Oltin 6000 dollargacha? Tahlilchilar qimmatbaho metallning kelajagi borasida bahslashyapti
Ayrim analitiklar oltin unsiyasi narxi 6000 dollargacha ko‘tarilishini prognoz qilar ekan, boshqalar investorlarni uzoq davom etuvchi volatillik davri haqida ogohlantirmoqda.

2026 yil boshidan beri oltin narxlari dinamikasi o‘ta yuqori volatillikni (o‘zgaruvchanlik) namoyon etmoqda. 26-yanvar kuni 5000 dollar psixologik chegarasini tarixiy ravishda yorib o‘tib, o‘tgan oy oxirida 5600 dollardan yuqori cho‘qqiga chiqqanidan so‘ng, qimmatbaho metall kotirovkalari korreksiya bosqichiga o‘tdi. Shunga qaramay, qisqa muddatli keskin pasayish faol tiklanish bosqichi bilan almashdi, deb yozadi «MarketWatch».
Ayrim tahlilchilar 2026 yil oxirigacha oltin narxi unsiyasi uchun 6000 dollargacha o‘sishini kutmoqda. Bu esa joriy ko‘rsatkichlarga nisbatan 22 foizlik o‘sishni anglatadi.
«18-fevral kungi savdolarda qimmatbaho metall narxi bir paytning o‘zida 1 foizdan ortiqka sakrab, avvalgi sessiyadagi haftalik minimumdan tiklandi», deb qayd etadi «Reuters».
Nashr vaqtiga kelib, spot oltin narxi 1,5 foizga oshib, unsiyasi 4953 dollarga yetdi. Kotirovkalardagi beqarorlik fonida «MarketWatch» besh nafar analitikning oltin kelajagi bo‘yicha prognozlarini e’lon qildi.
2026 yil oxirigacha oltinni nima kutmoqda?
«Midas Funds» portfel menejeri Tomas Uinmill fikricha, 2026 yil oxiriga borib oltin narxi unsiyasi uchun 6000 dollargacha (+22%) ko‘tarilishi mumkin. U o‘sish drayverlari sifatida jahon markaziy banklarining tizimli ravishda metall xarid qilishi va AQSH prezidenti ma’muriyati siyosatini ko‘rsatadi, bu esa, uning fikricha, oxir-oqibat dollar qadrsizlanishiga olib keladi. Uinmill bu omillar yangi psixologik chegarani ishonch bilan yengib o‘tishga imkon beradi, deb hisoblaydi.
«Global X» vitse-prezidenti Trevor Yeyts ham oltin narxining o‘sishi davom etishini kutmoqda. Uning fikricha, investorlar tomonidan mablag‘lar cheklangan darajada taqsimlanayotgani va global suveren qarz istiqbollarining yomonlashuvi sharoitida oltin bozori uzoq muddatli «buqalar» siklining dastlabki bosqichida turibdi. Yeyts bozor ishtirokchilariga oltin qazib oluvchi kompaniyalar aksiyalariga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi: ular tarixiy ma’lumotlarga nisbatan past baholangan va hatto metall narxi barqarorlashganda ham ustun o‘sish ko‘rsatishi mumkin.
«Alternative Options» kompaniyasining tadqiqot va texnologiyalar bo‘yicha direktori Jastin Karduell ham ehtiyotkor optimizm bildirmoqda.
«2026 yilning qolgan qismida oltin narxlari beqaror bo‘lib, har ikki tomonga keskin tebranishlar kuzatilishini kutyapman», – deydi u.
Biroq u vaqt o‘tishi bilan oltin narxi barqarorlashib, sekin-asta o‘sishni boshlashi mumkinligini istisno qilmaydi. Buni Karduell spekulyantlardan yirik institutsional investorlarga qiziqish o‘tishi bilan izohlaydi.
«Concurrent Wealth Management» asoschisi va moliyaviy maslahatchisi Preston D. Cherrining fikricha, «oltin narxlaridagi so‘nggi tebranishlar ichki va global darajadagi institutsional noaniqlik bilan bog‘liq». Uning aytishicha, siyosatga ishonch susaygan va makroiqtisodiy vaziyat beqaror ko‘ringan «ma’lum noaniqlik» davrlarida oltin odatda yutuqqa ega bo‘ladi. Agar 2026 yilda ham shu omillar ta’sir qilsa, metall narxlarida volatillik yuqori bo‘lishi mumkin. Cherri o‘sish davom etishi ehtimolini tan olsa-da, uning «shifti» 2025 yil rekordlaridan ancha past bo‘lishini ta’kidlaydi. U AQSHda yil o‘rtalarida o‘tadigan saylovlar arafasida «panoh aktivlar»ga mablag‘ oqimi susayishi mumkinligidan ham ogohlantiradi.
«Oltin dolzarb aktiv bo‘lib qolmoqda, ammo investorlar o‘tgan yilgi so‘lg‘insiz o‘sish emas, balki volatil dinamikani kutgani ma’qul», – deydi u.
«Flynn Zito Capital Management» kompaniyasining sertifikatlangan moliyaviy rejalashtirish mutaxassisi Rayan Xayss esa, «o‘tgan yil davomida kuzatilgan kuchli o‘sishdan keyin oltin narxlaridagi tebranishlar odatiy hol», deb hisoblaydi. Uning eslatishicha, metall dividend yoki pul oqimi yaratmaydi, shuning uchun uning narxi ko‘p jihatdan investorlar kayfiyati, foiz stavkalari, inflyatsion kutilmalar va umumiy bozor noaniqligiga bog‘liq.
Ma’lumot uchun, 2025 yil yakunlariga ko‘ra, oltin 65 foizga qimmatlashdi – bu 1979 yildan beri eng katta o‘sish bo‘ldi. 2026 yil boshidan buyon spot oltin qariyb 14 foizga o‘sdi. Joriy yil yanvar oyida maksimumda metall unsiyasi 5600 dollardan yuqori savdolangan bo‘lsa, minimumda taxminan 4300 dollar atrofida bo‘lgan.





