Neft zaxiralarining tugash xavfi: AQSH va Xitoy xavfsiz, ammo boshqalarni yoqilg‘i kollapsi kutmoqda

Bugun 12:185 daqiqa

Strategik zaxiralar bugungi kunning eng qimmatli resursiga aylandi. Quyida dunyo mamlakatlarining kutilmagan energiya qamaliga qanchalik bardosh bera olishi va kimlar birinchi bo‘lib jarlikka qulashi ehtimoli haqida o‘qishingiz mumkin.

Neft zaxiralarining tugash xavfi: AQSH va Xitoy xavfsiz, ammo boshqalarni yoqilg‘i kollapsi kutmoqda © en.apa.az

Urush boshlanishidan avval Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali har kuni 20 million barrel xom neft va qayta ishlangan neft mahsulotlarini tashuvchi 40 ta tanker o‘tar edi. Joriy haftada Eron bo‘g‘oz orqali faqat sanoqli kemalarga, xususan, Hindiston va Xitoy bayrog‘i ostidagi tankerlarning o‘tishiga ruxsat berdi.

Neft ta’minotidagi uzilishlar va yoqilg‘i taqchilligi keskinlashib borayotgan bir paytda, qaysi davlatlarning zaxiralari birinchi bo‘lib tugashi mumkin?

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ayni paytda bo‘g‘oz orqali o‘tayotgan neft hajmi Eronning izmida bo‘lib, kuniga o‘rtacha 500 ming barrelni tashkil etmoqda.

Qizig‘i shundaki, to‘planib qolgan neftning asosiy qismi hamon bozorga chiqarilmoqda yoki hech bo‘lmaganda zaxira omborlariga yo‘naltirilmoqda. Saudiya Arabistoni avvaldan rejalashtirilgan va kengaytirilgan «Sharq — G‘arb» quvuridan foydalanishga o‘tdi. Ushbu quvur Qizil dengizdagi Yanbu portiga kuniga 7 million barrel neft yetkazib berish uchun to‘la quvvat bilan ishlamoqda.

Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklari ham bo‘g‘ozni chetlab o‘tib, quvur orqali Fujayra portiga neftning bir qismini yetkazib berishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq xabarlarga ko‘ra, Eron ushbu infratuzilmaga ham hujum uyushtirgan.

Tahlilchilar Fors ko‘rfazida neft qazib olish hajmi kuniga 6,7 million barrelga qisqarganini qayd etmoqda. «Energy Aspects» kompaniyasining taxminlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat tufayli yuzaga kelgan uzilishlar o‘zining cho‘qqisida kuniga 10 million barrelga yetadi. Oqibatda «OPEK»ning neft qazib olish umumiy hajmi kuniga 7 million barrelga kamayib, 22,3 million barrelni tashkil etadi. Bu dunyodagi kunlik 100 million barrellik neft iste’molining 7 foizi demakdir.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyodagi eng yirik neft va tabiiy gaz ishlab chiqaruvchisi sifatida ta’minotdagi muammolardan ma’lum darajada himoyalangan. Mamlakatda benzin va dizel yoqilg‘isi narxlari keskin ko‘tarilishi mumkin, biroq yoqilg‘ining mutlaqo tugab qolish ehtimoli juda past.

Boshqa davlatlarda esa bunday xotirjamlikka o‘rin yo‘q. «SocGen» xom ashyo bozorlari tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, Myanma, Vietnam va Filippin o‘ziga kerakli neftning 80 foizdan ortig‘ini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi tankerlar hisobidan qoplaydi. Ushbu mamlakatlar zaxiralaridagi neft faqat bir oyga yetadi, xolos; shundan so‘ng ular yo yoqilg‘isiz qoladi, yoki zudlik bilan muqobil ta’minot yo‘llarini topishga majbur bo‘ladi.

Odatda Ho‘rmuz orqali kuniga 680 ming barrel neft qabul qiluvchi Singapurda ham vaziyat ancha keskin — u yerdagi zaxiralar atigi 40 kunga yetadi. Ho‘rmuzdan kuniga 400 ming barrel neft oladigan Tailandning ahvoli biroz yaxshiroq bo‘lib, uning zaxirasi 50 kunga yetadi.  

Kuniga 525 ming barrel neft import qiluvchi Tayvan zaxiralari taxminan 100 kunga yetishi mumkin. Bangladeshda ham vaziyat shunga o‘xshash — zaxiralar 100 kunga mo‘ljallangan. Biroq u yerda allaqachon yoqilg‘i cheklovlari joriy etilib, mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchi zavodlar faoliyati to‘xtatilgan. To‘g‘ri, Bangladesh u qadar ko‘p xom neft import qilmaydi, lekin keltiriladigan yoqilg‘ining deyarli barchasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi.

Yirik davlatlarda tanlov imkoniyati kengroq. Janubiy Koreya kuniga taxminan 3 million barrel neft import qiladi, shundan 2 millioni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali keladi. Mamlakat zaxiralari import butunlay to‘xtagan taqdirda 50 kunga, faqat Ho‘rmuz orqali keladigan ta’minot uzilsa, 70 kunga yetadi. Hindistonda ham vaziyat shunga o‘xshash: mamlakatning kunlik 5 million barrellik ehtiyojini qondirish uchun 175 million barrellik strategik neft zaxirasi mavjud. Ushbu ehtiyojning 45 foizi Ho‘rmuz orqali qoplanadi. Indoneziya Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishiga 160 kun davomida bardosh bera oladigan resurslarga ega. Katta strategik zaxiralari bor Yaponiya esa Ho‘rmuz orqali keladigan yuklarsiz 200 kun atrofida jon saqlay oladi.    

Ajablanarlisi shundaki, Xitoy Ho‘rmuz orqali ta’minot to‘xtagan taqdirda 300 kunga, import butunlay uzilganda esa 100 kundan ortiq vaqtga chidashi mumkin. Bunga mamlakatning 1,3 milliard barrellik strategik neft zaxirasi imkon beradi. Vaholanki, Xitoy import qiladigan kunlik 11 million barrel neftning 45 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.

 «Xitoy Yaqin Sharqqa qaramlikni ongli ravishda 50 foiz atrofida cheklab qo‘ydi va neft manbalarini diversifikatsiya qilish, quvur orqali gaz yetkazib berish, ichki ishlab chiqarish hamda yirik zaxiralar hisobiga kuchli «himoya qatlami»ni yaratdi», — deydi «Jefferies» tahlilchisi Lloyd Bern.

Xo‘sh, bu davlatlar yuzaga kelgan ehtiyojni qanday qoplaydi?

Xalqaro energetika agentligi kelgusi bir necha oy ichida zaxiradan 400 million barrel neft chiqarish orqali vaziyatni biroz bo‘lsa-da yumshatishni rejalashtirmoqda. Ammo buning o‘zi kamomadni to‘ldira olmaydi, aksincha, muammoni vaqtincha kechiktiradi, xolos (chunki ishlatilgan zaxiralarni baribir qayta to‘ldirishga to‘g‘ri keladi).

Iste’mol talabini kamaytirish ham ma’lum darajada yordam berishi mumkin. Masalan, Viyetnamda aholiga masofadan ishlash tavsiya etildi. Tailandda esa lift o‘rniga zinapoyadan foydalanish bo‘yicha davlat xizmatchilariga ko‘rsatma berildi. Shri-Lanka hukumati to‘rt kunlik ish haftasini joriy qildi.

Yanada samaraliroq yo‘l — energiya manbalarini diversifikatsiya qilish. Janubiy Koreya ko‘mirda ishlovchi elektr stansiyalaridan bosqichma-bosqich voz kechish rejasini vaqtincha to‘xtatdi va ehtiyojni qoplash uchun yadroviy reaktorlar quvvatini oshirishga qaror qildi.

Xitoy ham ko‘mirdan foydalanish hajmini oshirish uchun yetarli imkoniyatlarga ega. «Bernstein Research» tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning ko‘mir stansiyalari hozirda o‘z salohiyatining atigi yarmi darajasida ishlamoqda. Qolaversa, Xitoy shamol va quyosh energiyasini faol rivojlantiryapti: joriy yilda qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya hajmi taxminan 500 teravatt-soatga ko‘payadi. Bu juda muhim burilish nuqtasi. Sababi, Xitoy energiyaga bo‘lgan talabning o‘sish sur’atidan ham ko‘proq qayta tiklanuvchi quvvatlarni ishga tushirmoqda. Bu esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar tufayli yetkazib berilmayotgan neft va suyultirilgan tabiiy gaz o‘rnini bosishga katta yordam beradi.

Vaqt o‘tishi bilan vaziyat yumshaydi. «Energy Aspects» konsalting kompaniyasi ekspertlarining fikricha, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi AQSHga aloqador tankerlar uchun yopilib qolgan taqdirda ham, Eron yil oxirigacha kuniga 3 million barrel neft eksport qilish darajasiga qaytishi mumkin. Keyingi 18 oy ichida esa Venesuela qazib olish hajmini kuniga 1 million barrelga oshirib, umumiy ko‘rsatkichni 1,3 million barrelga yetkazishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, AQSHda neft qazib oluvchilar to‘xtatib qo‘yilgan burg‘ilash qurilmalarini qayta ishga tushira boshladi. O‘tgan haftada 2 ta yangi qurilma qo‘shilishi bilan ularning umumiy soni 553 taga yetdi. Garchi bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 39 taga kam bo‘lsa-da, o‘sish borligi aniq. Hozirda kuniga rekord darajada — 13,6 million barrel neft qazib olayotgan Amerika kompaniyalari yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 14 millionga yetkazishi kutilmoqda.

 

Teglar

Mavzuga oid

Neft zaxiralarining tugash xavfi: AQSH va Xitoy xavfsiz, ammo boshqalarni yoqilg‘i kollapsi kutmoqda | Vaqt.uz