbiy texnikalarini yaratish ustida amaldagi sinov poligonlarida ish olib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«NATOdagilar kelsin, ko‘rsin» — Putin yana «Burevestnik» va «Poseydon» bilan dag‘dag‘a qildi | Vaqt.uz