
Olmosdan 10 ming karra noyob tosh: u faqat Turkiyada qazib olinadi
Anatoliya qa’rida qazib olinadigan diaspor toshi dunyodagi eng nodir va qimmatbaho minerallardan biri bo‘lib, u faqat Turkiya hududida uchraydi.

Qimmatbaho toshlar dunyosida nodir deganda odatda olmos, yoqut yoki zumrad tilga olinadi. Biroq mutaxassislar ta’kidlashicha, diaspor deb ataladigan mineral ushbu mashhur toshlardan ham ancha noyob hisoblanadi. Ayrim baholashlarga ko‘ra, diaspor olmosdan taxminan 10 ming karra kam uchraydi va u dunyoda faqat bitta hududda — Turkiyaning Bofa ko‘li bilan Milas oralig‘idagi boksit konlarida qazib olinadi, deb yozmoqda Onedio.com nashri.

Diasporning shakllanishi 60–100 mln yil oldin boksit qatlamlari ichida sodir bo‘lgan. Uning shaffof va rang o‘zgartirish xususiyatiga ega kristallari ilk bor o‘tgan asrning 1970-yillarida aniqlangan. Kon maydoni katta bo‘lsa-da, zeb-ziynat sifatida ishlatishga yaroqli diaspor faqat cheklangan hududdan olinadi, bu esa uni yanada qimmatli qiladi.
Ushbu toshni boshqalaridan ajratib turadigan asosiy jihat — yorug‘likka qarab rangi o‘zgarishidir. Kunduzgi oq yorug‘likda diaspor zaytun yashili tusda namoyon bo‘lsa, issiq yoki sham yorug‘ligida u pushti va qizg‘ish tuslarga kiradi. Mutaxassislar bu xususiyatni tabiiy «tus o‘yini» deb atashadi.
Biroq har bir qazib olingan diaspor kristali zeb-ziynat sifatiga mos kelavermaydi. Aksariyat toshlar juda ingichka yoki yupqa bo‘ladi. Faqat ma’lum qalinlik va shaffoflikka ega bo‘lganlargina qayta ishlanadi. Shu bilan birga, diasporning mo‘rt tuzilishi uni kesish va sayqallashda yuqori mahorat talab qiladi.
Mutaxassislar bozorda uchraydigan sun’iy diasporlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda. Haqiqiy toshda rang o‘tishi juda yumshoq va tabiiy bo‘ladi. Bugun diaspor AQSHdan tortib Xitoy va Yevropa bozorlarigacha eksport qilinib, Turkiyaning noyob tabiiy boyligi sifatida xalqaro zeb-ziynat sanoatida yuqori baholanmoqda.





