
Olimlar inson jismoniy holatining eng yuqori cho‘qqisini aniqladi
Ko‘p yillik ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra, inson jismoniy imkoniyatlari ma’lum bir yoshda eng yuqori cho‘qqiga chiqadi, keyin esa asta-sekin pasayishni boshlaydi.

Insonning jismoniy imkoniyatlari — chidamlilik, kuch va mushak faolligi taxminan 35 yoshga kelib maksimal darajaga yetadi. Shundan so‘ng ular bosqichma-bosqich pasaya boshlaydi. Bunday xulosaga olimlar ko‘p yillik kompleks tadqiqot natijalari asosida keldi, deb yozmoqda Independent.
Tadqiqotga ko‘ra, 35 yoshdan keyin mashg‘ulot darajasidan qat’i nazar, jismoniy ko‘rsatkichlar pasayishi kuzatiladi. Yosh o‘tishi bilan bu jarayon tezlashib, kelajakda insonning mustaqil hayot kechirish qobiliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ilgari bunday xulosalar alohida yosh guruhlarini qamrab olgan parchalangan tadqiqotlarga asoslangan edi.
Yangi tadqiqot Shvetsiyada o‘tkazilgan bo‘lib, o‘zining 47 yil davom etganligi bilan ajralib turadi. Olimlar 1958 yilda tug‘ilgan 400 nafardan ortiq erkak va ayolni 16 yoshdan 63 yoshgacha kuzatib borishgan. Bu davrda ishtirokchilarning jismoniy holati va kuch ko‘rsatkichlari muntazam baholangan.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 63 yoshga kelib insonning umumiy jismoniy salohiyati o‘rtacha 30–48 foizga pasayadi. Qizig‘i shundaki, bu ko‘rsatkichlar erkaklar va ayollar o‘rtasida deyarli farq qilmagan. Olimlar bu holatni tabiiy fiziologik jarayon sifatida baholamoqda.
Shu bilan birga, tadqiqot jismoniy faollikning har qanday yoshda foyda berishini ham tasdiqladi. Katta yoshda harakatli hayot tarzini boshlagan ishtirokchilar o‘z ko‘rsatkichlarini 5–10 foizga yaxshilay olgan.
Tadqiqot yetakchi muallifi Mariya Vesterstolning ta’kidlashicha, jismoniy faollik pasayish jarayonini to‘liq to‘xtatmasa-da, uni sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin.
Olimlar kelgusida ham kuzatuvlarni davom ettirib, yoshga bog‘liq o‘zgarishlar mexanizmlarini yanada chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda.





